Putinning «g‘alabali kichik urushlari» yoxud inqilob o‘rniga hokimiyat
Rossiya jamiyati uchun juda kam hikoya qilib berilgan Suriyadagi urush hisobga olinmasa, Putin boshlagan barcha urushlar uning reytingi oshishiga xizmat qilgan. Bu o‘z-o‘zidan yuz bermagan.
Har qanday urush uchun butun bir sabablar majmuasini topish mumkin — «obektiv» iqtisodiy asoslardan tortib, inson omili bilan bog‘liq «sub’yektiv» vajlargacha. Masalan, Putin urushlarining 2014 yildan boshlab «obektiv» sabablariga Kremlda yashovchilar gaz va neft haydovchi ikkita quvur ustida o‘tirishga asoslangan mamlakatning jo‘n iqtisodiy modeli o‘zini tugatib bo‘lgani, tashqi ekspansiyadan boshqa g‘oya qolmaganini anglab yetishgani kiradi. «Sub’yektiv» sabablarda esa qiziq bir qonuniyat ko‘zga tashlanadi, deb yozadi jurnalist, tarixchi, siyosat fanlari nomzodi Aleksandr Jyelenin.
Ukraina sanoati qattiq bog‘lanib qolgan Rossiya gazi narxini «Gazprom» tomonidan istagan payt xohlagancha oshirish hisobiga Ukrainadan neomustamlakachilik yo‘lida foydalanishga nuqta qo‘ygan «maydan» inqilobi g‘alabasi Putinning 2014 yilda Qrim va Donbassga hujum boshlashi uchun so‘nggi tomchi bo‘lgandi. Garchi bu hujumda bir vaqtning o‘zida juda katta sub’yektiv tarkibiy qism bo‘lgan esa-da.
Putin Rossiya inqiloblar limitini o‘tab bo‘ldi deb ko‘p vaqtdan buyon takrorlab kelardi, kutilmaganda uning burnining ostginasida g‘alabali xalq inqilobi ro‘y beradi va u taxtga o‘tqazgan Yanukovichni ag‘daradi. Rossiyaning shuhratparast va izzattalab hukmdori Putin nafaqat o‘zi rus xalqi bilan «bitta xalq» deb hisoblovchi ukrainlarga, Ukraina tajribasini amalga oshirishga urinmasligi uchun Rossiyadagi ruslarga ham saboq berib qo‘yishi kerak edi.
Sodir bo‘layotgan urushning ko‘p sub’yektiv sabablari qatoriga Putinning mashhurlikdan, demakki, hokimiyatdan mosuvo bo‘lishdan cho‘chishini ham kiritish mumkin. Bu ham urush boshlash uchun yetarli sabablardan biri.
«Levada-sentr» tomonidan chorak asrdan buyon monitoring qilib kelinayotgan, Vladimir Putinning prezident va bosh vazir lavozimlarida qo‘llab-quvvatlash reytingini o‘rganish asnosida qiziq detal yuzaga chiqqan.
Barcha «g‘alabali kichik urush»laridan avval Putinning xalq qo‘llovi borasidagi reytingi past darajada bo‘lgan. Urush boshlangach, keskin ko‘tarilgan.
Masalan, 1999 yil avgustida Putin bosh vazir lavozimida ishlab turganida uning bu lavozimdagi faoliyatini rossiyaliklarning 33 foizi ma’qullagan, 31 foizi ma’qullamagan. Oradan bir oy o‘tib, Ikkinchi Checheniston urushi boshlangach, ma’qullash reytingi qariyb ikki barobarga oshgan — 65 foizga yetgan. Ma’qullamaganlar soni esa 21 foizgacha kamaygan.
Putinni ma’qullash reytingi bilan o‘xshash holat 2008 yilda — u yana bosh vazir bo‘lib ishlab turgan pallada sodir bo‘lgan. 2008 yil iyulida Gurjiston bilan «besh kunlik urush» chog‘ida uning bosh vazir lavozimidagi ishini 80 foiz kishi ma’qullab turgan, urush tugagach, sentabr oyida Putinni qo‘llash reytingi 88 foizgacha ko‘tarilgan. Nisbatan kichik o‘sishni o‘sha paytda «g‘alabali kichik urush» uchun asosiy mukofotni prezidentlik kursisida o‘tirgan Dmitriy Medvedev o‘ziga tortib ketgani bilan tushuntirish mumkin.
2013 yil noyabrida Putinning prezidentlik lavozimidagi faoliyatini rossiyaliklarning 61 foizi ma’qullagan. Ma’qullamaslik reytingi bu vaqtga kelib o‘z maksimumiga yetgan va 37 foizni tashkil eta boshlagan. O‘sha paytda istiqbollar juda tumanli edi, chunki ko‘plab iqtisodchilar Rossiyada 2014 yilda iqtisodiy tanazzul yuz berishini taxmin qila boshlashgan edi.
Qrimni tezgina egallash va Ukraina sharqini ajratib olish bo‘yicha operatsiya boshlash 2014 yil martiga kelib Putinning reytingi 80 foizgacha o‘sishiga olib keldi, iyun oyida bu ko‘rsatkich 86 foizga yetdi. Uning faoliyatini ma’qullamaydiganlar soni bu vaqt ichida uch barobargacha qisqarib, 13 foizga tushdi.
Xuddi shunga o‘xshash manzarani Kremlning Ukrainaga keng qamrovli urush ochishi arafasida va urush boshlanganidan keyin ko‘rishimiz mumkin. 2021 yil noyabrida Putinni ma’qullash reytingi 63 foiz bo‘lgan, 2022 yil martida esa u 20 punktga ko‘tarilib, 83 foizga yetgan. Shu muddat ichida uning antireytingi noyabrdagi 35 foizdan martdagi 15 foizgacha qulagan.
Bu tasodifmi? Hech ham bunga o‘xshamayapti.
Yuqorida aytilganlarning yana bir sotsiologik isboti. Putin Rossiyasining Ukrainaga bostirib kirishidan ikki oy avval, o‘z agressiyasini oqlash uchun Kreml G‘arb oldiga bajarib bo‘lmas ultimatum qo‘yganida — NATOni deyarli yarmisini tarqatib yuborish (alyansni 1997 yil chegaralariga qaytarish)ni talab qilganda, «Levada-sentr» ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning dekabrida rossiyaliklarning 44 foizi «mamlakat noto‘g‘ri yo‘nalishdan ketyapti», deb hisoblashgan.
Lekin barcha ishlar «to‘g‘ri yo‘ldan ketayotgani»ga ishonuvchilar soni 48 foiz bo‘lgan. Agar statistik xato 4 foiz ekani inobatga olinsa, o‘sha paytda Rossiya rahbariyatining ishidan rozilar va norozilar soni qariyb teng bo‘lgani ko‘rinadi. Putin va uning siyosiy maslahatchilari nazdida bu vaziyat juda omonat, ya’ni xavfli sanalgan. Ularning nuqtayi nazariga ko‘ra, Qrimni allaqachon esdan chiqargan, azaliy, yillab hal qilinmagan muammolarga e’tibor qarata boshlagan Rossiya jamiyatini bir qalqitib oladigan harakat zarur bo‘lgan.
Urush ochilganidan ikki oy o‘tib, 2022 yilning aprelida mamlakatda «ishlar to‘g‘ri yo‘ldan borayotgani»ni qayd etganlar miqdori 48 foizdan 66 foizgacha ko‘tarilgan. «Mamlakat noto‘g‘ri yo‘ldan bormoqda» deb hisoblovchilar esa 44 foizdan 22 foizgacha kamaygan.
Gap bu yerda rossiyaliklarning tabiiy qonsiraganida emas, urush boshlanganidan so‘ng davlat propaganda mashinasi bor kuchi bilan ishga tushganida. Biroq, Putin o‘z urushlarini boshlagach, o‘zi odatda doimo shunday bo‘lgan.
Faqat Suriyadagi urush istisno. Uni Rossiya jamiyati turli sabablarga ko‘ra sezmay qoldi. Xullas, Putinning barcha urushlari uning reytingini oshirishga xizmat qilgan va albatta bu o‘z-o‘zidan yuz bermagan.
Ma’lumki, Putin Rossiya imperiyasi tarixining, ayniqsa uning asosiy monarx personajlarining katta ixlosmandi. Masalan, Nikolay II’ning ichki ishlar vaziri va jandarmlari rahbari Vyacheslav Pleve kabilarning. O‘sha paytdagi moliya vaziri Sergey Vitte Plevedan shunday iqtibos keltiradi: «Inqilobni ushlab turish uchun bizga kichik va g‘alabali urush kerak».
Ha, Rossiyada hokimi mutlaqning reytingini ushlab turish (oshirish) bilan o‘sha vaqtlarda, hali mamlakat elektoral diktatura bo‘lmagan chog‘larda ham shug‘ullanishgan… Bizga yaqin tarixni-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.
Putin uchun har qanday inqilob, u xoh Oktyabr inqilobi, xoh «zarg‘aldoq» va «rangli» bo‘lsin, doim uning tungi bosinqirashi bo‘lgan. Bunga sabab uning maslagi va qat’iy ishonchigina emas. Putin uchun inqilob mutlaq kulfatdir. 2017 yilda u 1917 yilgi Oktyabr inqilobining 100 yilligi oldidan bu sanani nishonlash kerakligi, «biroq ko‘klarga ko‘tarmaslik» zarurligini aytgan. Bunisi ham tushunarli. Uning nazdida, inqilobni emas, bosqinchilik va birodarkushlik urushini ko‘klarga ko‘tarish, romantikalashtirish yaraydi.
Putinda har qanday inqilobni ko‘ra olmaslik uchun nafaqat g‘oyaviy sabablar, mutlaq amaliy sabablar ham bor. U Yelsindan qabul qilib olgan va butkul betonlab tashlagan o‘ta prezidentlik respublikasi siyosiy tizimida Putin toabad prezident bo‘lib qoladi. U bu yerda biror narsa o‘zi yaratgan tizim doirasidan tashqarida, ya’ni inqilobiy yo‘l bilangina o‘zgarishi mumkinligini yaxshi tushunadi. Shuning uchun voqealarning bunday tus olishiga bo‘lgan har qanday dastlabki shartlarni yo‘q qilish uning siyosatining asosiy maqsadiga aylangan. Bu ma’noda «g‘alabali kichik urush» hokimiyatni saqlab qolishda uning uchun allaqachon ish beradigan vositaga aylangan.
Albatta, 2022 yilda Akela qattiq adashdi. Putinga omad juda ham ko‘p qarashib kelayotgan edi. U boshlagan urushlar chindan ham kichik edi (Gurjiston va Suriyadagi singari), ammo kichik bo‘lmasa ham (Chechenistondagi kabi), biroq surbetlik, yolg‘on, chapdastlik va ommaviy propaganda bilan qorishgan shafqatsiz zulm bilan olib borilgan urushlar shu paytgacha ulardan hechqursa nominal g‘olib sifatida chiqishga yordam berib kelayotgan edi.
Endi esa hokimiyatni saqlab qolishning sinalgan usuli uni yo‘qotish sababiga aylanib ketishi mumkin.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
15:59