UzAuto'ga subsidiya 3,5 barobarga oshadi
UzAuto tarkibidagi korxonalar eksport qilayotgan mashinalar uchun chet elda to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imi o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar yelkasiga yuklatilgan. Bu yukning og‘irligi 3,5 barobarga oshishi kutilyapti. Deputat Rasul Kusherbayev “xalqning g‘aznasidagi bu pullar monopolist kompaniyaning hisobiga o‘tkazilishi”ga qarshiligini bildirdi.
Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlisdan tugab borayotgan 2022 yilgi davlat budjeti haqidagi qonunni o‘zgartirishni so‘ramoqda.
Deputat Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, tegishli qonun loyihasi deputatlar qo‘liga “shoshilinch berilgan”. Unda 2022 yil budjetini yana 2 trln so‘mga oshirish ko‘zda tutilgan:
- davlat-xususiy sherikligi asosida asosida faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy bog‘chalar sonining ortib borayotgani hisobiga, bu yo‘nalishga qo‘shimcha subsidiyalar ajratish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligiga – 407,1 mlrd so‘m;
- issiqlik ta’minoti bo‘yicha aholiga past darajali tariflar qo‘llanishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga – 404,7 mlrd so‘m;
- eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imi xarajatlariga davlat budjetidan mablag‘ ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga – 224,5 mlrd so‘m;
- hududlarda zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida keyinchalik mahalliy budjetlarga qayta taqsimlash (o‘tkazib berish) maqsadida Moliya vazirligiga – 1 000,0 mlrd so‘m.
“Eng qizig‘i utilizatsiya yig‘imi kimlarga va qanday maqsadlarda ishlatilayotgani, monopolist UzAuto Motors utilizatsiya yig‘imini to‘layaptimi-yo‘qmi, bu yashirilayotgan bir vaqtda davlat budjetidan utilizatsiya yig‘imi xarajatlariga 224,5 mlrd so‘m ajratish so‘ralishi – mantiqsizlik. Katta ehtimol bilan xalqning g‘aznasidagi bu pullar monopolist kompaniyaning hisobiga o‘tkaziladi”, – deya yozgan Kusherbayev.
Deputat bu loyihaning qabul qilinishiga to‘liq qarshiligini bildirgan. Uning Iqtisodiyot vazirligiga tayanib aniqlik kiritishicha, so‘ralayotgan 224,5 mlrd so‘m mablag‘ ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchiga to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan. Bular:
- UzAuto Motors'ga – 137,5 mlrd so‘m;
- SamAuto'ga – 87 mlrd so‘m.
Eksport qilinayotgan avtomobillar uchun xorijdagi utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha xarajatlarni davlat budjetidan kompensatsiya qilishga amaldagi budjet qonuni bo‘yicha 2022 yilda 100 mlrd so‘m yo‘naltirish belgilagan. Hukumat so‘rovi qondirilsa, bu summa 324,5 mlrd so‘mga yetadi.
Avtoishlab chiqaruvchilarning eksporti xarajatlari bir qismi soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklanayotgani tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
“Olaveringlar, davlatimiz kamayib qolarmidi...” – deya kinoya qildi parlament deputatlaridan yana biri Doniyor G‘aniyev.
“Shu zavodning yopilishi qancha pulni iqtisod qilar edi. Xuddi shunga o‘xshagan yuzlab “ko‘rinmas” kichik zavodlar bor, bir-ikki odamni ishlataman deb, 35 million xalqning hayotini qimmatroq va qiyinroq qilishadi. Iqtisodiyotimizga turgan bitgani zarar”, – deya yozdi iqtisodchi Behzod Hoshimov.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni “parazitlikning oliy namunasi” deya ta’riflab, UzAuto Motors shundog‘am ichki bozorda sotayotgan avtomobillari uchun utilizatsiya yig‘imini to‘lamayotgan bo‘lishi mumkinligini eslatdi. Davlat budjetiga to‘lanishi kerak bo‘lgan bu summa 7 trln so‘mdan oshiqroqligi aytilmoqda. Hozirgacha birorta idora bu pul to‘langanmi-yo‘qmi, to‘langan bo‘lsa, qancha to‘langan – ochiqlagan emas.
“Yil boshida tasdiqlangan budjetda xorijga eksport qilingan avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imini qoplashga 100 mlrd subsidiya bir dumalab yil oxirida 325 mlrd so‘mga yetibdi. Bu – siz o‘z yoningizdan qozog‘istonlik va rossiyalik xaridorlar sotib olayotgan avtomobillar uchun ham utilizatsiya yig‘imini to‘layapsiz degani.
Bundan badtar parazitlik bo‘lishi mumkinmi?” – deya savol bergan Bakirov.
Ayni kunlarda parlament 2022 yil budjetini o‘zgartirish bilan birga, 16 dekabrdan 2023 yil budjeti loyihasini ko‘rib chiqishni ham boshladi. Hukumat ketma-ket to‘rtinchi yil budjet loyihasini parlamentga kiritish muddatlarini buzdi.
Mavzuga oid
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
18:27 / 31.10.2024
Yangi Cobalt Midnight 7,3 million so‘m qimmatroq bo‘ladi
17:00 / 31.10.2024
SamAuto “Komtrans Tashkent 2024” ko‘rgazmasida O‘zbekistondagi eng yangi past polli avtobus prototipini taqdim etdi
14:06 / 26.10.2024