Ukraina bo‘ylab yangi raketa zarbalari: raketalardan biri Moldovaga tushgan
Dushanba kuni kunduzi Rossiya armiyasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi yoppasiga raketa zarbalarini yo‘lladi. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal raketalar uch oblastda infratuzilma obektlariga shikast yetkazgani, ammo mamlakat energetika tizimi buzilmaganini ma’lum qilgan. Bu vaqtda Moldova ichki ishlar vazirligi Ukraina bilan chegara yaqinidagi Brichani shahri atrofida raketa parchalari topilganini xabar qildi.
Shmigal zarbalar oqibatida Kiyev, Vinnitsa va Odessa oblastlarida energetika obektlari zarar ko‘rganini ma’lum qildi. «Ayrim hududlarda tizimda muvozanat saqlash va baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun favqulodda o‘chirishlar amalga oshirishga to‘g‘ri keldi. Qutqaruvchilar barcha uylarga tok qaytishi uchun hujum oqibatlarini bartaraf etishga kirishgan», deya yozdi bosh vazir telegram-kanalida.
Shuningdek turar joylar shikastlangani, qurbonlar va yaradorlar borligi haqida xabarlar berilgan. Ko‘plab hududlar tok va issiqlik ta’minotidan uzilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rossiyaliklar tomonidan uchirilgan raketalarning katta qismi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilganini aytdi. «Havo hujumidan mudofaa kuchlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman - raketalarning aksari urib tushirildi. Energetiklar tokni qaytarishni boshlab yuborishdi. Bizning xalq hech qachon taslim bo‘lmaydi!» - dedi Zelenskiy qisqa videomurojaatida.
Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligi dushanba kuni rossiyaliklar 70 ta raketa uchirgani, shundan 60 dan ortig‘i urib tushirilganini ma’lum qildi. Ma’lum qilinishicha, X-101 va X-555 rusumli 38 ta qanotli raketa Kaspiy dengizi va Volgodonsk hududidan turib sakkizta samolyotdan uchirilgan, «Kalibr» rusumli 22 ta qanotli raketa - Qora dengiz floti kemalaridan, yana X-22, X-59 va X-31P rusumli 10 ta qanotli raketa - Qora dengiz hududidagi samolyotlardan uchirilgan.
Moldova hukumati ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaliklar zarbalari ortidan Ukraina bilan chegaradosh Chernovitskiy oblastining Brichen shahri yaqinidagi mevazor bog‘ hududidan raketa parchalari topilgan.
«Moldovaning Brichen shahri yaqinidagi bog‘ hududidan raketa parchasi topilgan. Portlovchi predmet rossiyaliklarning bugungi zarbalari tufayli ogohlikni oshirgan chegara politsiyasi patruli tomonidan aniqlandi», deyiladi Moldova IIV xabarida. Hudud o‘rab olingan, voqea joyiga maxsus xizmatlar yo‘l olgan.
Oktyabr oyi oxirida ham Moldovaning chegara hududiga Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan Rossiya raketasi parchalari tushgandi. O‘shanda Kishinyov rossiyalik diplomat chiqarib yuborilganini e’lon qilgan, bunga javoban Rossiya ham moldovalik diplomatni chiqarib yuborgandi.
Moldelectrica energetika kompaniyasi xabariga ko‘ra, bugungi zarbalar yana Ukraina bilan qo‘shni bo‘lgan Moldovada uzilishlarga olib kelgan.
Ukrainaning turli hududlarida shikastlanishlar va qurbonlar
«Infoksvodokanal» xabariga ko‘ra, raketa zarbalari oqibatida Odessada barcha nasos stansiyalari va zaxira liniyalari o‘chirilgan, ayni vaqtda shahar suv ta’minotidan uzilgan. Shaharning ayrim rayonlarida elektr transporti faoliyati to‘xtagan: tramvay va trolleybuslar harakatlanmayapti. «Teplosnabjyeniye goroda Odessy» korxonasi shahardagi barcha isitish qozonlari ishlamay qolganini ma’lum qilgan.
Avvalroq Ukraina prezidenti ofisi Odessa oblastida rossiyaliklar raketalari ikkita infratuzilma obektiga zarar yetkazganini xabar qilgandi.
Zaporijjya oblastida rossiyaliklar raketalari Novosofiyevka qishlog‘ida bir necha uylarni vayron qilgan. Ikki kishi halok bo‘lgan. «Tinch aholining xususiy uylari shikastlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki qurbon va uch yarador bor (ulardan biri 2021 yilda tug‘ilgan chaqaloq)», - deya xabar qilgan Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Starux.
Havo trevogasi e’lon qilingach, Kiyev aholisi yerosti boshpanalariga chopgan, jumladan Kiyev metropoliteniga. Kiyev harbiy ma’muriyati xabar qilishicha, poytaxt havo kengligida 10 ta raketa qayd etilgan.
«Ukrenergo» kompaniyasi energetika infratuzilma obektlariga zarba kelib tushganini ma’lum qilib, elektr energiyasidan favqulodda o‘chirishlar shu bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi. «Ukrenergo» dispetcherlari energiya tizimini tiklash ustida ish olib borayotgani ma’lum qilinib, aholidan boshpanalarida qolish so‘ralgan.
Strategik aviatsiya
Kun avvalida Ukrainaning ko‘plab hududlarida havo trevogalari e’lon qilingan, mahalliy rasmiylar raketa zarbalari xavfi haqida ogohlantirgandi. Ukraina armiyasi vakillari ma’lumotiga ko‘ra, RF armiyasi havoga Tu-95 strategik bombardimonchi samolyotlarini ko‘targan, shuningdek Qora dengizdan «Kalibr» raketalari uchirilgani haqida ham ma’lumot bor. Ukrainaning sharqiy va markaziy regionlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari harakatga kelgan, portlashlar haqida xabarlar berilgan.
Ukraina harbiy-havo kuchlari rasmiy vakili Yuriy Ignat televideniye efirida raketalar Kaspiy dengizi va Volgodonsk hududidan strategik aviatsiyadan, shuningdek Qora dengiz floti kemalaridan uchirilganini ma’lum qilgan.
«Bugungi kunda xotirjamlikni saqlash kerak, o‘zingizni ehtiyot qiling va bombapanalarga boring. U yerda mashg‘ulot ketmayapti, raketalar uchirilgan. RF 10 oktyabr kuni boshlagan ishini davom ettirmoqda - muhim infratuzilma obektlariga zarbalar bermoqda», deya Ignatning so‘zlarini keltiradi «Interfaks Ukraina» agentligi.
«Trevogani e’tiborsiz qoldirmang, biz javob beramiz», degan Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak va havo hujumidan mudofaa kuchlaridan yaxshiroq ishlashni so‘ragan.
Mikolayiv oblasti ma’muriyati rahbari Vitaliy Kim telegram-kanalida Rossiyada raketa tashuvchi 14 dona Tu-95 bombardimonchilari havoga ko‘tarilganini xabar qilgan. «14 ta Tu-95 allaqachon havoda, tushunishimcha, bu rejalashtirilganidan 6-8 taga kamroq, ko‘ramiz, xotirjamlikni saqlaymiz», deya yozgan Kim.
Dushanba tongida OAVda Rossiyaning ikkita harbiy aerodromida portlashlar ro‘y bergani xabar qilingandi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 6 da Saratov oblastidagi «Engels-2» aerodromining uchish-qo‘nish yo‘lagiga dron kelib urilgan. Natijada ikkita Tu-95 bombardimonchisi shikastlangani, ikki harbiy xizmatchi yaralangani xabar qilindi.
Shuningdek, Ryazan yaqinidagi Dyagilevo aviabazasida portlashlar bo‘lgan.
Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi front chizig‘idan yuzlab kilometr masofada joylashgan ikki harbiy aerodromdagi portlashlarni tasdiqladi va bu ukrainlarning dronlari hujumi oqibati ekanini ma’lum qildi. Dyagilevo aerodromida uch nafar harbiy halok bo‘lib, to‘rt nafari yaralangani, Engels aerodromida esa «ikki samolyot korpusi shikastlangani» ma’lum qilindi.
Rossiya Ukraina bo‘ylab so‘nggi bor 23 noyabr kuni yoppasiga raketa zarbalari yo‘llagandi. O‘shanda ko‘plab energetika infratuzilma obektlari nishonga olingani tufayli mamlakat tarixidagi ilk blekaut ro‘y bergandi. Avariya rejimida Ukraina atom elektr stansiyalarida barcha bloklar o‘chirilgandi.
Mavzuga oid
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:23 / 26.12.2024
Rossiya raketasi Moldova havo hududini buzib kirdi
08:05 / 26.12.2024