O‘zbekiston | 18:14 / 29.03.2023
33694
14 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”: Tashkilotchi, iqtisodchi va bloger bahsi

Ijtimoiy tarmoq – qiziq joy. U avvalo omma uchun muloqot maydoni bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda jamiyatning mikro modeli sifatida ijtimoiy kayfiyat oynasi, mas’ullarga, hukumatga muammolar haqida gapiradigan maydon vazifasini ham o‘tamoqda. Xususan, O‘zbekistonda shunday bir tendensiya shakllanib ulgurgan.

So‘nggi kunlarda mana shu maydonning o‘zbek segmentida bir mavzu keng muhokama va bahslarga sabab bo‘lmoqdaki, Kun.uz muxbiri ayni mavzuni jamoatchilik faollari, masalaga bevosita mas’ullar ishtirokida tahlil qildi.

Tashabbusli budjet – bu loyiha orqali odamlar so‘nggi vaqtlarda chindan ham o‘z ovozining ahamiyatiga ishona boshlagani, anglayotgani, daxldorlikni sezayotgani, bir maqsad yo‘lida o‘zaro uyushishni o‘rgangani rost. Ammo...

Intervyu davomida ana shu “ammo” haqida, loyihaning bahslarga sabab bo‘layotgan ayrim qirralari haqida gaplashildi.

Intervyu mehmonlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Hasanov, iqtisodchi Otabek Bakirov va bloger Umid G‘ofurov bo‘ldi.

— Umid aka, bugungi intervyuga sizni bejiz taklif qilmadim. Yuqorida aytganimdek, loyihaning ayrim jihatlari bo‘yicha ma’lum bir qatlam insonlarda e’tirozlar bor va bu haqda siz ham doimiy tarzda fikr bildirib kelasiz.

Xo‘sh, loyihada sizni qoniqtirmaydigan jihatlar aynan qaysilar? Jamoatchilik vakili sifatida o‘sha ikkinchi tomon nimani o‘zgartirishni istayotganini bizga aniq qilib tushuntirib berolasizmi?

Umid G‘ofurov:

— Bu haqida o‘tgan yildan boshlab yozaman men. Bir tomondan yaxshi bu loyiha. Loyiha sayti tashkil qilinganida men uning nomidan kelib chiqib, boshqacha o‘ylagan edim. Ya’ni bizdagi ayrim muammolar budjetning ochiq emasligidan kelib chiqadi, Open budget (ochiq budjet) shunga yechim deb o‘ylagan edim. Menga yoqmayotgan tomoni shuki, davlat pul yetmayapti, bor pulni o‘zlaring hal qilib olinglar, deyotgandek bo‘lyapti. To‘g‘ri, hamma narsaga ham yetmaydi pul. Lekin bugungi ko‘rinishi ovoz yig‘olsang, bo‘ladi, yo‘qsa, o‘zing aybor bo‘lasan, degandek.

E’tirozim shuki, biz sabablar bilan kurashmayapmiz. Yil boshida budjet mablag‘i taqsimlanadi sohalarga. Biz shu mablag‘ning sarflanishini nazoratga olmayapmiz. Asosiy budjet nazorati kuchaytirilsa, tashabbusli budjetga ehtiyojimiz qolmaydi. Boshqa davlatlarda tashabbusli budjet ortgan mablag‘ evaziga bo‘ladi. Bizda ham ortgan pul hisobiga bo‘lyapti. Lekin g‘alati: birlamchi ehtiyoj bo‘lgan masalalar ortgan puldan qilinadigan narsalar emas, ularni qilish shart.

Umid G‘ofurov

Loyiha formasiga e’tirozim bor yana. Rostdan Open budget bo‘lganda, deylik, biz istalgan paytda qaysidir obektning kim tomonidan, qancha mablag‘ga qurganini ochiq ma’lumotlarda ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi va mana shu ochiq budjet bo‘ladi.

Doimiy e’tirozlar esa o‘qituvchilar va boshqalar ovoz yig‘ib yurishga majbur bo‘layotgani. Har bir o‘qituvchiga 80 ta ovoz yig‘ish majburiyati ham yuklatilgan. Ikkita maktab bo‘lsa, bittasi yutadi, bir-biri bilan kurashga aylanib ketyapti. Eng ko‘p e’tirozlar ham aynan shunda. Majburiyga aylanib qolgandek.

— Azimjon aka, intervyu davomida Umid aka bildirgan tanqidlarga birma-biri yana qaytamiz. Siz vazirlik mas’uli sifatida nafaqat Umid aka, balki jamoatchilikning ma’lum bir qismidan bo‘layotgan tanqidlarni qanday kuzatyapsiz va ularga umumiy bir fikringizni bildirsangiz?

Azimjon Hasanov:

Azimjon Hasanov

— To‘g‘ri, tashabbusli budjet loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Aynan o‘qituvchilar va boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining ovoz yig‘ishga majburlanishi kabi xabarlar yangrayapti. Fuqarolar tomonidan davlat o‘zi qilishi kerak bo‘lgan narsalar uchun nega ovoz yig‘yapti, degan savollar ham qo‘yilyapti.

Har yili davlat budjetidan ijtimoiy soha uchun inflatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratiladi. Tashabbusli budjet loyihasi esa shularga qo‘shimcha tarzda fuqarolarga imkoniyat berib, ko‘proq muammolarni hal etish uchun bo‘lyapti. Boshqa davlatlarda shakllangan davlat budjetining ma’lum bir mablag‘ini ovozga qo‘ygan holda nimaga yo‘naltirishni belgilab beradi. Bizda esa farqli: davlat budjetining aniq bir qismini emas, qo‘shimcha tarzda ajratilgan mablag‘ bo‘ladi. Davlat o‘z funksiyasini bajarib kelmoqda, qo‘shimcha imkoniyat tarzida tashabbusli budjet joriy qilingan.

— Otabek aka, hozir mana shu stolda paydo bo‘lgan bir bahsli vaziyat jamiyatda bo‘layotgan bahsning bir ko‘rinishi ekani haqida yuqorida aytdim. Xo‘sh, siz bir iqtisodchi, shu jamiyat vakili sifatida bu bahs haqida qanday fikrdasiz?

Otabek Bakirov:

Otabek Bakirov

— 36 mln aholimiz, 20 mlndan ortiq ovoz berish huquqiga ega fuqarolarimiz bor va 30 mlrd dollardan ortiq budjetimiz bor. Ongli ravishda masalaga yondashsak, 36 mln aholining har birining xohishini bir joyga jamlash uchun juda qiyin yo‘llardan borish (ya’ni hamma budjet jarayonida ishtirok etishi) yoki vakillik yo‘lidan (deputatlar) borish mumkin, butun dunyoda eng kamxarjli, qulay yo‘l shu hisoblanadi. Bunda bizning vakillar bizning nomdan shakllangan davlat budjeti mablag‘larini taqsimlaydi. Bizda hali budjet taqsimotida vakilligimiz orqali yoki erkin saylov orqali daxldorligimiz minimumda ekan, tashabbusli budjet jarayonida loyihalarni tanlash, moliyalatirishdagi ishtirokimiz bizga berilgan qanaqadir imkoniyat.

Bu yilgi tashabbusli budjet uchun 8 trln mablag‘ ajratilishi kerak. Bahordagi bosqich uchun esa 1,7 trln mablag‘ ajratilgan. Endi biz nega o‘z ixtiyorimizga berilgan 1,7 trln mablag‘dan voz kechishimiz kerak? Shuning uchun ham tashabbusli budjet loyihasiga nisbatan davlatning o‘zi qilsin degan narsani qabul qilolmayman.

O‘tgan yili birinchi va ikkinchi mavsumda jamiyat, iqtisodiyotimizdagi juda ko‘p muammolarni ochib berdi. O‘qituvchilarning, shifokor-hamshiralarning majburiy ovoz yig‘ishga jalb qilinayotgani tashabbusli budjet muammosimi yoki majburiy mehnat muammosimi — shuni hal qilib olish kerak. Bundan tashqari, maktablar va shifoxonalardagi moddiy-texnik baza muammolari tashabbusli budjetnikimi yo iqtisodiyotimiznikimi? Maktablar tizimida qoldiq moliyalashtirish muammosi bor ekan, ya’ni ortgan mablag‘ beriladi. O‘qituvchilarni, shifokorlarni kim majbur qilyapti ovoz to‘plashga, degan ochiq savol ham bor. Mana shunday muammolarni ochib beryapti. Ta’lim va tibbiyot tizimlaridagi vertikal boshqaruvni mahalliy hokimliklarga topshirib qo‘ydik. Hech qaysi o‘qituvchi maktab bo‘yicha tashabbus bermaydi. U mahallasi bo‘yicha, ichimlik suvi, yo‘l bo‘yicha tashabbusni yoritishi mumkin. Aynan tashabbusli budjet boshqa muammolarimiz borligini ham ko‘rsatib beryapti.

1993 yilda Qirg‘izistondagi parlament saylovlarida nomzodlar aholidan ovoz yig‘ishning turli usullarini qo‘llagan. O‘sha paytdagi sovet tuzumidan chiqqan odamlar uchun yovvoyi holat ko‘ringan bu, ovoz sotib olishga urinish deb qabul qilingan. Bora-bora umumiy qabul qilingan me’yorlarga kirdi bu narsa. Saylovchilarga o‘z qarashlari, pozitsiyalarni yetkazish uchun mablag‘ sarflanadi. Xohlaymizmi, yo‘qmi, qaysidir g‘oyani, loyihani ilgari surish uchun elektoratga murojaat qilishga majburmiz. Murojdat qilishning esa har xil shakllari bor: bir litr yog‘ berish, kola berish... Har xil. Odamlar ovozining qadri oshyapti. Faqat biz hali buni qabul qilolganimiz yo‘q. Keyingi yilga borib yana ham qadri oshadi ovozning. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungacha 12,2 mln odam ovoz bergan, O‘zbekiston aholisining 1/3 qismi. Farg‘onada 1,5 mln bo‘libdi, aholining 50 foizi degani. So‘nggi 30 yil ichida aholini bu darajada qamrab olgan ijtimoiy voqelik bo‘lgani yo‘q.

— Bugun tarmoq foydalanuvchilari loyihaga oid bir masalada ikki tomonga bo‘linganki, bir tomon loyihadan ijtimoiy soha obektlari: maktab, shifoxona va sport maktablari qurilishi, ta’miri uchun ovoz yig‘ish chiqarib tashlanishi kerak, deydi. Ya’ni ijtimoiy obektlarni qurish va ta’mirlash – davlatning vazifasi. Bu ishlarni uning o‘zi qilsin, qo‘pol qilib aytganda, odamlarni sarson qilmasin. Ayrimlar esa aksincha, buni loyihaning bu qismi sifatida ma’qullaydi.

Xo‘sh, “Tashabbusli budjet” loyihasida ijtimoiy obektlar uchun ovoz yig‘ishni to‘xtatish kerakmi?

Umid G‘ofurov:

— Agar ijtimoiy soha obektlarini loyihadan olib tashlasa, ajratilgan 8 trln mablag‘ ham kamaytiriladimi yoki joyida qoladimi? Mana shundan kelib chiqish kerak, ya’ni oldin rejasini bilishimiz lozim.

Umuman, loyihaga qarshi emasman, lekin aytganimdek, hozirgi ko‘rinishi g‘alati. Tanlov turibdi odamlarda: bittasi suv kerak deydi, ikkinchisi elektr kerak deyapti. Ikkisidan birini tanlashga majburmiz. Xuddiki, ko‘p cho‘kayotgan odamlar orasida bittasiga yordam berish mumkindek. Ijtimoiy soha obektlarini davlatning o‘zi qilishi kerak, lekin nazorat qilib turish tizimi ham kerak. Tashabbusli budjetning yaxshi tomoni yutilgan loyihani odamlar nazorat qilishi mumkin. Aslida, butun O‘zbekistonda xoh tashabbusli bo‘lsin, xoh tashabbussiz, odamlar tekshirishi kerak. Ya’ni yuqorida aytganimdek, ochiq tizimda tekshirish, ma’lumotlarni ko‘rish imkoni bo‘lishi kerak odamlarda. Demoqchimanki, ijtimoiy soha obektlarini olib tashlasa ham, jamoatchilik nazoratini qoldirish kerak. Ya’ni odamlarda ham budjet pullarini nazorat qilish tushunchasi bo‘lsa, olib tashlash mumkin bo‘ladi. Hozir qo‘yilayotgan loyihalarning muhimlik darajalari ham har xil. Bir loyiha quyosh paneli o‘rnatish bo‘lsa, ikkinchisi suv olib kelish, bu yerda suv birlamchi bo‘ladi. Shu narsani ham qandaydir tartibga solish kerak, menimcha.

Otabek Bakirov:

— Biz tug‘ilganimizdan boshlab tanlashga majburmiz. Ovqatlanishdan tortib transportdan foydalanishgacha imkoniyatlardan kelib chiqib tanlashga majburmiz. O‘zbekistonning hozirgi imkoniyatlarida ham biz tanlashga majburmiz. Ideal shaklda Umid G‘ofurov aytganday bo‘lishi kerak. Bunday ideal qachonki siyosiy islohotlar yuz bersa bo‘ladi. Ya’ni parlamentni erkin saylovlar asosida O‘zbekiston fuqarolari shakllantirsa, o‘shanda jamoatchilik nazorati bo‘ladi. Hozir biz 96 foiz budjet puliga daxldorligimizni his qilmayapmiz, atigi 4 foiz yoki undan kamrog‘iga daxldorlik bo‘lyapti.

Tashabbusli budjetdan ijtimoiy soha obektlarini chiqarib tashlaylik, degan chaqiriqlar ko‘p yangrayapti. O‘qituvchi va shifokorlar juda katta ovoz beruvchilar hisoblanadi. Agar biz bu sohalarni chiqarib tashlasak, hozirgi tizim bilan mahalliy va Oliy Majlis deputatlari orqali muammolarni hal qilolmaymiz, chunki vertikal shakllanmagan. O‘zaro nazorat tizimi yo‘q, ular bizning vakillar emas, qo‘pol qilib aytganda. Shuning uchun ham chiqarib tashlash xato bo‘ladi.

Hozir tuman viloyat budjetlarining 30 foizi tashabbusli budjetga ajratilyapti. Agar biz shuni 50 foizga chiqarolsak, yanayam ko‘proq aholini va muammolarni qamrab oladi. «Davletovuz» kanalida tibbiyot va maktab muassasalarida quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha loyihalar ham ilgari surilayotgani haqida xabar joylandi. Bu narsa fuqarolardan chiqmayapti, ma’muriy ildizlari bor buning. Lekin qaysidir fuqaro shuni istab qolishi mumkin-ku qachondir. Kamchilik bo‘lishi mumkin, lekin istisno qilmaslik kerak. Erkin saylovlarga o‘tmaydigan holatda mening idealim shuki, tashabbusli budjetga ajratilayotgan mablag‘larni doimiy oshirib borish yo‘lidan yurish. Ya’ni to‘xtash va chegaralash tarafdori emasman.

Azimjon Hasanov:

— Bu masalani ham o‘rganib chiqyapmiz. Xalqaro doirada Rossiya tajribasida maktablar uchun alohida tashabbusli budjet doirasida yo‘nalish bor. Ya’ni maktablar uchun alohida mablag‘ ajratiladi loyiha ichida. Bu kabi loyihalar ham bir qancha. Biz ham bir qancha takliflarni ishlab chiqdik va o‘rganilmoqda.

Ijtimoiy soha obektlarini olib tashlasak, xuddi og‘riqli joyni shunchaki kesib tashlagandek bo‘lamiz. Muammo hal bo‘lib qolmaydi cheklash bilan, muammo ildizi bu yerda emas. Ishonib aytolamanki, o‘qituvchi va shifokorlarga majburiy ovoz yig‘dirish holati shunga o‘xshash boshqa ijtimoiy sohada ham bo‘lar edi. Biz fuqarolarning ijtimoiy ongini oshirishimiz kerak. Har bir fuqaro ixtiyoriy ovoz berish huquqi borligini bilishi lozim. Shundagina majburiy ovoz yig‘ish, ma’muriy aralashuvlar oldi olinadi. Joriy yil uchun tasdiqlangan davlat dasturida ham tashabbusli budjet jarayonlarini xolis ovoz berish ma’muriy aralashuvlarsiz tashkil etish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga topshiriq berilgan. Bu bo‘yicha takliflar ishlab chiqyapmiz. Yuqorida aytilgan ijtimoiy sohani cheklash kabi takliflar ham bor ular orasida. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid