O‘zbekiston | 23:53 / 02.10.2022
12488
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda konda avtoag‘dargich yonib ketdi. Haydovchi halok bo‘lgan

Foto: Navoiy kon-metallurgiya kombinati

Harakatdagi BelAZ rusumli avtoag‘dargichning old chap qismida yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda avtoag‘dargich haydovchisi kuyish tan jarohati bilan kasalxonada vafot etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, “Markaziy Amantoy” konida tog‘ jinslarini to‘kish uchun harakatlanayotgan vaqtida BelAZ rusumli og‘ir yuk ko‘taruvchi karer avtoag‘dargichining old chap qismida yong‘in kelib chiqqan. Buning oqibatida kuyish tan jarohatini olgan haydovchi kasalxonaga yetkazilgan. Biroq shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy yordam va muolajalarga qaramasdan, haydovchi vafot etgan.

“Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan maxsus tekshirish komissiyasi tuzilgan. Komissiya tomonidan oqibati o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilamiz. O‘rganish natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot e’lon qilinadi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Mavzuga oid