Dmitriy Rogozin Donetskda yaralandi
Bu vaqtda u restoranda tug‘ilgan kunini nishonlayotgan bo‘lgan.
Rossiya hukumatining sobiq vitse-premeri, «Roskosmos»ning sobiq rahbari Dmitriy Rogozin hamda «DXR» hukumati raisi Vitaliy Xotsenko chorshanba kuni kechqurun Donetsk o‘qqa tutilishi vaqtida jarohat olishgan.
Shaharda «Shish-Besh» mehmonxona va restoran majmuasi o‘qqa tutilgan. Donetsk oblastining annexia qilingan qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan rahbar Denis Pushilin hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Yana bir necha kishi yaralangan.
Rogozinning o‘zi jarohat olganini tasdiqladi: «3×4 mm o‘lchamdagi metall parcha o‘ng kuragi yuqorirog‘idan kirgan». «Belimdan yaralandim. Lekin yashayman. Oskolka umurtqa pog‘onasidan bir santimetr nariroqdan kirgan», - degan Rogozin RT telekanaliga bergan izohida.
Baza nashri manbasi xabar qilishicha, Donetskda Rogozin tug‘ilgan kunini nishonlayotgan (u 21 dekabr kuni 59 yoshga to‘ldi) restoran o‘qqa tutilgan. Rogozinning boshining yumshoq to‘qimalariga, dumba qismiga va chap son qismiga oskolka parchalari kirgan.
Rossiya kanallari e’lon qilgan foto va videolarda derazalari sinib ketgan restoran zalini ko‘rish mumkin. Snaryadlar kelib tushishi oqibatida asosan bino hovlisi va ikkinchi qavati jiddiy shikastlangan. Bu kadrlarni «Shish-Besh» restoranining reklama suratlari bilan taqqoslash orqali voqea aynan shu restoranda ro‘y bergani anglashiladi.
«Shish-Besh» restoran-mehmonxona majmuasi Donetskning janubiy chekkasida, front chizig‘idan taxminan 20 km masofada joylashgan. Rogozin ko‘ngilli bo‘linmalardan birining pozitsiyasidan qaytilgach, bu yerda «tor doirada va xotirjam muhitda ishchi uchrashuv» o‘tkazilayotgan bo‘lganini aytgan.
Rogozin va Xotsenkoning atrofidagilarning ma’lumotiga ko‘ra, ularning hayotiga jiddiy xavf yo‘q.
«Roskosmos»ning sobiq rahbari «Shish-Besh» sakkiz yil mobaynida biror marta zarbaga uchramaganiga e’tibor qaratgan. «Kimdir ma’lumot sizdirdi va soat 19:45 atrofida bir necha yuqori aniqlikdagi zarbalar kelib tushdi, jumladan biz bo‘lib turgan joyga ham. 120 yoki 155 mm kalibrli snaryadlar edi», - deya taxmin qiladi u.
Rogozinning yordamchisi ham bu «qasddan yo‘naltirilgan zarba» bo‘lganini aytadi. «Donetsk atrofidagi mehmonxona o‘qqa tutildi, bu yerda so‘nggi oylarda harbiy maslahatchilar guruhi, jumladan Dmitriy Rogozin yashab kelayotgandi. Zarbalar yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar bilan berildi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, zarba berish uchun fransuzlarning Nexter firmasi tomonidan ishlab chiqilgan 155-millimetr kalibrli CAESAR o‘ziyurar artilleriya qurilmasidan foydalanilgan», degan u.
Rogozin ayni vaqtda shifoxonaga yotqizilgan, jarrohlik amaliyotidan o‘tkaziladi.
Vitaliy Xotsenkoning matbuot kotibi jurnalistlar bilan suhbatda uning xo‘jayini hayotiga tahdid yo‘qligini aytgan. Baza manbasiga ko‘ra, qurbonlardan biri Vitaliy Xotsenkoning tansoqchisi bo‘lgan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, u Donbassda «Shoh bo‘rilari» («Tsarskiye volki») harbiy maslahatchilar guruhini boshqaradi.
Rogozin va «Shoh bo‘rilari»
Bir yil oldin Dmitriy Rogozin «tajribali harbiy maslahatchilar va katta harbiy tajribaga ega ekspertlardan iborat «Shoh bo‘rilari» («Tsarskiye volki») inspektor guruhi» tuzilgani haqida e’lon qilgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh ishtirokchilari Donbassdagi harbiylarni razvedka va shturm qilishga o‘rgatishi, shuningdek, masalan, dronlar ishlab chiqilishida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Shu yil iyul oyi o‘rtalariga qadar Rogozin «Roskosmos» rahbari lavozimida edi. O‘shanda, to‘rt yillik faoliyatidan keyin «Roskosmos» rahbari lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rnini bungacha Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari vakolatlarini bajarib kelgan Yuriy Borisov egallagandi.
OAV Rogozin tez orada Kremlga ishga o‘tishi va Donbass masalalarini nazorat qilishi haqida yozgandi, ammo bu ro‘y bermadi.
Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov TASS agentligiga Rogozinning iste’fosi «uning faoliyatiga e’tiroz» tufayli emasligi, u «tez orada yangi ish topishi»ni aytdi. Ammo Rogozinning yangi ishi haqida faqat noyabr oyiga kelib ma’lum qildi va bu ko‘ngilli faoliyat bilan bog‘liq edi.
«Roskosmos»ga o‘tguniga qadar Rogozin vitse-premer sifatida harbiy-sanot kompleksiga mas’ul bo‘lgan, xususan korrupsion mojarolar va ish tashlashlar bilan kechgan «Sharqiy» («Vostochnyy») kosmodromi qurilishiga javobgar bo‘lgan. Rogozin kosmik sanoatni boshqargan davrida Rossiya raketalarining uchirilishi bilan bog‘liq to‘qqizta holatda muvaffaqiyatsizlikka uchralgan.
Mavzuga oid
12:06 / 14.12.2024
UQK «Donetsk» guruhi qo‘mondoni almashtirildi
15:20 / 30.10.2024
UQK generali Marchenko: Donbassdagi front «parchalandi»
15:50 / 29.10.2024
Rossiya armiyasi Donetsk oblastidagi Gornyak shahrini egalladi
22:49 / 15.08.2024