Jamiyat | 18:48 / 31.03.2023
63554
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik qo‘shiqchilar Toshkentda konsert bermoqchi. Faollar qarshi, mas’ullar – sukutda

Ozarboyjon va Qozog‘istondan «quvilgan» festival Toshkentda o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekistonliklar Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llagan xonandalar ishtirokidagi konsertni boykot qilmoqda. Davlat tashkilotlari esa mas’uliyatni bir-birining bo‘yniga ilyapti.

20-21 may kunlari Toshkentdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida rossiyalik xonandalar ishtirokida «Jara» musiqa festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda Rossiya estradasining 30 ga yaqin yulduzlari ishtirok etishi kutilyapti. Konsertga chiqarilgan chiptalar narxi 3,5 million so‘mgacha boradi.   

«Jara» festivali 9-12 mart kunlari Qozog‘istonda o‘tkazilishi kutilgandi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi faol noroziliklar ortidan Olmaotadagi konsert noma’lum muddatga qoldirildi.  

«Jara» festivalida ishtirok etadigan rossiyalik qo‘shiqchilarning aksari Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlagan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ularning Qozog‘istondagi chiqishlari respublika «Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlashi»ni anglatishini aytib, norozilik bildirishgan. 

Natijada Qozog‘istondan quvilgan «Jara» tashkilotchilari konsertni Toshkentga ko‘chiradi.

Aytish kerakki, urush boshlanganidan keyin «Jara» festivalini o‘tkazish qiyin bo‘lib qolgan. Sanksiyalar tufayli Yevropaga kirolmagan rossiyalik xonandalar noroziliklar tufayli nafaqat Qozog‘istondagi, balki o‘tgan yili Ozarboyjondagi konsertni ham ortga surishga majbur bo‘lgandi.  

O‘zbekistonda «Jara» konsertiga qarshi virtual norozilik boshlandi

Toshkentda «Jara» festivali o‘tkazilishi haqida e’lon qilingach, o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq faollari ham konsertni boykot qilishga chaqira boshladi. Ayni damda ijtimoiy tarmoqlarda #StopKremlinPropaganda va #StopRussianPropaganda heshteglari ommalashmoqda. Festivalning instagram sahifasidagi postlar ostida faol norozilik bildirilmoqda.

Telegramda ham blogerlar va faollar boykotga chaqiryapti. Konsertni bekor qilishga chorlovda faol ishtirok etayotgan Mirzayor Erkinov Kun.uz bilan suhbatda urushni qo‘llab kelgan qo‘shiqchilarni O‘zbekistonda ko‘rishni xohlamasligini aytadi.  

«Festival asoschilaridan biri – Rossiyaning Ukrainadagi urushini turli tadbirlarda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Grigoriy Leps hisoblanadi. Rossiyaning turli hududlarida propaganda konsertlarida, o‘zining turli chiqishlarida va ijtimoiy tarmoqlaridagi postlarida u bevosita bu istilochilik harakatini yoqlab keladi. Ushbu konsertda, shuningdek, boshqa propagandachi xonandalar – Polina Gagarina, Sergey Lazerev, Diskoteka Avariya kabilar ham bor», – deydi u.  

U konsertning asosiy target auditoriyasi yoshlar ekani, uni yoshlarning bunga qarshiligi xursand qilishini aytadi va konsert butunlay bekor qilinmaguncha kurashishdan to‘xtamasligini ta’kidlaydi.

Bloger Nikita Makarenko ham boykotni qo‘llab-quvvatladi.  

«Qonni, o‘limni, urushni targ‘ib qiluvchi san’atkorlarning chiqishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak, deb o‘ylayman. Masalan, Leps kabi. Urushni qoralagan ijodkorlarni ko‘rishdangina xursand bo‘lishimiz kerak. 

Bu festival Qozog‘iston va Bokuda ommaviy noroziliklardan keyin bekor qilindi. Endi u bizga keldi. Biz hamma narsa mumkin bo‘lgan chiqindixonamizmi? Bizning o‘z pozitsiyamiz va g‘ururimiz yo‘qmi, urush tashviqotiga sahna beramizmi?» – deydi bloger.  

Konsert qoldirilgani aytildi, ammo chiptalar hamon sotuvda   

30 mart kuni, ijtimoiy tarmoqdagi e’tirozlar ortidan festival o‘tkazilishi noma’lum muddatga qoldirilgani e’lon qilindi. Festival tashkilotchilarining o‘zi shunday qarorga kelgani aytildi.

Biroq tashkilotchilar bu haqda rasman xabar bermagan.

31 mart kuni ham chiptalar sotuvda turibdi.

«Otangga bor, onangga bor» – biror davlat tashkiloti konsert mas’uliyatini zimmasiga olmayapti  

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun Madaniyat va turizm vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik mas’uli bu masalani vazirlik zimmasidan soqit qilishga urindi.

«Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha, agarda xonandalar xorijdan kelayotgan bo‘lsa, buni xususiy tadbirkorlar tashkil qilyapti. Bunda tadbirkorlarga cheklov yo‘q. Rossiyalik xonandalarni biz olib kelmayapmiz. Konsertga bizning umuman aloqamiz yo‘q.

Konsert o‘tkazilayotgan hudud Toshkent shahri bo‘lgani uchun Toshkent shahar hokimiyatidan yoki Ichki ishlar vazirligidan so‘rasangiz bo‘ladi», – deydi vazirlik mas’uli.  

«O‘zbekkonsert» matbuot kotibi ham ommaviy tadbirlarga ruxsat berish masalasi bilan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi shug‘ullanishini aytdi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi ham ayni shuni ta’kidladi.  

Toshkent shahar IIBB matbuot kotibi esa masalaga aniqlik kiritishini aytdi, ammo undan ham aniq javob olishning iloji bo‘lgani yo‘q.

Shu bilan birga, poytaxtdagi bog‘lardan «Jara» festivali afishalari olib tashlanayotgani haqida xabarlar bor.

Mavzuga oid