Kiyevga tungi zarba: «Kinjal» chindan Patriot’ni yo‘q qildimi?
Seshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Kiyevga turli raketalar bilan yo‘llagan zarbalari so‘nggi vaqtlardagi eng kuchli hujumi bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya havodan, dengizdan va quruqlikdan jami 18 raketa yo‘llagani, shuningdek Shahed-136 va Shahed-131 dronlari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi. Kiyev tomon uchirilgan raketalar qatorida «Kalibr» qanotli raketalari va «Kinjal» gipertovushli raketalar ham bo‘lgan.
Hujum natijalari bo‘yicha Ukraina va Rossiya mudofaa vazirliklari bergan ma’lumotlar bir-biriga zid keladi.
Kiyevdagilar havo hujumidan mudofaa tizimi havodagi barcha nishonlarni, jumladan oltita X-47M2 «Kinjal» rusumli gipertovushli raketalarni ham yo‘q qilganini ma’lum qildi.
Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 8 may kuni ham bitta «Kinjal» to‘xtatib qolingani haqida xabar bergandi. O‘shanda Kiyev meri Vitaliy Klichko jurnalistlarga raketa fragmentini namoyish etgan, ayrim ekspertlar fikricha, bu chindan ham «Kinjal»ning jangovar kallagi bo‘lishi mumkin.
16 mayga o‘tar kechasi oltita «Kinjal» to‘xtatib qolingani to‘g‘risidagi ma’lumotni dalillar yoki boshqa mustaqil manbalar orqali tasdiqlab bo‘lmaydi. RF mudofaa vazirligi bayonotida esa Rossiya tomonidan kamida bitta «Kinjal» qo‘llangani tasdiqlangan.
RF mudofaa vazirligi seshanba kuni Rossiya qo‘shinlari «Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining joylashuv manzillariga, shuningdek, o‘q-dorilar, qurollar va harbiy texnikalar saqlanayotgan nuqtalarga» havo va dengizdan yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarbalar yo‘llaganini ma’lum qildi. Vazirlikning tasdiqlashicha, barcha nishonlarga aniq zarba berilgan, raketalardan biri - «Kinjal» - go‘yoki Patriot havo hujumidan mudofaa tizimiga borib tekkan.
Shu kuni kechqurun vazir Sergey Shoyguning o‘zi ham bu haqda gapirib chiqdi. «Biz ular o‘z bayonotlarida go‘yoki urib tushirganini aytayotganichalik ko‘p «Kinjal»larni uchirganimiz yo‘q», - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan RIA Novosti.
Patriot batareyasi yoki uning bir qismi shikastlangani haqidagi ma’lumotni Amerikaning CNN telekanali manbasi tasdiqlagan, u butun kompleks yo‘q qilinmagani, katta ehtimol bilan uning bir qismi shikastlanganini aytgan. U tafsilotlarni keltirmagan, xususan, shikastlanish raketa kelib urilishi oqibatida yoki uning parchalari tushishi tufayli bo‘lgani ma’lum emas.
Reuters ham Kiyevda rossiyaliklar zarbasi tufayli Patriot tizimi shikastlangani to‘g‘risida xabar tarqatdi.
Bu agentlik amerikalik mulozimlar orasidagi birato‘la ikki manbaga tayangan holda xabar bergan. Reuters manbalaridan biriga ko‘ra, Vashington va Kiyev allaqachon tizimni ta’mirlashning eng yaxshi yo‘lini muhokama qilmoqda va ayni vaqtda tizimni Ukrainadan olib chiqish talab etilmaydigandek ko‘rinmoqda. Patriot’ning hozirgi holati haqida yaqin kunlar ichida aniq ma’lumot paydo bo‘lishi qo‘shimcha qilingan.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari spikeri Yuriy Ignat telemarafon efirida «Kinjal» raketasi Patriot tizimini yo‘q qila olmasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Patriot tarkib topgan komponentlar bir-biridan ma’lum oraliqda joylashtiriladi, shu tufayli bitta raketa butun tizimni yo‘q qila olmaydi. Ukraina QK rasmiysi «Patriot taqdiridan xavotirlanmaslikka chaqirgan».
Keyinroq CNN amerikalik rasmiy shaxslarga asoslangan holda, Patriot minimal darajada shikastlangani va tizimni ta’mirlash uchun jang maydonidan olib ketishga ehtiyoj sezilmasligi haqida xabar tarqatdi. Shtatlar Ukrainaga tizimni tekshirish uchun inspektorlarni yuborgan, ular tizim ishchi holatida ekani, uning eng muhim tarkibiy qismlaridan bo‘lgan radiolokatsiyasiga zarar yetmagani haqida xulosa berishgan.
Kuzatuv kameralarida nimalar muhrlangan?
Ijtimoiy tarmoqlarda Kiyevga tungi zarbalar aks etgan - yoki kuzatuv kameralariga muhrlangan yoki mobil telefonlar orqali yozib olingan bir qancha videolar paydo bo‘ldi. Ularda havo hujumidan mudofaa tizimi raketalari osmonga o‘rlayotgani aks etgan, ammo ular aynan qanday kompleksdan uchirilayotganini aniq aytish qiyin.
Lekin bu raketalar yerga to‘g‘ri burchak hosil qilib ko‘tarilmayotgani, shuningdek ularning miqdori va uchirish chastotasidan kelib chiqqan holda bu Patriot kompleksi ishlayotgani aks etgan tasvirlar ekanini taxmin qilish mumkin, ammo uchirish qurilmasi yaqindan ko‘rinmagan. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari ixtiyorida NASAMS komplekslari, shuningdek sovetlarning C-300 va «Buk» tizimlari mavjud. Ulardan faqat S-300 raketani yuqoriga vertikal (tik) yo‘naltiradi.
Videoyozuvlardan birida osmonga ko‘tarilgan raketalardan ikkitasi uchirish qurilmasiga uzoq bo‘lmagan joyga qaytib qulaganini ko‘rish mumkin. Keyinroq internetda shahar hududida yerda yotgan raketalar aks etgan suratlar paydo bo‘ldi - bular Patriot majmuasining PAC 3 oilasiga mansub raketalarga o‘xshab ketadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, muvaffaqiyatsiz uchirilgan ikkita raketa yerga qulab tushgan.
Videorolikda ko‘plab raketalar havoga ko‘tarilgan hududda ulkan chaqnash sodir bo‘lgani ham aks etgan. Bu chaqnash ortidan tutun ko‘tariladi. Ammo buning o‘zi rossiyaliklar raketasi Patriot tizimiga kelib urilganini tasdiqlay olmaydi - kompleksning o‘zi kadrda ko‘rinmagan, kamera esa ancha uzoq masofada joylashgan va chaqnash aynan raketalar uchrilgan nuqtada ro‘y berganini aniq aytib bo‘lmaydi.
Harbiylarning bayonotlarini qanday tasdiqlash yoki rad etish mumkin?
Isroillik harbiy sharhlovchi David Sharp BBC rus xizmatiga bergan intervyusida aytishicha, amerikaliklar, agar xohlasa «Kinjal» raketalari tutib qolinganini tasdiqlashi mumkin - ukrainlar uchirish nazorati bo‘yicha barcha ma’lumotlarni ular bilan bo‘lishadi.
Shu bilan birga, ekspertning ta’kidlashicha, havo hujumidan mudofaa tizimida raketani qaytarish bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilishi uchun ma’lum vaqt talab etiladi va natija bo‘yicha baholar biroz o‘zgarishi mumkin.
U shuningdek, ulkan chaqnash aks etgan videoyozuvni raketa nishonga kelib tekkaniga dalil sifatida talqin qilib bo‘lmasligini aytgan.
«Aftidan, portlash ro‘y bergan. Bir-ikki portlash. Ammo baribir tekshirish va aniqlashtirish kerak - bu teparoqda bo‘lganmi yoki yerda? Raketaga juda yaqin kelganida zarba berilgan bo‘lishi, parchalar portlagan bo‘lishi yoki yana boshqa yana nimadir bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo bundan [Patriot havo hujumidan mudofaa tizimiga] raketa kelib tekkani haqida aniq xulosa qilib bo‘lmaydi», degan Sharp.
Ekspert shuningdek nazariy jihatdan tijoriy sun’iy yo‘ldosh kompaniyalari Rossiya mudofaa vazirligi bayonotini tasdiqlashi yoki rad etishi mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, u bunday ma’lumot ochiqlanishiga shubha bildirgan.
O‘z navbatida, rossiyalik harbiylar ham o‘z sun’iy yo‘ldoshlari, radiotexnika yoki boshqa razvedka vositalari, jumladan josuslik tarmog‘i orqali zarba natijalari haqida ma’lumot olishi mumkinligi qayd etilgan.
«Ikki tipdagi agenturadan foydalanilishi mumkin - masalan ikki kilometr masofadan turib, zarbalar qayerga tushishini kuzatib turadiganlar bo‘ladi, shuningdek, [zarba natijalaridan] xabardor bo‘lgan tuzilmalarga kiritilgan josuslar ham bo‘lishi mumkin», degan u.
Shu bilan birga, ekspertning qayd etishicha, Rossiya mudofaa vazirligi ataylab yolg‘on ma’lumot e’lon qilishi ham mumkin. U muvaffaqiyatsizlikka uchralgan taqdirda, harbiylar mamlakat siyosiy rahbariyatiga «yuqori kutgan» ma’lumotni yetkazishi ham mumkinligini istisno etmagan.
BBC korrespondenti Ilya Abishev - zarba natijalarini qanday baholash mumkinligi haqida:
«Raketalar hujumi muvaffaqiyatli qaytarilgani to‘g‘risida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy shaxsan ma’lum qildi. Bunday darajadagi figuralar epizodik va lokal yutuqlar bo‘yicha bayonot berishi kamdan kam yuz beradi. Ehtimol, general Zalujniy o‘zi yetkazishga qaror qilgan ma’lumot chindan ham unga juda muhim tuyulgan.
Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi muvaffaqiyatini belgilovchi mezon Rossiya tomonidan raketa zarbalari, ayniqsa qimmatbaho «Kinjal» va «Kalibr»dan foydalanish ma’lum vaqtga to‘xtatilishiga erishish bo‘lishi mumkin.
Sog‘lom fikr shuni ko‘rsatadiki, agar hujum natijasi nolga teng bo‘lsa, vaziyat o‘zgarganini tushunish va Rossiya harbiy-sanoat kompleksi ishlab chiqarishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan o‘q-dorilarni isrof qilishdan saqlanish uchun tanaffus olish kerak bo‘ladi.
Taxmin qilish mumkinki, Rossiya armiyasiga amalda Amerikaning Patriot tizimiga zarba berish bo‘yicha vazifa berilgan - nafaqat propaganda maqsadida, balki o‘z raqibining jangovar imkoniyatlariga baho berish uchun ham. May oyi boshida «Kinjal» yoki unga juda o‘xshash bo‘lgan raketa urib tushirilgani bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlikdan keyin Rossiya havo kosmik kuchlari yoppasiga raketa zarbalari yo‘llab, bitta havo hujumidan mudofaa kompleksini yo‘q qilishga urinib ko‘rgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya mudofaa vazirligi bayonotlari va to‘liq tushunarli bo‘lmagan videotasvirlar orqali bu hujum naqadar samarali bo‘lganini baholab bo‘lmaydi. Agar o‘sha videodagi chaqnash - chindan ham «Kinjal» nishonga tekkanini tasdiqlagan taqdirda ham, katta ehtimol bilan, gap faqat bitta uchirish qurilmasi yo‘q qilingani haqida borayotgan bo‘lishi mumkin, chunki Patriot havo hujumidan mudofaa tizimini tashkil etuvchi jangovar birliklar bir-biriga yaqin joylashtirilmaydi».
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
13:14