O‘zbekiston | 18:08 / 03.04.2023
32527
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar boykot qilgan «Jara» festivali qoldirildi   

Iticket.uz sayti konsertga chiptalar sotuvini to‘xtatgan. Festivalning rasmiy Instagram sahifasi o‘chirib yuborilgan. 

Foto: Afisha.uz

20-21 may kunlari Toshkentning «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Jara» musiqiy festivali qoldirildi

Iticket.uz bergan rus tilidagi bayonotda festival qoldirilishi «dunyodagi hozirgi vaziyat» bilan bog‘liqligi aytilgan, lekin aynan qaysi vaziyatligi aniqlashtirilmagan.

«Toshkentda 20-21 may kuni rejalangan «Jara» festivali ko‘chiriladi. Afsuski, ayni vaqtda dunyodagi vaziyatni hisobga olib, katta musiqiy tadbirlarni o‘tkazib bo‘lmaydi.

Biz artistlarimizni sevadigan va ularni kutayotgan ushbu loyihaning barcha muxlislariga minnatdorchilik bildiramiz.

«Jara» festivali – bu serquyosh, musiqa va do‘stlik bayrami, bu loyiha mamlakatlar va avlodlarni birlashtiradi, bu yorqin taassurotlar va hayot ramzi. Qanday vaziyat bo‘lmasin, @zharafest doim shunday qoladi», deyilgan bayonotda.

Shu vaqtga qadar sotib olingan chiptalar @iticketuzb telegram-akkaunti orqali qaytarilishi qo‘shimcha qilingan.

3 aprel kuni iticket.uz'da konsertga chiptalar sotuvi to‘xtatildi. «Jara» festivalining Instagram'dagi sahifasi o‘chirildi.

Ma’lumot uchun, rossiyalik qo‘shiqchilar ishtirokida Toshkentda «Jara» festivali o‘tkazilishi e’lon qilingach, o‘zbekistonliklar virtual noroziliklar bildirdi.

Bunga sabab – festival ishtirokchisi bo‘lgan bir qator qo‘shiqchilar Rossiyaning Ukraina hududlarini bosib olishini ochiq qo‘llab-quvvatlagan. Festival asoschilaridan biri, G‘arb sanksiyalari ostidagi Grigoriy Leps doimiy ravishda Putin ishtirokidagi Z-shoularda qatnashib keladi, u Donbassda konsert ham bergan.

E’tiborli tomoni, faollar festival o‘tkazilishiga qarshi boshlangan kampaniyadan keyin xam biror davlat tashkiloti bu konsert bo‘yicha izoh bermadi.

«Jara» festivali 9-12 mart kunlari Qozog‘istonda o‘tkazilishi kutilgandi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi faol noroziliklar ortidan Olmaotadagi konsert noma’lum muddatga qoldirilgandi.

Aytish kerakki, urush boshlanganidan keyin «Jara» festivalini o‘tkazish qiyin bo‘lib qolgan. Sanksiyalar tufayli Yevropaga kirolmagan rossiyalik xonandalar noroziliklar tufayli nafaqat Qozog‘istondagi, balki o‘tgan yili Ozarboyjondagi konsertni ham ortga surishga majbur bo‘lgandi.   

O‘zbekistonlik faollar, ayniqsa yoshlar Rossiya propagandasiga qarshi boshlagan kampaniyasida #StopKremlinPropaganda va #StopRussianPropaganda heshteglarini ommalashtirdi.   

«Jara»ning Qozog‘istondagi konserti tashkilotchilarning o‘z tashabbuslari bilan bekor qilingani aytilgandi. Toshkentda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan festivalning qoldirilishi haqidagi xabarda esa faollarning noroziligi haqida eslab o‘tilmadi.

Mavzuga oid