O‘zbekiston | 11:09 / 13.11.2022
42327
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi elektr va gaz ta’minotidagi cheklovlarga izoh berdi

Vazirlik elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni to‘g‘ri tushunishga chaqirdi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati kunlar keskin soviy boshlagandan so‘ng iste’molchilarning elektr energiyasi va gazga bo‘lgan talabi ham ortib borayotgani, shuningdek, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimi ham keskin pasayishi kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borayotgani, bu esa, o‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi pasayishiga olib kelayotgani ta’kidlangan.

Shunday hollarda elektr energiyasini ishlab chiqarish obektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, transformator punktlari hamda podstansiyalarda yuklamalar ortishi natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarning oldini olish maqsadida respublikaning ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar kiritishga majbur bo‘linmoqda.

Xuddi shuningdek, ayrim hududlardagi aholi iste’molchilarida tabiiy gaz bosimining pasayishi ham kuzatilmoqda. Hozirgi paytda barcha yoqilg‘i-energetika obektlarida maxsus navbatchilik shtablari tashkil etilgan bo‘lib, mutaxassislar tomonidan yuzaga kelgan ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

«Fursatdan foydalanib, iste’molchilardan ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan holda, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarning oldini olish hamda energiya resurslari barqarorligini ta’minlash maqsadida, imkon qadar ushbu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishlarini eslatib o‘tamiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid