Toshkent havo iflosligi bo‘yicha dunyoda 1-o‘ringa chiqdi
17 oktyabr oqshomida Toshkent shahri havoning iflosligi bo‘yicha IQAir reytingida Dehlini ham ortda qoldirib, dunyoda 1-o‘ringa chiqdi. Bu – son-sanoqsiz daraxtkesarliklar, pala-partish qurilishlar va sifatli jamoat transporti yo‘qligi sabab shaharda avtomobillar ko‘payib borayotgani fonida yuz bermoqda.
Bugun, 17 oktyabr oqshomida Toshkent atmosfera havosining ifloslangani bo‘yicha dunyoning yirik shaharlari orasida 1-o‘rinni egalladi. Bu boradagi onlayn indeksni IQAir portalida ko‘rish mumkin.
“O‘zgidromet” stansiyalari qayd etib boruvchi ko‘rsatkichlarga asoslanuvchi IQAir portaliga ko‘ra, soat 20:30 atrofida Toshkent havosida mayda PM-2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 212 mkg/m3ni tashkil etgan – bu “juda zararli” tasnifidagi ko‘rsatkich bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yordan 42,4 barobarga ko‘pdir.
JSSTga ko‘ra, havo ifloslanishi ko‘rsatkichlari orasida salomatlik uchun eng katta xavf tug‘diradigani aynan PM-2,5 dispers zarralaridir.
“O‘zgidromet” soat 17:15 da e’lon qilgan ogohlantirishida soat 18:00 dan 23:00 gacha Toshkent shahri atmosfera havosi mayda chang zarrachalari bilan ifloslanishi kuchayishini ma’lum qilgan, bunga uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning bo‘lmagani va havo haroratining inversiyasi sababligini qayd etgandi.
Sinoptiklar Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga kuchli havo ifloslanishi sharoiti uchun quyidagi tavsiyalarni berdi:
- Imkoni boricha, uydan chiqmaslikka harakat qilish kerak.
- Ko‘chada bo‘lganda, albatta tibbiy niqob taqish va uni har bir soatda almashtirish lozim.
- Nafas qaytishi, burun bitishi, aksa urish, tumov, ko‘zlar qizarishi va qichishishi, tomoqda qattiq qichishish, yo‘tal paydo bo‘lganda zudlik bilan allergolog shifokorga murojaat qilish lozim.
- Tuzli eritmada burun va tomoqni chayish, oynalarni yopiq holatda saqlash, oynalar oldida ho‘l sochiqlarni yoyib qo‘yish tavsiya etiladi.
“O‘zgidromet” atmosfera havosining ifloslanishi dolzarb muammoga aylanib borayotganini ta’kidlab bayonot chiqardi.
“Uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning yo‘qligi, kuchsiz shamollar, haroratning inversiyasi atmosfera havosining turg‘unligiga imkon beradi, bu esa ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishi uchun sharoit yaratadi.
Respublikamizda havoning chang bilan ifloslanishi nafaqat tabiiy xususiyatlar (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar), balki antropogen ifloslanish (avtomobil chiqindilari, sanoat, qurilish, issiqlik elektr stansiyalari) bilan ham bog‘liq.
Shahardagi atmosfera bo‘shlig‘ining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, shuningdek, daraxtlarni kesish, maysazorlar va magistral yo‘llarning keng ko‘lamda sug‘orilishining mavjud emasligi – bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklanishga, havoning yuqori ifloslanishiga olib keladi.
Oxirgi kunlarda kechki va tungi vaqtda Toshkent shahrida havoning yuqori darajada ifloslanishi kuzatilmoqda. Harorat inversiyasi tufayli kechqurun havo haroratining keskin pasayishi atmosfera havosining turg‘unligiga imkon beradi, havoda ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishi uchun sharoit yaratadi”, – deyiladi O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazi axborotida.
Ma’lum qilinishicha, bundan ikki kun oldin – 15 oktabr soat 23:00 da 170C havo haroratida RM2,5 mayda dispersli zarralar konsentratsiyasi 62 mkg/m3 ni tashkil etgan. Harorat ko‘tarilishi bilan havoning ifloslanishi kamayadi.
“Shaharda uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilik kamligi va katta antropogen yuk tufayli avtomobil yo‘llariga suv sepish va tozalash, qurilish obektlarida changni kamaytirish choralariga, chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish masalalariga ko‘proq e’tibor qaratish lozim. Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash maqsadida shaharni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha ko‘proq tadbirlar amalga oshirilishi kerak”, – deyiladi sinoptiklar axborotida.
Toshkent shahrida havoning RM2.5/RM10 mayda dispersli zarrachalar bilan ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi ma’lumot “O‘zgidromet”ning monitoring.meteo.uz va xalqaro IQAir saytida e’lon qilib boriladi.
Mavzuga oid
19:25 / 31.10.2024
Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi yana oshirildi
07:30 / 31.10.2024
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:00 / 23.10.2024