O‘zbekiston | 18:51 / 01.08.2022
36825
7 daqiqa o‘qiladi

«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni qayta ko‘rmaslik bo‘yicha qaror qabul qilingan

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis qonunchilik palatasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni Qonunchilik palatasining bundan buyongi ko‘rib chiqishidan olib tashlash bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bu haqda qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi ma’lumotiga asoslangan holda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi – Spiker Nurdinjon Ismoilov imzolagan qarorda (2022 yil 12 aprel №2027-IV-son):

“1. «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bundan buyongi ko‘rib chiqishidan olib tashlansin.

2. Ushbu Qaror ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin”, – deyiladi.

«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning «tug‘iliboq bo‘g‘ilgan» yangi tahriri haqida

Ko‘plab ziyolilar, o‘zbek tili fidoyilari 1989 yil 21 oktyabrda, O‘zbekiston hali sovet mustamlakasi paytida qabul qilingan va keyinchalik ayrim o‘zgartirishlar kiritilgan «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun juda bo‘sh va qo‘rqoqlik bilan ishlangani, unda hatto o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan yo berilmagani ochiq savol bo‘lib qolayotganini aytishadi.

Qonun nomukammalligini qo‘shni davlatlarning shunday qonunlari matni bilan tanishib chiqish asnosida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Jumladan, O‘zbekistonda davlat tili to‘g‘risidagi qonun 5 ming 187 belgidan iborat bo‘lsa, Qozog‘istonda 15 ming 13 belgi, Ozarboyjonda 12 ming, Turkmanistonda 15 ming 468, Qirg‘izistonda 14 ming 63, Tojikistonda 8 ming 600, Rossiya Federatsiyasining davlat tili to‘g‘risidagi qonuni 10 ming 158 belgidan iborat. Bunda Markaziy Osiyodagi eng «kichkina» qonun shu mintaqadagi eng katta davlatga tegishli bo‘lib chiqyapti.

Shuningdek, qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekani belgilangan.

Biroq adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov tili bilan aytganda, bu «qaltis» gap uchun keyingi moddada «uzr» so‘raladi:

«2-modda. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi».

Qonundagi bu kabi «mayinlik» va nomukammalliklar boshqa moddalarda ham davom etgan.

Shulardan kelib chiqqan holda, «Davlat tili haqida»gi qonunning Davlat tilini rivojlantirish departamenti va ko‘plab ziyolilar birga ishlagan yangi tahriri loyihasi 2020 yil 15 may kuni Vazirlar Mahkamasi nomidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgandi.

Biroq qonun loyihasini ko‘rib chiqish davomida uning tarixiy ahamiyatini anglamagan ayrim deputatlar loyihaning qator moddalariga qarshi bo‘lishdi va ushbu normalar loyihadan olib tashlandi.

2021 yil 24 may kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasi «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni bir qadar to‘mtoq bo‘lsa-da, nihoyat qabul qildi.

Qonun bir oy o‘tib, 26 iyun kuni endi Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida muhokama qilindi va ma’qullandi.

Shu bilan jarayonda hammasi bir tekis ketayotgan va qonun tezda kuchga kirishi kerakdek edi. Ammo shundan keyin deyarli bir yil vaqt o‘tsa-da, qonunning keyingi taqdiri va uning qayerda ekani noaniqligicha qolaverdi.

2021 yil 19 noyabrda AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida esa bu qonunning keyingi taqdiri nima bo‘lgani haqida Kun.uz muxbiri bergan savolga javoban, senatorlar qonun hali Senatga kelib tushmaganini aytib, «qovun tushirishdi». Holbuki qonun allaqachon Senatda ma’qullanib bo‘lgandi.

Qonunchilik palatasi yig‘ilishi qaroridan ko‘rinib turibdiki, Senat tomonidan ma’qullangan va prezidentga imzolash uchun yuborilgan qonun prezident tomonidan 2022 yil 25 martda yana Qonunchilik palatasiga qaytarilgan bo‘lgan.

«Ko‘rib chiqishdan olib tashlash» nimani bildiradi?

Qonunchilik palatasining 12 apreldagi qarorida «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bundan buyongi ko‘rib chiqishidan olib tashlanishi aytilgan. 

Xo‘sh, qarordagi «bundan buyongi ko‘rib chiqishidan olib tashlash» so‘zlari nimani anglatadi?

Deylik, prezident qonunni kamchiliklari uchun qaytarib yuborgan bo‘lsa, deputatlar nega o‘sha kamchiliklarni to‘g‘rilab qayta muhokama qilishmadi? Qonunning keyingi taqdiri-chi, nima bo‘ladi?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob olish uchun Qonunchilik palatasi spikerining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari Odil Tojiyev bilan bog‘landi.

Ammo Tojiyev o‘z izohida shunchaki «saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga qarang», – deyish bilan cheklandi. Biroq Qonunchilik palatasi bu haqda jamoatchilikka biror ma’lumot bermagan.

Qonunchilik palatasining shaxsi sir qolishi sharti bilan gapirgan boshqa bir deputati esa qonunning qabul qilinmay qolishini uning o‘ta siyosiy masalaligi va bu borada siyosiy ongda saqlanib qolayotgan qo‘rquv bilan izohladi.

«Ha, deputatlar biror qonun palataga qaytib kelarkan, uni qonun tashabbuskoriga qaytarib yuborishi yoki kamchiliklarini to‘g‘rilab, qayta ko‘rishi mumkin. Lekin rahbariyat uni shunchaki Vazirlar Mahkamasiga qaytarib yuborishni ma’qul ko‘rdi. Tinchini o‘yladi. 

O‘sha kuni bu masalada biror deputatga hatto gapirish imkoni berilmadi va qonun borasidagi muhokamalar 100 foiz ovoz bilan yopildi», – deydi manba.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, qonunchilikda «ko‘rib chiqishdan olib tashlash» degani o‘sha qonunning lozim topilsa, kamida 6 oydan keyin qayta muhokamaga kiritilishi mumkinligini anglatadi.

Demak, ayni paytda Vazirlar Mahkamasida bo‘lgan qonun (endi qonun deyish ahamiyatini yo‘qotgan) lozim topilsa, yana 6 oydan keyin qayta muhokamaga kiritilishi mumkin. 

Ilyos Safarov 
jurnalist

Mavzuga oid