O‘zbekiston | 17:38 / 16.05.2023
7530
3 daqiqa o‘qiladi

YeTTB: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023-2024 yillarda 6,5 ​​foizdan o‘sishi mumkin

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kutilmalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotining o‘sishi 2023 yilda 5,2 foiz, 2024 yilda esa 5,4 foizni tashkil etadi. Yuqori foiz stavkalari, inflatsiya va mahsulot narxlarining oshishi uzoq muddatli istiqbolda mintaqaviy o‘sishga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Ochiq manbalardan olingan surat

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston iqtisodi 2023 yilda umumiy hisobda o‘rtacha 5,2 foizga o‘sadi. Bu haqda tashkilotning “Mintaqaviy iqtisodiy prognoz” hisobotida keltirib o‘tilgan.

“Rossiyadan korxonalar va jismoniy shaxslarning ko‘chishi, boshqaruvning yaxshilanishi, tovarlar eksportining ko‘payishi va Xitoy bilan yangi aloqalar tufayli mintaqada 2024 yilda taxminan 5,4 foiz iqtisodiy o‘sish bo‘lishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq noxush geosiyosiy hodisaga chidamliligini ko‘rsatdi. Mintaqa iqtisodlarining aksariyati xalqaro firmalarning Rossiya bozoridan chiqib ketishi natijasida yuzaga kelgan bo‘shliqda vositachi sifatida, o‘z mahsulotlarini yetkazib berish orqali Rossiya bilan savdo hamkorligini mustahkamladi. Markaziy Osiyoga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada oshdi, bu esa bank depozitlari va foydaning oshishiga xizmat qildi. Rossiya firmalari va jismoniy shaxslarining ko‘chirilishi chakana savdo, ko‘chmas mulk va mehmonxona tizimida talabni oshirdi”, deyiladi YeTTB hisobotida.

Qayd etilishicha, Rossiyadagi kuchli ishchi kuchi talabi va rublning mustahkamlanishi fonida mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari ham oshgan.

“2023 yilning birinchi choragida mintaqa bo‘ylab o‘sish davom etdi, aksariyat mamlakatlarda iste’mol narxlari inflatsiyasi markaziy banklar tomonidan belgilangan maqsadli diapazonlardan ancha yuqori bo‘ldi. Mintaqa iqtisodlari yaqin kelajakda tez sur’atlar bilan o‘sishda davom etishi mumkin, biroq foiz stavkalari, inflatsiya va xomashyo bahosidagi global tendensiyalarga nisbatan noaniqlik saqlanib qolmoqda”, deya ta’kidlashgan YeTTB ekspertlari.

O‘zbekiston bo‘yicha prognozlar

2022 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,7 foiz o‘sishni qayd etdi. Bunga tashqi va ichki talabning sezilarli yaxshilangani, jumladan, pul o‘tkazmalarining ikki baravardan ziyodroqqa ko‘paygani katta ta’sir o‘tkazgan.

“O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 va 2024-yillarda 6,5 ​​foizdan o‘sishi kutilmoqda. Xorijiy investitsiyalar, kompaniyalar va jismoniy shaxslarning kirib kelishi, xususiylashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar bunga sabab bo‘ladi. Nisbatan diversifikatsiyaga qaramay, iqtisodiy o‘sishga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining yanada kuchayishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi to‘sqinlik qilishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid