Jahon | 20:51 / 01.05.2023
25402
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainani uch kun ichida ikkinchi bor yoppasiga o‘qqa tutdi

Pavlogradda tinch aholi vakillaridan kamida 34 kishi yaralangan. RF mudofaa vazirligi zarbalardan ko‘zlangan maqsadga erishilganini ma’lum qildi.

SERGEI LISAK/ UKRAINIAN AUTHORITIES

Dushanbaga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari yana bir bor Ukraina hududlariga yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, jami 18 ta raketa uchirilgan, ukrainlarning havo hujumidan mudofaa kuchlari shundan 15 tasini urib tushirgan. Kiyevda havo hujumidan mudofaa tizimi barcha hujumlarni qaytargan, ammo Dnipropetrovsk oblastida raketa zarbasi tufayli o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy soat 02:30 da rossiyaliklar Ukraina hududigga strategik aviatsiyadan zarbalar yo‘llagani haqida yozdi - Olenegorsk rayoni (Murmansk oblasti) da Tu-95 to‘qqizta, Kaspiy dengizi hududidagi Tu-160 ikkita raketa uchirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlardan jami 18 ta X-101/X-555 rusumli qanotli raketalar yo‘llangan, ukrain harbiylari esa ularning 15 tasini yo‘q qilgan.

Ukraina hududida uch soat davomida havo trevogasi amalda bo‘ldi.

Pavlogradda raketa zarbasi oqibatlari

Eng jiddiy vayrongarchiliklar Dnipropetrovsk oblastining Pavlograd shahrida kuzatildi - mamlakat sharqidagi bu shahar front chizig‘iga 100 km masofada joylashgan.

Yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda yorqin chaqnash va portlashlarni ko‘rish mumkin. Rossiyadagi ayrim telegram-kanallar shunga ko‘ra ukrainlarning o‘q-dori ombori zarbaga uchraganini taxmin qilgan.

«Dushman raketalar bilan hujum qildi. Ulardan yettitasi «Vostok» havo qo‘mondonligi harbiylari tomonidan urib tushirildi. Ammo nishonga tekkanlari ham bo‘ldi», deya yozgan tunda Dnipropetrovsk oblasti rahbari Sergey Lisak o‘z telegram-kanalida.

Lisak shahardagi sanoat korxonalaridan birida yong‘in boshlangani, yong‘in tez orada o‘chirilgani haqida xabar qilgan. Ma’muriyat rahbari «aholi yashash hududida 19 ta ko‘p qavatli uy, 25 ta xususiy uy, oltita maktab va bog‘cha binolari, beshta do‘kon shikastlangani»ni qo‘shimcha qilgan.

SERGEI LISAK/ UKRAINIAN AUTHORITIES

Lisakning so‘zlariga ko‘ra, Pavlogradda raketa zarbasi oqibatida 34 kishi, jumladan uch bola ham (eng kichigi sakkiz yoshli qizcha) turli darajada tan jarohatlari olgan. Lisakning ma’lumotiga ko‘ra, 45 va 55 yoshlardagi ikki ayol jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Kiyevga hujum

Keyinroq Ukrainaning ko‘plab hududlarida, jumladan Kiyevda ham havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi va soat 4 dan 7 ga qadar davom etdi.

Ukraina poytaxti ma’muriyati xabar berishicha, Rossiya kuchlari tunda shaharga raketa va dronlar bilan hujum qilgan, poytaxt tomon uchib kelgan barcha raketalar urib tushirilgan.

Buyuk Britaniyaning Ukrainadagi elchisi Milinda Simmons Kiyevga hujumlar qaytarilayotgan vaqtda tvitterida shunday yozdi: «Hozir ko‘chada juda kuchli shovqin. Ovozlarga qaraganda, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi Rossiyaning «birinchi may budilnigi»ga javob qaytarish uchun qattiq ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda».

RF mudofaa vazirligi har kungi brifingida 1 mayga o‘tar kechasi Ukraina hududi bo‘ylab berilgan raketa zarbalari nishoni «harbiy-sanoat majmuasi obektlari» bo‘lganini ma’lum qildi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, zarba «havo va dengizdan turib yuqori aniqlikda uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar bilan berilgan».

«Zarbalardan maqsadga erishildi. Barcha belgilangan obektlar aniq nishonga olindi. Ukraina qo‘shinlari uchun o‘q-dorilar, qurollar va harbiy texnikalar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati to‘xtatildi», deyilgan xabarda.

Bu Rossiyaning so‘nggi uch kun ichida Ukrainaga ikkinchi bor yoppasiga raketa zarbalari yo‘llashi bo‘ldi. 28 aprelga o‘tar kechasi Kiyevs, Cherkass, Dnipropetrovsk va boshqa oblastlarda portlashlar ro‘y bergandi. Ukrain harbiylariga ko‘ra, Rossiya o‘shanda 23 ta qanotli raketa yo‘llagan, Ukraina QK esa ularning 21 tasini urib tushirgan. Otishmalar oqibatida bir qancha turar joylar vayron qilinib, kamida 25 kishi halok bo‘lgan.

Xususan, Rossiya raketalaridan biri Cherkass oblastining Uman shahridagi to‘qqiz qavatli uyga kelib urilgan va uyning seksiyalaridan qulab tushgan. Qutqaruvchilarning ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda 23 bola, jumladan besh nafar bola halok bo‘ldi.

Mavzuga oid