Jahon | 10:34 / 09.12.2022
30054
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva yaqinidagi savdo markazi yonib ketdi. Asosiy ma’lumotlar

Yong‘in 18 ming kv. metr maydonni qamrab olgan. Bir kishi halok bo‘lgan, OBI gipermarketi to‘liq vayronaga aylangan.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS

Jumaga o‘tar kechasi Moskva shahri va Moskva oblasti chegarasida, Leningradskiy shossesi yoqasida joylashgan yirik «Mega Ximki» savdo markazida kuchli yong‘in yuzaga keldi.

TASS agentligi favqulodda xizmatlarga tayanib xabar berishicha, savdo majmuasining butun hududiga o‘t ketgan va yong‘in maydoni 18 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Unga murakkablikning yuqori to‘rtinchi darajasi berilgan.

FVV vakillari «Interfaks» muxbiriga xabar berishicha, «OBI» gipermarketi tomi yonib ketgan. Favqulodda xizmatlar xodimlari TASS agentligiga xabar qilishicha, «OBI» gipermarketida portlash ro‘y bergan, shundan so‘ng konstruksiya qulagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.

Maksim Grigorev / TASS

FVV yong‘inni o‘chirish ishlariga aviatsiyani jalb etmoqchi. Yordamga Moskvadan ham o‘t o‘chiruvchilar yetib kelishgan. Soat 8:25 holatiga 7 ming kv. metr maydondagi yong‘in o‘chirilgan.

Telegram-kanallarda tarqalgan videolarda savdo markazi ustida ko‘tarilgan tutun ustunlarini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, yetarlicha kuchli portlashlar ro‘y bergan. Favqulodda xizmatlarga ko‘ra, qurilish materiallari bo‘limida aerozol va bo‘yoq idishlari portlagan.

Yong‘in sabablari haqida hozircha ma’lum qilinmayapti. Shu bilan birga, favqulodda xizmatlar vakillari «Interfaks»ga aytishicha, o‘t qo‘yish versiyasi ham ko‘rib chiqilmoqda. «Turli versiyalar ko‘rib chiqilmoqda, jumladan texnik - elektr tarmog‘idagi qisqa tutashuv. Shuningdek qasddan sodir etilgan harakat, ya’ni o‘t qo‘yish versiyasi ham istisno etilmaydi», deya manba so‘zlarini keltiradi agentlik.

Tergov qo‘mitasi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish (RF JK 238-modda) bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Prokuratura tekshiruv boshlagan. Baza kanali yozishicha, tergovchilar ta’mirlash ishlari o‘tkazgan kompaniyani aniqlashgan va hozirda uning rahbariyatini qidirmoqda, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri payvandlash ishlarini bajargan xodimlarni aniqlamoqda.

Sug‘urtachilar taxminiga ko‘ra, yong‘in keltirgan zarar 20-30 milliard rublni tashkil etishi mumkin. TASS manbalariga ko‘ra, bino 2022 yil bahorida Rossiyadagi biznesini sotgan Shveytsariyaning Zurich Insurance kompaniyasi tomonidan sug‘urtalangan.

Mavzuga oid