Jahon | 17:41 / 16.05.2023
15267
7 daqiqa o‘qiladi

Tan olinmayotgan odamlar – chiqindi yig‘uvchilar haqida

Chiqindi yig‘uvchilar ahamiyati uncha yuqori bo‘lmagan ish qilayotganga o‘xshab tuyulsa-da, ular atrof-muhitni ifloslanishdan saqlovchi muhim kishilar hisoblanadi. Lekin chiqindi yig‘uvchilar hukumatlar tomonidan rasman tan olinmaslik, odamlarning mensimasliklariga duch kelishadi. Biroq baribir sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan axlatxonalarda qayta ishlanuvchi chiqindilarni saralashda davom etishadi.

Iqlim o‘zgarishi muammolari kattalashayotgani sari chiqindilarni qayta ishlash, ifloslanishning oldini olish muhim bo‘lib boryapti. Bu jarayonda chiqindi teruvchilarning ahamiyati katta. Ular dunyo bo‘yicha 60 foiz plastikni qayta ishlashga sababchi bo‘lishadi. Biroq bu odamlarning muammolari ham katta: ular daromad kamligidan qiynalishadi, zo‘rlik va boshqa tajovuzlardan eng kam himoyalanadigan qatlam bo‘lib qolishmoqda, qolaversa, plastik ifloslanishi sabab vujudga keladigan kasalliklar bilan ham eng ko‘p ular og‘riydi.

Foto: Wiego

56 mln ishchisi bor soha

Dunyo bo‘yicha 56 mlnga yaqin odam chiqindilarni – metall, shisha, karton va plastiklarni terib, ularni qayta ishlashga topshirish ishlari bilan shug‘ullanadi.

Meksikadan Nyu-Yorkka migrant bo‘lib kelgan Jozefa Manir ham chiqindi teruvchi. U 1987 yili Amerikaga kelgach dastlab shirinlik ishlab chiqaruvchi fabrikada supuruvchi bo‘lib ishlaydi. Haftasiga 140 dollarlik maoshiga harna yana qo‘shilishi uchun chiqindi tera boshlaydi. U Bruklin atrofida aravada aylanib yurib, qayta ishlanuvchi chiqindilarni yig‘ib, qayta ishlash markazida ularni naqdga sotib oladigan vositachilarga sotardi. Keyinroq, 2000-yillarda asosiy ishidan ayrilgach, chiqindi saralash Jozefaning asosiy tirikchilik manbaiga aylanadi va bundan kuniga o‘rtacha 80 dollar atrofida pul topadi.

Chiqindi teruvchilar nafaqat chiqindilarni qayta ishlash markazlariga topshiradi, balki ular odamlarni chiqindilarni qanday saralash mumkinligiga ham o‘rgatib borishadi. Shuning uchun ham ularning ifloslanishning oldini olishdagi xizmatlari katta. Biroq, afsuski, ko‘p davlatlarda chiqindi teruvchilar huquqiy jihatdan tan olinmagan. Masalan, O‘zbekistonda ham shifokor, haydovchi kabi kasblar qatorida chiqindi teruvchilar qo‘shib tilga olinmaydi.

Foto: Greenpeace

Mas’uliyatli vazifa

Chiqindi teruvchilarning ahamiyati yirik megapolislarda yuqori. Masalan, Nyu-York shahrida sanitariya departamenti qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan qutilarning atigi 28 foizini, plastiklarning esa 5 foizinigina yig‘adi xolos. Kollektorlar esa har yili millionlab tonna qo‘shimcha qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan chiqindilardan poligonlarni tozalaydi.

Chiqindini qayta ishlash davlat tizimi bo‘lmagan mamlakatlarda uni yig‘uvchilarning o‘rni yanayam kattaroq. Lotin Amerikasidagi ba’zi davlatlarda qayta ishlash mumkin bo‘lgan chiqindilarning 96 foizi chiqindi poligonlariga tashlanadi. Sababi ularni qayta ishlash dasturlari yo‘q. Bu davlatlarda chiqindi yig‘uvchilar faqatgina mahalliy sanoat vakillari to‘plagan materiallariga qancha to‘lashsa, shunga rozi bo‘lib topshirishadi.

Chiqindi yig‘uvchilar kimlar?

Chiqindi yig‘uvchilarning xizmatlari sabab shaharlarda plastik va boshqa qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan materiallar kamayib, tozalik ta’minlanadi, sanitariya holati yaxshilanadi. Biroq aksar holatlarda bu ishni bajaruvchilar ta’lim olmagan kishilar yoki migrantlar hisoblanadi.

Foto: HasirudalaInnovations

Chiqindi yig‘uvchilarga oid raqamlar ham xo‘jaliklarni o‘rganib so‘rovnomalar o‘tkazish asosida aniqlangan. Ular biror yerda rasmiy qayd etilmaydi ham. Bundan tashqari, ularning ko‘pchiligi mobil hayot kechiradi, ba’zilari esa o‘zi haqida biror ma’lumot berishdan qo‘rqadi.

Chiqindi saralash tarixi

19-asr oxirida AQShda shahar aholisi hayvon jasadlari, kullar, lattalar va boshqa chiqindilarni ko‘chalar yoki mahalliy daryo, ariqlarga tashlashadi, oqizib yuborishadi. Bu esa jamoat sog‘ligi yomonlashishiga va mamlakatda chiqindilarni yig‘ish va tozalash bilan shug‘ullanuvchi ishchi kuchi yaratilishiga sabab bo‘ladi.

1921 yilda San-Fransiskoda norasmiy chiqindi yig‘uvchilar o‘z korporatsiyasini tashkil qilishdi. Nyu-York shahrida esa chiqindilarni boshqarish tizimi 1896 yilda rasmiylashtiriladi.

Shaharlar boshqaruvidagilar sanitariya xodimlariga maosh to‘lab kelishadi. Lekin garchi muhim vazifani bajarishayotgan bo‘lsa-da, AQSh shaharlari hokimiyatlari chiqindi yig‘uvchilarni rasmiy tan olish yoki ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash haqida o‘ylab ko‘rmayapti.

Global miqyosda chiqindi mehnatini qadrlash asta-sekin amalga oshmoqda. 2001 yilda chiqindi yig‘ish Braziliyada rasmiy faoliyat sohasi sifatida tan olingan. Argentinada esa shu yildan boshlab bir martalik ishlatish vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga soliq solina boshlandi. Undan tushgan daromaddan norasmiy chiqindi yig‘uvchilar ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Chiqindi yig‘uvchilar o‘zlari rasmiy tan olinishi muammosidan tashqari odamlarning mensimasdan qilinadigan muomalalarini ko‘tarishga ham majbur bo‘lishadi.

Chiqindi yig‘uvchilar huquqlarini himoya qilish uchun maxsus Chiqindi yig‘uvchilar xalqaro alyansi tuzilgan. Tashkilot ekologiya va iqlim o‘zgarishiga oid xalqaro tadbirlarda ishtirok etib keladi.

Foto: Weigo

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

O‘zbekistonda yiliga 7 million tonna chiqindi shunchaki poligonlarga tashlab yuboriladi. Plastik, metall, qog‘oz, organik chiqindilar aralash bo‘lib, bir joyda yotadi va yerni ham, suvni ham, havoni ham zaharlaydi. Ekoqo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, chiqindilarning faqat 21 foizi qayta ishlanadi. Mamlakatda chiqindini qayta ishlash ko‘rsatkichi past.

Foto: Kun.uz

Kun.uz o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, chiqindini saralashga ko‘proq yoshi kattalar hafsala qiladi. Yoshlar esa asosan, faqat nonni boshqa chiqindilardan ajratishadi. Qolgan barcha chiqindilar to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqindixonalarga tashlanadi.

Foto: Kun.uz

Chiqindixonalarda esa turli idishlarni, shishalarni saralab oladigan chiqindi saralovchilarni ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak. Ular antisanitariya sharoitida biz chiqargan chiqindilarni saralashadi va oz bo‘lsa-da qayta ishlanib, tabiatga zarar yetkazmasligiga hissa qo‘shishadi. 

Mavzuga oid