Jahon | 09:26 / 14.05.2023
25358
9 daqiqa o‘qiladi

Putinning Gurjiston orzusi: u viza rejimini nega bekor qildi?

Rossiya prezidentining Gurjiston bilan viza rejimini bekor qilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash to‘g‘risidagi farmonlaridan so‘ng, Gurjiston hukumati harbiy safarbarlikdan qochib mamlakatda panoh topayotgan rossiyaliklar uchun viza joriy etishni o‘ylab qoldi. Nega?

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili. Foto: Jãrgen Heinrich /

Putinning yuqorida zikr etilgan ikkita farmoni Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili hamda uning atrofida birlashgan yevropaparast muxolifatning qattiq tahlikali reaksiyasini keltirib chiqardi. Yevropa Ittifoqi ham chetda qolmadi va hukmron rossiyaparast «Gurjiston orzusi» tomonidan tuzilgan hukumatga ikkilamchi sanksiyalar bilan tahdid qildi, deb yozadi jurnalist va tarixchi Aleksandr Jyelenin.

Zurabishvili esa bir qaraganda Kremlning ijobiy qadamlariga javoban ters xarakterdagi choralar ko‘rish kerakligini ta’kidladi. Jumladan, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarni taqiqlash, rossiyaliklar uchun viza joriy etishni. Bungacha ikki mamlakat o‘rtasidagi viza rejimi birtomonlama xarakterga ega edi — faqat Rossiyaga kirib kelayotgan gurjistonliklar viza olishga majbur edilar. Rossiyaliklar esa 2008 yilgi urushdan so‘ng ham Gurjistonga shunchaki chegarada pasportni taqdim etib, to‘siqlarsiz kirib kelishda davom etishayotgan edi.

Putin farmonlari nimani o‘zgartirdi?

Yaqindan tanishilsa, hech narsani o‘zgartirmagani ma’lum bo‘ladi. Vizalar Rossiyaga 90 kundan kam muddatga kirib kelayotgan gurjilar uchun bekor qilinadi, ya’ni juda kamchilik guruh uchun. Chunki gurjilarning juda katta qismi Rossiyaga ishlash uchun borishadi yoki borishni istashadi, bir qismi o‘qish uchun borishadi. Mana shu toifadagi ko‘plab insonlar uchun viza rejimi amal qilaveradi. Boz ustiga, 2008 yil Rossiya Janubiy Osetiyani anneksiya qilgach, Moskva bilan diplomatik aloqalarni uzgan diplomatlar uchun ham viza rejimi amal qilishda davom etadi. Gurjiston o‘z manfaatlarini Moskvadagi Shveytsariya elchixonasi orqali taqdim etib kelmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, Kreml tomonidan «insonparvarlik xarakteridagi qaror» sifatida taqdim etilayotgan qaror ikki mamlakat munosabatlarida ko‘p narsani o‘zgartirmaydi.

Ikkinchi farmon Rossiya va Gurjiston o‘rtasidagi aviaqatnovlarning qayta tiklanishiga taalluqli. Bu esa Putin tomonidan 2019 yilda kiritilgan taqiqni bekor qiladi, xolos. Ya’ni bu yerda ham hech qanaqa yangilik yo‘q: poshsho taqiqladi, poshsho ruxsat berdi. Lekin gap shundaki, aviaqatnovlar – ikkitomonlama harakat. Putin Rossiyada istagan narsasini taqiqlab yo ruxsat berishi mumkin, lekin Gurjistonda o‘z qonunlari va qoidalari bor. Agar Gurjiston hukumati Putinning bu «ezgu niyatdagi qadami»ni istamasa, Rossiya bilan hech qanaqa aviaqatnovlar tiklanmaydi.

Albatta, Kremlning har bir xatti-harakatida firib ko‘radigan Zurabishvili va Gurjiston muxolifatining pozitsiyasi Rossiya tomonidan Tsxinvali tumani anneksiya qilingach va Abxaziya mustaqilligi tan olingach, mutlaqo qonunga muvofiq va mantiqli. Bugun har bir gurji sizga Rossiya Gurjistonning 20 foiz hududini anneksiya qilganini aytadi. Gurjilarning katta qismi Rossiyaning Ukrainaga hujumidan nafratlanadi. Rossiyaning Gurjistonga oid har qanday harakatiga Gurjiston jamiyatining keskin reaksiyasi ildizi mana shu yerda.

Lekin biz podadan oldin chang chiqarishga guvoh bo‘lmoqdamiz. Agar gurjilar Rossiya bilan aviaqatnovlar tiklanishini xohlashmasa, u tiklanmaydi. «Vizalarning bekor bo‘lishi» esa gurjilarning katta qismini qamrab olmaydi. Unda nega bunchalik vahima kelib chiqmoqda?

Ha, sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichar, deyishadi. Bunisi tushunarli. Moskvaning mustaqil siyosat o‘tkazmoqchi bo‘lgan, uning ta’siridan chiqishga harakat qilayotgan qo‘shnilariga nisbatan siyosati ham tushunarli, so‘nggi 23 yil ichida Kreml bu davlatlarni xavf darajasi katta bo‘lgan manbalar deb hisoblaydi. Bunisi ham tushunarli.

Biroq ayrim savollar ham borki, ularga chetdagi kuzatuvchilar uchun adekvat javoblar topish ancha mushkul.

Aytaylik, gurjilar Rossiya rahbariyatining harakatlaridan norozi bo‘lsa, nega aynan Putinga qarshi chiqayotgan va Gurjistonni qo‘llab-quvvatlayotgan rossiyaliklar bundan jabr tortishi kerak?

Gap, albatta, Salome Zurabishvili va muxolifatning Gurjistonga qochib o‘tgan yuz mingdan ortiq rossiyaliklar uchun viza joriy etish taklifi haqida ketmoqda. Chunki aynan ular (hechqursa, ularning katta qismi) Rossiya hukumatining siyosatidan norozi bo‘lib Gurjistonga qochib kelgan. Mantiq qayerda?

Tbilisidagi Gurjiston parlamenti binosi. Foto: Marcin Konsek / Wikimedia Commons

Albatta, Gurjistonga qochib o‘tgan rossiyaliklar ichida Putinning tarafdorlari ham borligi tayin. Ha, 2022 yilda bu mamlakat bo‘ylab o‘tgan insonlarning katta oqimi ichida birmuncha maxfiy va ochiq Kreml agentlari bo‘lishi ham tabiiy. Lekin, hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi a’zolari kim? Kremlning chizgan chizig‘idan chiqmaydi-ku ular ham? Nega ular uchun Putin askarlari bo‘lishni istamayotgan, ukrain va gurjilarni o‘ldirishni, o‘zlari ham o‘lishni istamayotgan yuz minglab rossiyaliklar javob berishi kerak?

Gurjistonda yashar ekansiz, gurji siyosiy ongining ayrim o‘ziga xos xususiyatlarini sezmaslik mumkin emas. Bir tomondan Gurjiston hukumati va gurji xalqi 700 mingdan ortiq rossiyaliklarga — mamlakatga 2008 yili hujum qilib, Tsxinvali tumanini egallab olgan, ungacha abxaz ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlagan davlat fuqarolariga eshigini ochib, katta bag‘rikenglikni namoyish etdi.

Ikkinchi tomondan, gurjilarning katta qismi rossiyaliklar nima uchun qochayotganini tushunmaydi. Tbilisiliklarning katta qismi Rossiyada iqtisodiy vaziyat izdan chiqqani uchun fuqarolari qochib kelyapti, degan fikrda. Asl vaziyatni tushuntirish esa befoyda.

Yo‘q, Gurjistonda ruslarga qarshi tajovuz yo‘q. Garchi Tbilisidagi ko‘plab xonadonlarga «Slava Ukraine» va «F*ck Russia» deb yozib qo‘yilgan bo‘lsa ham, maishiy darajada ruslarga munosabat nisbatan yaxshi. Har bir gurji «yomon xalq bo‘lmaydi, yomon hokimiyat bo‘ladi», degan fikrda. Bu esa sizga so‘ralgan zahoti «yomon» xalqlarning butun bir ro‘yxatini ko‘rsatishga mudom tayyor bo‘lgan ruslardan tubdan farq qiladi.

Aksariyat ruslardan farqli o‘laroq, gurjilar o‘ta tolerant. Tbilisi ko‘chalari kimlarni uchratmaysiz – eronliklar, pokistonliklar, ozarboyjonlar, armanlar, afrikaliklar, endi esa ruslar, ukrainlar va belaruslar ham ko‘payib qolgan. Gurjiston ularning barchasiga o‘z eshiklarini ochgan va bu nihoyatda oliyjanoblik. Lekin gurjicha siyosatning paradoksi shundaki, rossiyalik siyosiy faollar va jurnalistlarni Gurjiston xavfsizlik xizmati mamlakatga kiritmaydi. Nega bunday? Hukumat va Gurjiston xavfsizlik xizmatidan so‘rash kerak buni...

Nihoyat, so‘nggi savol: Gurjistonga doir ushbu ikkita farmonni imzolay turib, Putin nimani ko‘zlagan o‘zi?

Birinchi versiya — iqtisodiy. Masalan, «Kommersant’» nashri yaqinda 2023 yilning birinchi choragida Gurjiston Rossiyaga o‘z sharoblari eksportini 50 foizga oshirganini yozdi. O‘z navbatida, Gurjistonda yashab turib, mahalliy do‘konlar va dorixonalar peshtaxtalarida Rossiyada ishlab chiqarilgan oziq-ovqat va dori-darmon mahsuloti ko‘payib qolganini sezmaslik mumkin emas.

Albatta, Rossiya va Gurjiston o‘rtasidagi aviaqatnovlarning tiklanishi ikki mamlakatning o‘zaro tovar aylanmasini yanada oshirardi. Biroq, aholisi 3,7 mln kishi bo‘lgan, unchalik boy bo‘lmagan mamlakatning ichki iste’mol hajmi g‘arb sanksiyalaridan ezilgan Rossiyadek katta davlat iqtisodiyoti uchun katta rol o‘ynamaydi. Yoki global bozorlarni qo‘ldan boy bergan Kreml kichik qo‘shnilarni bittalab terib chiqyaptimi?

Ikkinchi versiya shundan iboratki, Putin bu qadamlar bilan ataylab Gurjiston jamiyatini qo‘zg‘atib qo‘yishni maqsad qilgan (va buni uddaladi ham). Ichki ziddiyatlarning loyqalangan suvida o‘z o‘yinlarini o‘ynash uchun, albatta. Bu juda ham ehtimolli. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, qiziqqon gurji siyosatchilariga Putin provokatsiyalariga uchmaslikni, otashqalblikni tark emasdan, sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lishni tilaging keladi.

Mavzuga oid