Jahon | 17:55 / 07.08.2022
26566
11 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda «osmon jangi». Isroil va Falastin chegarasi yana notinch

Dunyo siyosatida katta hisob-kitob yiliga aylanib ketgan 2022 yilning deyarli har kuni biror nuqtadagi notinchlik bilan yodda qolmoqda. 6 avgustga o‘tar kechasi Yaqin Sharqning eng qaynoq nuqtasi bo‘lmish Isroil – Falastin chegarasida yana notinchlik yuzaga keldi.

Foto: Getty Images

Avvaliga Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi raketa zarbalari berish orqali «Islomiy jihod» guruhi qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan Taysir al-Jabriy yo‘q qilinganini xabar qildi. Uni Falastinda Abu Mahmud deb bilishgan. Raketa zarbasi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgan, ular orasida al-Jabriyning 5 yoshli qizi ham bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay «Islomiy jihod» guruhi o‘z yetakchilaridan bo‘lgan Taysir al-Jabriy halok bo‘lganini tasdiqladi va Isroilga qarshi urushish uchun odamlarini to‘plagani tasvirlangan videolar e’lon qildi. Kadrlarda guruh a’zolari Isroilga qarshi jihod qilishlarini aytishgan.

Falastindan javob zarbasi sifatida Isroil tomonga juda ko‘p raketalar uchirildi. «Islomiy jihod» guruhi birinchi javob to‘lqinida 100 dan ortiq raketa uchirganini xabar qildi. Isroil tomoni 160 dan ortiq raketa otilgani, ularning 130 tasi Isroil tomonga uchib o‘tgani, 60 tasi «Temir gubmaz» havo hujumidan mudofaa tizimlari yordamida urib tushirilganini ma’lum qildi.

O‘z qo‘mondoni o‘ldirilishiga javoban falastinliklar guruhi Isroilga 400 dan ortiq raketa uchirgan, ammo ularning katta qismi havo hujumidan mudofaa tizimi orqali to‘xtatilgan.
Foto: ANADOLU AGENCY

Isroil bunga javoban tezda aviatsiyani ishga soldi. Isroil qiruvchi samolyotlari G‘azo sektoridagi «Islomiy jihod» guruhiga tegishli ekani iddao qilingan obektlarga zarbalar berdi. Guruh a’zolari ekani aytilgan odamlarning uylariga ham zarba yo‘llangani kameralarga tushib qolgan. Shuningdek, G‘arbiy sohilda Isroil maxsus kuchlari jihodchilar guruhi a’zosi deb 20 kishini qo‘lga olgan.

Isroil birinchi tunda raketa zarbalariga yaxshi turib bergani aytildi, lekin aslida «Temir gubmaz» yetarlicha samarali ishlamagan, chunki Isroil hududiga uchib o‘tgan 130 ta raketaning faqat yarmi to‘sib qolingan, demak qolgan yarmi o‘tgan. Xususan, Ashkelon shahrining o‘ziga 20 ta raketa tushgani aytilmoqda, hatto odamlar zich yashaydigan kvartallarga ham raketa kelgan. Ashkelondan tarqalgan videolarga qaraganda raketalar keng hududga zarar yetkazmagan, faqat uzoqdan uchib kelgani hisobiga zarb kuchli bo‘lgan. Ya’ni raketalar juda kuchli portlashlar keltirib chiqarmagan.

Darvoqe, Isroil razvedkasi G‘azodan otilgan raketalarning videosini e’lon qilib, bir detalga e’tibor qaratgan. Unda baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan chiqqan bitta raketa yetarli balandlikka yetib bormay yerga qulagani ko‘ringan. Isroil armiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, raketa G‘azodagi Jabali shahriga qulagan va oqibatda bolalar halok bo‘lgan.

Raketa zarbalari oqibatida Isroilda hech kim halok bo‘lmagani aytildi, lekin ko‘plab uylar vayron bo‘lgan. Ashkelon meri shahardagi tibbiyot birlashmalari to‘xtovsiz bemorlarni qabul qilishini ma’lum qildi, raketa zarbasi vaqtida yashirinish mumkin bo‘lgan bino egalaridan eshiklarni qulflab qo‘ymaslikni so‘radi. Mamlakatning markaziy va janubiy hududlarida, xususan, poytaxt Tel-Avivda trevoga sirenalari chalindi, barcha bombapanalar ochib qo‘yildi.

G‘azodan kelgan xabarlarga ko‘ra, qurbonlar orasida guruh a’zolari ham, tinch aholi vakillari ham bor. Foto: Reuters

Isroil nega zarba berdi?

Bu galgi notinchlik Isroil armiyasining G‘azoga zarbalaridan keyin boshlandi. Isroil armiyasi raketa zarbalari «Islomiy jihod» guruhining tahdidlaridan keyin yo‘llangan. Isroil armiyasi qo‘mondonligi Tvitterdagi sahifasida zarbalar aynan «Islomiy jihod» guruhiga qaratilganini ma’lum qildi.

BBC muxbiri xabar berishicha, Isroil armiyasi zarbalar berishidan avval G‘azo sektoriga yaqin joyda nazorat postlari soni ko‘paytirilgan. Isroil e’lon qilgan harbiy amaliyotdan avval mamlakat mudofaa vaziri Benni Gans shunday chiqish qilgandi: «Dushmanlarimizga, ayniqsa, HAMAS va «Islomiy jihod» guruhiga ularning davri o‘tgani, tahdidlar har qanaqasiga bartaraf etilishini aytmoqchiman».

Isroilda siyosatchilar birin-ketin chiqishlar qila boshlashdi, mamlakat bosh vaziri Yair Lapid Isroil uzoq muddat davom etadigan urushni istamasligi, ammo bunga tayyorligini bildirdi. Safarbarlik e’lon qilinib 25 ming nafar zaxiradagi harbiylar armiya safiga qaytarildi.

«Islomiy jihod» guruhining yangi yetakchisi bo‘lmish Ziyod al-Nahal Eron poytaxti Tehronda matbuot anjumani o‘tkazib, guruh Isroilga javob berishi, bu jangda falastinliklar g‘olib bo‘lishini aytdi.

Isroil bosh vaziri Yair Lapid esa guruh yetakchisi G‘azoga zarba berilganda Eronda bo‘lganiga e’tibor qaratgan.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbari Husayn Salomiy bu borada «Islomiy jihod» guruhini qo‘llashini ma’lum qildi. «Biz bu yo‘lda oxirigacha siz bilanmiz», dedi general.

«Islomiy jihod» - Yaqin Sharqdagi eng ta’sirli guruhlardan biri. Foto: EPA

Shtab-kvartirasi Damashqda bo‘lgan «Islomiy jihod» guruhi Yaqin Sharqdagi nomi chiqqan jangari guruhlardan biri hisoblanadi. 1 avgust guruh yetakchisi Bassem Saadi qo‘lga olingach, Isroil G‘azoga yaqin bo‘lgan joylarga xavfsizlik choralarini kuchaytirgandi. Isroil armiyasi hatto odamlarni hujum xavfidan ogohlantirgan.

«Islomiy jihod» guruhi oxirgi bor 2019 yil faollashib qolgan va o‘shanda Isroil bilan jiddiy to‘qnashuvlar kuzatilgandi. O‘shanda Isroil armiyasi guruh yetakchilaridan bo‘lgan Baxa abu al-Ata o‘ldirgandi. Bunga javoban guruh 1300 ta raketa otgan. «Temir gubmaz» ularning 400 tasinigina qaytarib qola oladi. Raketa zarbalari oqibatida Isroilda 6 kishi halok bo‘lib, 70 kishi yaralanadi.

Ikkinchi kun ham tinch o‘tmadi

Isroilning «maxsus amaliyoti», «Islomiy jihod» guruhining qasosi ikkinchi kuni ham davom etdi. 7 avgustga o‘tar kechasi ham otishmalar kuzatildi. Isroil G‘azo sektoriga bergan zarbalari oqibatida «Islomiy jihod» guruhining yana bir yuqori mansabli vakili Xolid Mansur vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Isroil mudofaa vaziri Benni Gans mamlakat armiyasining «Tongda» operatsiyasi davom etishi, undan maqsad Isroil janubiga xavf tug‘dirayotgan xatarlarni bartaraf etish ekanini aytdi.

Gans Isroil armiyasi «Islomiy jihod» guruhining raketa tayyorlovchi va zarba beruvchi obektlariga zarba berganini aytdi. Isroil tomoni ma’lumotiga ko‘ra, G‘azodagi 26 ta nishonni yo‘q qilish uchun harbiy aviatsiya 16 tonna raketa va aviabomba sarflagan. Bunga javoban G‘azodan Isroil tomonga 200 tadan ortiq raketa otilgan.

Kim kim tomonda?

Voqealar keskinlashuvi fonida mamlakatlar mojaroda kimni qo‘llashi borasida munosabat bildira boshladi. Bu borada asosiy arab davlati Saudiyaning munosabati ayniqsa qiziq edi. Oxirgi vaqtlarda Isroil bilan munosabatlar o‘rnatayotgan bo‘lsa-da, Saudiya G‘azoga raketa zarbalari berilishini qoraladi. Eron hamma yerda bo‘lgani kabi bu mojaroda ham Isroilga qarshi bo‘ldi. Odatda Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojarolarda vositachi bo‘ladigan Misr bu gal ham tomonlarni xotirjam bo‘lishga chaqirdi.

BMT doimgidek bo‘lib o‘tayotgan voqealardan «qattiq xavotirda» ekanini ma’lum qilishdan nariga o‘tmadi. Yevropa kengashi ham voqealardan xavotirdaligini bildirib, Isroil o‘z fuqarolarini himoya qilishga haqli ekanini qo‘shimcha qildi. Britaniya tashqi ishlar vaziri va bosh vazirlikka asosiy nomzod Liz Trass mamlakat ushbu holatda Isroilni qo‘llashini aytdi. Fransiya tomonlarni xotirjamlikka chaqirib, to‘qnashuvlar kattalashib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma’lum qildi. Faranglar Isroil hududiga berilgan zarbalarni qoralagan, Isroilning o‘zi bergan zarbalarga esa munosabat bildirmagan. AQSh ham Isroil o‘z hududini himoya qilishga haqli ekanini ma’lum qildi. Arab davlatlari ligasi Isroiling «G‘azodagi tajovuzi»ni keskin qoraladi.

HAMASning pozitsiyasi qanday?

Amalda hali to‘liq tuzilmaga ham ega bo‘lmagan Falastin davlatini harbiy jihatdan nazorat qiluvchi HAMAS mintaqadagi asosiy qurolli kuch hisoblanadi. Guruh hali o‘z raketalarini ombordan chiqargani yo‘q. HAMAS g‘oyaviy jihatdan «Islomiy jihod» bilan bitta yo‘nalishda, ikki tomon ham Isroilga dushman kayfiyatda, ular odatda harakatlarini kelishib amalga oshiradi.

Hozircha Isroil tomoni HAMAS obektlariga zarba bergani yo‘q, guruh Isroilga qarshi kuchlar bitta maqsadda birlashishini aytgan bo‘lsa-da, hali janglarga qo‘shilmadi. Lekin falastinliklar orasida qurbonlar soni ko‘payib ketsa, HAMAS ham vaziyatga aralashishi mumkin. Bu guruh «Islomiy jihod»dan farqli o‘laroq tezda keskin pozitsiyani egallab hujumga zo‘r beradi.

Buni Falastin va Isroil to‘qnashuvi deyish mumkinmi?

Ikki kundan buyon to‘xtamayotgan otishmalar Isroil va Falastin o‘rtasida emas, Isroil va G‘azo o‘rtasida kechmoqda deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki mojaroda Isroil tomondan barcha katta siyosiy kuchlar aralashmoqda, Falastin tomondan esa «Islomiy jihod» va HAMAS vakillari matbuot uchun ma’lumotlar bermoqda. Ya’ni Falastin siyosiy kuchlari chekkada turgandek. Masalan, Eronga qo‘llab-quvvatlov uchun Mahmud Abbos emas, jihodchilar yetakchisi minnatdorchilik bildirmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni damda tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. Katta ehtimol bilan Falastin tomondan muzokaralarda Misr razvedkasi vakillari ham qatnashyapti. Ekspertlar HAMAS aralashmasa, eskalatsiya tez barham topishini taxmin qilmoqda.

Mavzuga oid