«Anqara Ukraina tomonda» – Erdo‘g‘an, Zelenskiy va Guterrish Lvivda nimalarni gaplashdi?
18 avgust kuni Ukraina g‘arbidagi eng xavfsiz viloyatlardan biri bo‘lib qolayotgan Lvivda katta diplomatik uchrashuv o‘tkazildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiya yetakchisi Rajab Erdo‘g‘an va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni qabul qildi. Uch tomonlama uchrashuvda asosiy masala Ukraina – Rossiya muzokaralari hamda Zaporijjya AES atrofidagi keskinlik bo‘ldi.
«Anqara Ukraina tomonda»
Siyosatchilarning qo‘shma matbuot anjumanida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an «Anqara Ukraina tomonda» bo‘lishini aytdi. Turkiya NATOning boshqa a’zolaridan farqli o‘laroq Rossiya bilan aloqalarni uzgani yo‘q, iqtisodiy sanksiyalarga ham qo‘shilmadi. Ammo Ukrainaga qarshi agressiyani qoralab, rus kemalari uchun Qora dengizdagi bo‘g‘ozlarni yopib qo‘ydi. Anqara urush holatida bunday qilishga haqli.
Anjumanda Erdo‘g‘an ham, Guterrish ham muzokaralarning zarurligini ta’kidlashdi. Ukraina prezidenti esa Rossiya bilan faqat ruslar egallab olgan joylaridan chiqib ketsagina muzokara o‘tkazish mumkinligini aytdi. Erdo‘g‘an tez fursatda asirlarni almashish bo‘yicha Rossiya prezidenti bilan kelishishga urinib ko‘rishga tayyor ekanini aytdi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Lvivdagi uchrashuv yakunlarini Putin bilan muhokama qilishini ta’kidladi.
Anjumanda yana bir yangilik aytildi. Ukrain OAVlarining yozishicha, BMT bosh kotibi Olenivka qamoqxonasidagi portlashni o‘rganish missiyasiga braziliyalik general rahbarlik qilishini aytgan.
Guterrish bilan nimalarni gaplashishdi?
Zelenskiy va Guterrish deyarli kun davomida turli ko‘rinishda muloqotlar o‘tkazdi. Avvaliga Zelenskiy Telegram-kanalida BMT bosh kotibi bilan uchrashgani haqida yozdi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi. Keyinchalik Zelenskiy va bosh kotib Ukraina donini olib chiqish masalasini muhokama qilgani ma’lum bo‘ldi.
22 iyul kuni Istanbulda BMT tashabbusi bilan Ukrainada to‘planib qolgan donni uchta port, xususan Odessadagi port orqali olib chiqishni tiklash borasida kelishuv imzolandi. Ukraina don yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan hisoblanadi va urush sabab 22 million tonnadan ortiq tayyor don eksport qilinmay qolayotgan, bu dunyodagi oziq-ovqat zanjiriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandi.
Istanbuldagi kelishuvda vositachilar ikkita shartnoma imzolashdi: Rossiya bilan alohida, Ukraina bilan alohida. Shundan keyin Ukrainadan don mahsulotlari eksporti tiklandi. 18 avgust holatiga ko‘ra Ukraina portlaridan don ortilgan 25 ta kema suzib ketgan. Guterrish BMT qishda don ortilgan yanada ko‘proq kemalar dengizga chiqishiga yordam berishini aytdi.
Ukraina prezidentining yozishicha, Guterrish bilan ukrainaliklarning noqonuniy va majburiy deportatsiya qilinishi, ukraina harbiylar va tibbiyot xodimlarini asirlikdan ozod qilish masalasini gaplashgan.
Zelenskiy muloqot davomida asosiy e’tibor «Rossiyaning Zaporijjya AESida qilayotgan yadroviy shantaji»ga qaratilganini yozdi. «Agressor bilib turib amalga oshirayotgan bu terror global miqyosda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sabab BMT bu strategik obekt xavfsizligini, AESdan qurollar va rus askarlari olib chiqib ketilishini ta’minlashi shart», deb yozdi Zelenskiy o‘zaro uchrashuv haqida.
Zelenskiyning rasmiy saytida yozilishicha, u BMT bosh kotibi bilan Xalqaro atom energiyasi agentligi missiyasi Zaporijjya AESiga kirishi tartibini muhokama qilib, xalqaro missiya bosqinchilar nazoratida bo‘lmagan Ukrainaning ozod hududi orqali amalga oshirilishi kerak ekanini ta’kidlagan. Rossiyaning TASS axborot agentligi Guterrish bu kelishuvga rozi bo‘lganini yozdi.
Avvalroq bu masalada munosabat bildirgan Rossiya tomoni Xalqaro atom energiyasi agentligi vakillari front chizig‘ini kesib o‘tadigan bo‘lsa, ularning xavfsizligini ta’minlay olmasliklarini aytgandi.
Rossiya tomoni Ukraina AESni o‘qqa tutayotganini iddao qilib keladi, ukrainlar esa ruslar bosib olgan shaharlarida joylashgan AESni o‘zlari o‘qqa tutayotgani, shu tariqa Ukrainani AESdagi energiyadan uzib qo‘yishga asos qidirishayotganini bildirgan.
Zelenskiy Lvivda Turkiya prezidenti va BMT bosh kotibini qabul qilgan kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Zaporijjya AES atrofini demilitarizatsiya qilish imkonsiz ekani, bu vaziyatni yanada yomonlashtirishini aytdi. 18 avgust tongida esa Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Guterrish va Erdo‘g‘anning tashrifi vaqtida go‘yoki AESga o‘t ochib provokatsiya qilishi haqida yozgandi.
Erdo‘g‘an bilan nimani gaplashishdi?
Zelenskiy Erdo‘g‘an bilan muloqot haqida ham taxminan yuqoridagi gaplarni yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra turkiyalik hamkasbi bilan «donni olib chiqish jarayonini soddalashtirish», «Rossiyaning ukrain donini yoppasiga o‘g‘irlayotgani», shuningdek, «Rossiyaning Zaporijjya AESdagi yadroviy shantaji» haqida gaplashgan.
Zelenskiy Erdo‘g‘an bilan harbiy hamkorlik masalasida ham gaplashganini ta’kidladi, ammo aynan qanday ko‘rinishda ekaniga oydinlik kiritmadi. Avvalroq Turkiyaning «Baykar» kompaniyasi «Bayraktar» dronlarini Ukrainaga ham ishlab chiqarishi mumkinligi aytilgandi. Zelenskiy Turkiya prezidentining mamlakatga tashrifi «qudratli davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlovni ifodalashi»ni aytdi.
Tashrifdan avval turk nashrlari go‘yoki Putin Erdo‘g‘anga o‘zaro uchrashuv vaqtida Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini aytgani, Turkiya yetakchisi Lvivdagi uchrashuvda bu taklifni Zelenskiyga yetkazishi haqida yozishgandi. Turkiya urush boshlanganidan buyon Rossiya va Ukraina muzokaralarida vositachi sifatida ishtirok etishga tayyorligini aytib keladi.
BBC muxbirining xabar qilishicha, Lvivdagi Pototskix saroyida o‘tkazilgan uchrashuvda 100 dan ortiq jurnalistlar ishtirok etgan. Saroyga olib boradigan kvartallar yopilgan, shaharda juda ko‘p turk raqamlari taqilgan mashinalar ko‘rinish bergan. Erdo‘g‘an Turkiyadan Polshagacha samolyotda, u yerdan Lvivgacha mashinada borgan.
Putin bilan uchrashuvdan keyin
Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Putin bilan ikki hafta avval Sochida, oldinroq, 19 iyul kuni esa Tehronda ko‘rishgan edi. Eronda davom etgan 4 soatlik uchrashuvda tomonlar rus gazi uchun to‘lovni rublda amalga oshirish, Rossiya doni uchun korridor tashkil qilish borasida boshlang‘ich kelishuvga erishgandi.
Ukrainaga esa Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an urush boshlanganidan keyin ilk marta tashrif buyurdi. Urush boshlanishidan bir necha kun avval Kiyevda bo‘lgan Erdo‘g‘an «Yashasin Ukraina» deb aytgan va Ukrainani qo‘llashini bildirgandi.
BMT bosh kotibi esa 26 aprel kuni Moskvada Putin bilan uchrashgan, keyin Kiyevga borgan edi. Alohida uchrashuvlardan keyin Lvivda uch tomonlama uchrashuv boshlandi. Yopiq tarzda o‘tgan Zelenskiy, Erdo‘g‘an va Guterrish o‘rtasidagi uchrashuv 40 daqiqa davom etgan.
Uchrashuvdan keyin Erdo‘g‘an Putin bilan avvalo asirlarni almashish masalasida kelishishga intilishini aytdi. Turkiya va Ukraina o‘rtasida urushdan keyin ukrain shaharlarini tiklashda Anqaraning ishtiroki borasida memorandum imzolandi. Hujjatni Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov va Turkiya savdo vaziri Mehmed Mush imzoladi. Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya tiklash ishlarining birinchi bosqichida Bucha va Irpenni Kiyev bilan bog‘lovchi Romanovka qishlog‘idagi ko‘prikni tiklab beradi.
Mavzuga oid
17:58 / 11.11.2024
Britaniya va Fransiya Baydenni Ukraina Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga ruxsat berishga ko‘ndirmoqchi
09:00 / 11.11.2024
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19 / 11.11.2024
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
21:05 / 10.11.2024