Jahon | 15:09 / 01.05.2023
36251
15 daqiqa o‘qiladi

«Xitoyning vassaliga aylanayotgan Rossiya»: nega bu endi uyatli hol emas?

Aprel oyi o‘rtalarida Xitoy mudofaa vaziri Li Shangfu Moskvaga tashrifi chog‘ida Vladimir Putin «butun jahonda tinchlikni ta’minlash va rivojlanish uchun muhim hissa qo‘shayotgani»ni qayd etib, uni «misli ko‘rilmagan davlat yetakchisi» deb atadi.

XXR mudofaa vaziri Li Shangfu Moskvada. Foto: 1tv.ru

Shangfu Rossiyaga XXR raisi Si Jinping bilan birga kelgan edi. Muzokara chog‘ida Si va Putin bir-birini «aziz do‘stim» deb atashgan. Negaligi tushunarli: Ukrainadagi urush tufayli g‘arb saknsiyalari joriy qilingach, Xitoy RF bilan munosabatlarni saqlab turgan kam sonli yirik davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Si Jinping Kuril orollarining tegishliligi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini ham o‘zgartirgan: avval Xitoy bu masalada Yaponiyani qo‘llab kelgan bo‘lsa, endi neytralligini namoyish qilmoqda; Xitoy kompaniyalari 2022 yil yozidan buyon Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazayotgani gumon qilinadi; 2022 yil yakunlariga ko‘ra ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi qariyb 30 foizga oshgan.

Putin va Si Jinping muzokaralar «iliq va do‘stona muhitda» o‘tganini xabar qilishdi. Yozuvchi German Sadulayev tashrif yakunlariga ko‘ra Rossiya Xitoyning vassaliga aylanganini e’lon qildi va bu yaxshi hol ekani, chunki g‘arb endi Rossiyani talab, parchalay olmasligini ta’kidladi. Publitsist Dmitriy Olshanskiy ham Rossiya AQShning emas, aynan Xitoyning vassaliga aylanishi kerakligini yozdi, chunki Xitoy begona qadriyatlarni tiqishtirmas ekan. Siyosatchi Roman Yuneman esa Rossiya Xitoyning «kichik ukasi» ekanini ta’kidlagan.

Xo‘sh, Rossiya doim Xitoyni ittifoqchi deb bilganmi?

Yo‘q.

XIX asr oxirlarida jahonda g‘arbning nasroniycha «oqtanli» dunyosiga tahdid soluvchi «sariq xavf» (Yellow Terror, yoki Yellow Specter) haqidagi tasavvurlar juda keng tarqala boshladi. 1895 yilda Olmoniya imperatori Vilhelm II Rossiya imperatori Nikolay II’ga surat sovg‘a qildi: unda Yevropaning asosiy millatlarini tamsil etuvchi ayollar sharqda Budda obrazi ko‘tarilayotganini kuzatib turishibdi; farishta ularni «o‘z e’tiqodi va uyini saqlab qolish uchun» birlashishga chorlamoqda (mana bu va mana bu havolalarda ushbu surat irqchilik mafkurasiga asoslanganini isbotlab beruvchi ilmiy qarashlar keltirilgan).

Nikolay II’ga sovg‘a qilingan o‘sha surat. Foto: Wikipedia

«Sariq xavf» termini tezda akademik fikrlar doirasiga ko‘chib o‘tdi. Ayrim tadqiqotchilar jiddiy tarzda nega Osiyo davlatlariga tahdid keltirishini tahlil qila boshlashdi: ko‘p sonli aholi va ishchi kuchi arzonligi ularga iqtisodiy jihatdan yetakchilik qilishni ta’minlaydi, shuningdek migratsion krizis ehtimoli ham oshadi. 

Keyingi yarim asrdan sal ziyod davr mobyanida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar qarama-qarshi chegaragacha yetib bordi: Avval Rossiyada bolsheviklar inqilobi ro‘y berdi, keyin 1949 yilda Xitoyda sovetlar ittifoqi qo‘llovi ostida Mao Jyedong rahbarligida kommunistik partiya hokimiyatga keldi. Shundan so‘ng propaganda «rus va xitoylik — toabad birodar» degan g‘oyani aylantira boshladi. 

Ammo mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar har doim ham «birodarlik» ko‘rinishida emasdi. Chegaraoldi mojarolari seriyasiSSSRning parchalanishi va shundan so‘ng 1990-yillarda Rossiya duchor bo‘lgan beqaror iqtisodiy va siyosiy vaziyat «sariq xavf» qo‘rquvini tushunarliroq va oddiyroq «Xitoy tahdidi»ga almashtirdi.

Bunda asosan Xitoyning Rossiyaga demografik ekspansiyasi (to‘g‘ri, garchi haddan ziyod bo‘rttirilgan bo‘lsa-da), shuningdek, Xitoyning yetakchiligi tufayli Rossiyaning Osiyoga ta’siri kamaya boshlashi tushunila boshlandi. Undan tashqari, «Xitoy tahdidi» mifini qo‘llay turib, Rossiya hududlaridagi amaldorlar o‘z samarasizligini xaspo‘shlab, federal markaz diqqat-eʼtiborini jalb etishga harakat qilib, subsidiyalar talab qila boshlashdi. Millatchilar uchun Xitoy ekzotik «do‘st», dushmanning tushunarli obrazi edi. Rossiyaning siyosiy va harbiy rahbariyati esa XXR bilan harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishdan cho‘chib turar, chunki Pekin mamlakatga bostirib kirishi mumkin bo‘lgan ehtimolni jiddiy tarzda ko‘rib chiqqan edi. 

Biroq vaqt o‘tishi bilan Xitoy tahdidi haqidagi mif ommaviy muhokamadan g‘oyib bo‘ldi. Xitoyni geosiyosiy raqib sifatida tasvirlashni bas qilishdi. Bunga yetarli sabablar bor edi: 1990-yillar oxirlarida Rossiya ham, Xitoy ham «ko‘pqutbli dunyo» mafkurasini ilgari sura boshladi. Ikki mamlakat orasidagi hozirgi munosabatlar «birqutbli dunyo» (ya’ni AQShning global yetakchiligi) nomaqbul va/yoki imkonsiz degan tasavvur bilan qurilmoqda.

Xitoy uchun Rossiya kim — ittifoqchimi?

Ha, lekin Rossiya siyosiy rahbariyati o‘zi uchun tasavvvur qiladigan darajada emas.

Xitoy Rossiyaning sharq tomon har bir yuzlanishini skeptik qabul qiladi. So‘nggi 200 yil ichida bunday burilishlar bir necha bor ro‘y bergan — ulardan so‘ng Rossiya albatta yana Yevropa tomon yuzlangan. Pekindagilar Rossiya uchun Xitoy nechog‘lik muhim «do‘st» bo‘lmasin, g‘arb do‘stlashish uchun ham, qarama-qarshilik uchun ham alaloqibatda muhimroq bo‘lib chiqqanini yaxshi eslashadi.

Xitoylik senzorlar Rossiya bilan munosabatlarni tasvirlovchi har qanday terminlarning Xitoy internetida paydo bo‘lishini sinchiklab kuzatishadi va nazorat qilishadi. Xitoylik internet foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga, shuningdek, Xitoy ijtimoiy tarmoqlari monitoringiga ko‘ra, Rossiya propagandachilari tomonidan zo‘r berib aylantirilayotgan Rossiya va Xitoyning yaqinlashuvi xitoyliklar uchun umuman sezilmagan.

Ochiq internet-munozaralarda «Rossiya — Xitoyning kichik ukasi», «Rossiya — Xitoyning vassali», «Rossiya endi bizniki», «Rossiya va Xitoy G‘arbga qarshi yelkama-yelka turibdi», «Rossiya — Xitoyning yagona ittifoqchisi» kabi ta’kidlar umuman yo‘q.

Biroq, Ukrainadagi urushda xitoylik internet foydalanuvchilarining mutlaq katta qismi Rossiyani va xususan Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashmoqda. To‘g‘ri, bunda ularni yagona jihat qiziqtiradi: go‘yoki Rossiya NATOga qarshi urushmoqda. Biroq xitoyliklar XXR rahbariyatini Rossiyaga harbiy yordam berishga yoki «kollektiv G‘arb» bilan kurashish uchun pul ajratishga chaqirmayapti. 

Xitoy uchun Ukraina — bu uzoq bir joyda joylashgan davlat. Rossiya ochgan urush esa shunchaki hududiy mojaro. Agar Putinning G‘arb bilan qarama-qarshi turish haqidagi narrativi bo‘lmasa, bu urushga umuman e’tibor ham bermagan bo‘lishardi.

So‘nggi bir necha yil ichida Xitoy «insoniyatning yagona taqdiri hamjamiyati»ni yaratish g‘oyasini ilgari surib keladi. Bu konsepsiya XXR kompartiyasi nizomiga kiritilgan va BMTning ayrim hujjatlaridan ham o‘rin olgan.

Bu «hamjamiyat»da uzoq muddatli tinchlik, yalpi xavfsizlik, birgalikdagi farovonlik, ochiqlik va inklyuzivlik hukmron bo‘lishi kerak. Konsepsiya sovuq urushdan voz kechishni, barcha davlatlarning suverenitetini hurmat qilishni, o‘zaro tushunish asosida teng huquqli maslahatlashuvlar o‘tkazishni nazarda tutadi. Mamlakatlar siyosiy va iqtisodiy jihatdan o‘lchamlaridan qat’i nazar, tenglik prinsiplarida bir-biri bilan hamkorlik qilishlari kerak.

Xitoy intilayotgan yagona narsa — tashqi siyosiy qarorlar qabul qilinayotganda o‘z suverenitetini himoya qilish, Rossiya Ukraina bilan urushda o‘zini qo‘llashni talab qilib qanchalik yopishib olmasin, AQSh va YeI Rossiyani ayblashni undan talab qilmasin, neytrallikni saqlab qolishdan iborat.

Bu holatda Amerikaning 2022 yilgi Milliy xavfsizlik strategiyasida Xitoy va Rossiyaga, ularning o‘sib borayotgan hamkorligiga alohida e’tibor qaratilgan. AQSh ularni sinchiklab ajratib ko‘rsatgan: tizimli o‘yinchi sifatida Xitoy bilan eng avvalo raqobat qilish kerak, o‘tkir tahdidlar yaratayotgan Rossiyani esa tiyib turish kerak. 

Xitoy, shubhasiz, buni o‘z rivojlanish strategiyasida hisobga oladi, AQSh bilan potensial qarama-qarshilik uchun tayyorgarlik ko‘rishda, jumladan, o‘z havo hujumidan mudofaa tizimlarini kuchaytirish uchun Rossiya bilan harbiy-siyosiy hamkorlik eng ratsional strategiya ekanini biladi. Rossiya bu holatda shimoldan katta qalqon vazifasini o‘tashi mumkin.

Kreml Xitoy bilan do‘stlikdan umid qilyaptimi?

Bunisi aniq emas. Lekin, toki rejim almashmas ekan, ular shunga ishonishiga to‘g‘ri keladi.

Rossiya siyosiy elitasi garchi ayrim xususiyatlari farq qilsa-da, butun tarixi mobaynida o‘zini Yevropaga xos deb bilib kelgan. Rossiya elitasining farzandlari Heylongjiang yoki Shanghay universitetida emas, Stenford yoki Sorbonnada o‘qiydi. Rossiya siyosatchilari, amaldorlari va propagandachilari G‘arbda ko‘chmas mulklarga ega va aktivlarini ham o‘sha yerda saqlashadi. Shu sababli har safar g‘arb davlatlari bilan munosabat buzilganda «Sharqqa yuzlanish» «chipta sotib olib, konduktorga achchiq qilib piyoda ketish» mantig‘i asosida ro‘y beradi.

2000 yildan boshlab va Qrim anneksiya qilingunga qadar Xitoy Rossiyada na dushman, na mustahkam va ishonchli ittifoqchi sifatida qabul qilinardi. Rossiya-Xitoy munosabatlari shunchaki normal konstruktiv hamkorlik o‘zanida rivojlanib kelgan. Rossiya qayerdadir o‘rtaroqda bo‘lgan. Rossiya doim kimningdir «kichik ukasi»ga aylanib qolishdan qochib kelgan — g‘arbning «sivilizatsiyalashgan dunyosi»ning ham, Xitoyning ham; «jahon imeprializmi»ga qarshi kurashuvchilarning ham, «Xitoy tahdidi»ga qarshi turuvchilarning ham old safida emasdi.

2014 yil yozida Rossiya Xitoyga 400 mlrd dollarlik gaz yetkazib berish bo‘yicha 30 yillik shartnoma imzoladi. Aynan mana shu ondan boshlab rossiyalik propagandachilar «Sharqqa yuzlanish» haqida og‘iz ko‘pirtira boshlashdi. Rossiyaning Sharq tomon «burilgani» fakti G‘arbdan «yuz o‘girgani» oldida mafkuraviy jihatdan u qadar muhim emasligi unutildi.

«Sharq» deganda birinchi navbatda Xitoy tushunilardi, lekin siyosatchilar XXR Rossiyaning bu mintaqadagi yagona hamkori emasligiga urg‘u bera boshlashdi. «Burilish»ning ma’nosini ular yangi ittifoqchilar: Yaponiya, Hindiston, Osiyo-Tinch okeani mintaqasining barcha asosiy o‘yinchilarini jalb qilish bilan tushuntirishdi. «Sharqqa yuzlanish» g‘oyasini Kreml boshqa ko‘p holatlarda bo‘lganidek, AQShdan olgan, lekin uni o‘zlariga moslab talqin qilishdi.

O‘shanda «Sharqqa yuzlanish» aynan Rossiyaning tanlovi sifatida qabul qilingan edi. Biroq, 2022 yilda «Valday» muzokara klubining dasturiy direktori Timofey Bordachyov «Rossiyaning AQSh va Yevropa bilan gibrid urushi» tufayli «Sharqqa yuzlanish» zaruratga aylangani va Rossiya unga «chindan ham jiddiy» e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.

Hali uzoq davom etishi taxmin qilinayotgan urush va tobora ko‘payib borishi aniq bo‘lgan sanksiyalar sharoitida «Xitoyning vassali»ga aylanish uyat emas. Ha, garchi bu ibora rasmiy shaxslar og‘zidan yangramayotgan, ekspertlar bu borada bahslashishga tayyor bo‘lishsa-da, asosiy hissiyotlar ufurib turibdi.

Xitoy — dunyoning aholi soni bo‘yicha yirik davlatlaridan biri (tarixda ilk bor uni yaqinda Hindiston quvib o‘tdi) va jahonning ikkinchi iqtisodiyoti. U yerdagi siyosiy boshqaruv Rossiyadagidan samaraliroq ekani ko‘rinib qoldi. AQSh jiddiy tarzda Xitoyni asosiy xavf sifatida qabul qilmoqda, chunki ular ikki mamlakat qarama-qarshiligi nima bilan tugashini yaxshi bilishadi. Bunday sharoitda garchi mamlakat o‘zi talabgor bo‘lgan «buyuk barqudrat davlat» statusiga ko‘p ham to‘g‘ri kelmasa-da, Rossiyaga qandaydir bo‘ysunuvchi vaziyatda bo‘lish u qadar sharmandali hol emasdek.

Lekin uning mutlaqo ahamiyati yo‘q. Rossiyaning «kollektiv G‘arb» bilan qarama-qarshilik olovida yonayotgan hozirgi siyosiy rahbariyati uchun Amerika «vassali»ga aylanib qolmaslikning o‘zi katta natija. Ayniqsa, «hukmdori» Xitoy bilan ichki va tashqi siyosiy kurslari o‘xshash bo‘lib turganda. 

Xitoy kabi davlatning «vassali»ga aylanish shunchaki qulay ham — «hukmdor» so‘z erkinligini cheklash, ozchiliklar huquqini toptash va qatag‘onlar uchun ta’na qilmaydi. Chunki uning o‘zi erkinliklarni cheklaydi va bu unga hamma hisoblashadigan davlat bo‘lishda aslo xalaqit berayotgani yo‘q.

Mavzuga oid