Baxmut uchun jang. Shahar egallandimi yoki yo‘q? Asosiy savollarga javoblar
Ukraina qurolli kuchlari shahar uchun janglar davom etayotganini aytmoqda.
«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin 20 may kuni o‘z jangarilari tomonidan ancha oldin egallangan vokzalda turgan holda Baxmut shahrining ma’muriy chegaralari to‘liq zabt etilgani haqida e’lon qildi. Bir necha soat o‘tib u dalil sifatida xizmat qilishi kerak bo‘lgan videolarni namoyish etdi: turli hududlardagi binolarga Rossiya va kompaniya bayroqlari o‘rnatilgani aks etgan kadrlarni.
Videoga xarita ham biriktirilgan, unga ko‘ra, bayroqlar shahar g‘arbidagi deyarli barcha rayonlarda ko‘tarilgan, bittasidan tashqari — shahardan janubi-g‘arbiy chiqish joyiga (avval MiG-17 samolyotiga o‘rnatilgan yodgorlik bilan tanilgan), bu hudud 19 may kuni ham «Vagner» nazoratiga o‘tmagandi. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina QK 20 may kuni ham «samolyot zonasi»dagi sanoat binolaridagi pozitsiyalarida mudofaani davom ettirayotgandi.
Prigojin mojarolashib kelayotgan Rossiya mudofaa vazirligi ham 21 mayga o‘tar kechasi «Artemovskni ozod etish» (shaharning sovetcha nomlanishi) jarayoni yakunlangani haqida e’lon qildi.
Shunday qilib «Vagner» XHK Baxmutni to‘liq egalladimi?
Katta ehtimol bilan shunday. «Munozarali» hudud Chaykovskiy ko‘chasi oxiridagi bir necha o‘n ko‘p qavatli uylar, maktab, bolalar bog‘chasi va garajlardan iborat. Ko‘chaning narigi tomonida qishloq xo‘jaligi korxonalari joylashgan. Binolar va ular orasidagi bo‘shliq Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari tomonidan yaxshi mustahkamlangan bo‘lib, ular bu yerda fevral oyi oxiridan buyon mudofaalanmoqda. Muntazam hujumlar va artilleriya zarbalariga qaramay, «Vagner» XHK o‘tgan vaqt davomida Ukraina qurolli kuchlarining zich binolardagi mudofaasini yorib o‘ta olmayotgandi.
Ammo so‘nggi kunlarda Baxmut mudofaachilarining holati keskin yomonlashdi: 18 mayga kelib, shaharning boshqa rayonlari mudofaasi qulagach, bu rayondagilar butun XHK va uning artilleriyasi bilan yuzma-yuz qoldi. Agar avvallari yollanma jangchilar ularga faqat sharqdan hujum qila olgan bo‘lsa, endi shimoldan ham, Chaykovskiy ko‘chasi bo‘ylab bostirib kela boshlashdi. Bundan tashqari, «samolyot rayoni»ga qurshov xavfi tahdid soladi — XHK yo‘lning narigi tomonidagi qishloq xo‘jaligi korxonalarini egallab olgan taqdirda.
Shu tariqa, agar Ukraina QK bo‘linmalari 20 may kuni mudofaa ushlab turilgan so‘nggi rayonni hali ham tark etmagan bo‘lsa, katta ehtimol bilan yaqin soatlar yoki kunlar ichida baribir shunday yo‘l tutishga to‘g‘ri keladi.
Ramziy ahamiyatidan tashqari («Baxmut qal’asi»ning so‘nggi qal’asi), rayon taktik jihatdan ham ahamiyatli: ko‘p qavatli uylar baland tepalikda joylashgan (shahar aholisi uni Bugor deb ataydi). Tepalik g‘arbdagi Baxmut — Konstantinovka trassasi o‘tuvchi Ivanovskoye (Krasnoye) posyolkasidan yuqorida turadi. Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi haftalarda aynan shu yo‘ldan Baxmutga qo‘shimcha kuch tashlayotgandi. Tepalik va undagi ko‘p qavatli uylar egallab olinsa, shaharga yaqinlashib kelish haddan tashqari qiyinlashadi — Bugordan g‘arbdagi kenglik bir necha kilometrgacha yaqqol ko‘rinib turadi (va oson o‘qqa tutiladi).
Bu kvartal urushga qadar qanday ko‘rinishda bo‘lganini ushbu panorama (uylarning bir qismi, «samolyot yodgorligi» kabi endi mavjud emas) orqali ko‘rish mumkin. Prigojin tomonidan tarqatilgan videoning so‘nggi kadrlarida «samolyot yodgorligi» yonidagi osmono‘par binolardan biriga o‘xshash binoga bayroq o‘rnatish sahnasi bor, ammo rakurs va vayrongarchiliklar ishonch bilan shunday deyishga imkon bermaydi.
Baxmutning ehtimoliy qulashining ahamiyati nimada?
Jangning ilk kunlaridanoq Baxmutning o‘zi, asosan, ramziy ahamiyatga ega edi. Shahar tabiiy mudofaa chizig‘ini tashkil etuvchi tepaliklar tizmasi yaqinidagi pasttekislikda joylashgan — va shahardagi qurilmalar emas, aynan tepaliklar Donbass shimoli va markazini RF QKning ehtimoliy hujumidan to‘sib turardi. Urushga qadar Baxmut muhim transport tuguni hisoblangan, ammo Ukraina QK o‘tgan yil yozida Luhansk oblastida mag‘lubiyatga uchragach, Baxmut orqali o‘tadigan yo‘llar asosiy mudofaa uchun ahamiyatini deyarli yo‘qotgandi.
Shunday tasavvur hosil bo‘lganki, Baxmutni mudofaa qilish to‘g‘ri qaror bo‘lgan, ammo mudofaani haddan tashqari ko‘p resurslar talab etiladigan bosqichda to‘xtatish kerak edi. Bu bosqichda undan 10 kilometr g‘arbda va tepalikda joylashgan yangi pozitsiyalarga chekinish mantiqiy edi. Ammo 2022 yil yozida Lisichansk va Severodonetskdan chekinishi og‘riqli kechgan Ukraina hukumati, endi birorta shaharni tashlab chiqmaslikka ahd qilgandi.
- Rossiyaning dastlabki kuchlari (asosan, «LXR»dagi sobiq «xalq militsiyasi») Baxmutga 2022 yil avgust oyi boshida sharqdan yaqinlashib kela boshladi: Ukraina qurolli kuchlari Lisichansk uchun jangni boy bergach, Rossiyaning ilgarilayotgan kuchlarini darhol to‘xtata olmagandi. Ammo RF QKda ham bunday jangdan keyin yangi jang uchun yetarli resurslar qolmagandi: o‘shanda qo‘mondonlik bilan uchrashuvdan keyin Vladimir Putin Lisichansk uchun jangda qatnashganlarni rasman «ta’til»ga chiqaradi.
- Shundan keyin oktyabr oyiga qadar Rossiya kuchlari amalda Baxmut va Soledarni shturm qilishga deyarli urinmaydi. Barchasi oktyabr oyida, Baxmutga janubdan «Vagner» XHK otryadlari yaqinlashganida barchasi o‘zgaradi. Vaziyat hali ham Ukraina QK uchun xavfli tuyulmasdi — XHK uzoq vaqt shaharning sharqiy va janubi-sharqiy chekkalarida o‘ralashib yuradi — shuning uchun Ukraina qo‘mondonligi bu hududga yirik zaxiralarni tashlashga shoshilmaydi. Ammo dekabr oyida safini afv etilgan mahbuslar bilan to‘ldirgan XHK ketma-ket yutuqlarga erishadi.
- Dekabr oyida «Vagner» XHK Ukraina QKning Baxmutdan janubdagi Kleshchiyevka posyolkasidagi istehkomlarini egallaydi, shuningdek, otryadlarning bir qismi shahardan shimoldagi Soledarga yuboriladi. 11 yanvarga kelib Soledar egallanadi, u yerdan chekingan ukrain bo‘linmalari esa ushbu shahardan g‘arbdagi tepaliklarda yangi mudofaa liniyasi tashkil etishga muvaffaq bo‘lmaydi. Natijada XHK yollanma jangchilari fevral oyida Baxmutni shimoldan ham aylanib o‘tadi. Oy oxiriga kelib shahar qurshovga tushish xavfi ostida qoladi.
- Ukrain qo‘mondonligi qarshisida garnizonni shahardan olib chiqish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. Ammo buning teskarisi bo‘lgan qaror qabul qilinadi: shaharga va uning g‘arbiy chekkalariga ulkan zaxira kuchlar tashlanadi (bu o‘shandayoq ko‘plarda, jumladan harbiy ekspertlarda savollar tug‘dirgandi).
- Ukraina QK «Vagner»ning Baxmutni qurshab olishga bo‘lgan harakatlarini qaytaradi. Ammo normal ta’minotni tiklash vazifasi baribir uddalanmaydi. Shaharni g‘arb bilan bog‘lovchi yo‘llarning aksari artilleriya, tankka qarshi raketalar, ba’zida o‘qotar qurollardan ham o‘qqa tutiladi. Natijada yo‘llarda har kuni Ukraina QKning yangidan yangi tanklari, zirhli mashinalari va pikaplarining qoldiqlari paydo bo‘ladi. Bunday sharoitda to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharda himoyalanayotgan guruhni jiddiy kuchaytirish imkonsiz edi. Ukraina QKning Baxmut va uning atrofidagi yo‘qotishlari shu qadar kattalashadiki, Pentagondan sizib chiqqan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, mart oyi boshida AQSh Ukraina qurolli kuchlariga shaharni tark etishni tavsiya etgan.
- O‘z navbatida, «Vagner» XHK resurslardan o‘zi istagan joyda va vaqtda foydalanishi mumkin edi. Ammo uning ham resurslari sarflanib, tugab boradi: yollanma kuchlarning taktikasi shturm guruhlardan foydalanib, ulardagi katta yo‘qotishlar evaziga, shuningdek artilleriyaning katta miqdordagi o‘q-dorilarini sarflab, natijaga erishishga asoslangandi. Prigojinning da’vo qilishicha, mudofaa vazirligi qishdayoq XHK uchun o‘q-dori yuborishni kamaytirgan (katta ehtimol bilan, Rossiyaning barcha kuchlarida o‘q-dorini tejash boshlangandi). Bundan tashqari, qish oxiriga kelib sobiq mahbuslar bilan tuzilgan yarim yillik shartnomalar muddati yakunlanadi, Prigojin esa unga endi qamoqxonalardan odam yollash taqiqlanganini aytadi.
- Aprel oyiga kelib Baxmutni egallash — Prigojinning o‘zi uchun ham ramziy maqsadga aylangani ayon bo‘ladi. Bungacha bir necha oy davomida u o‘z maqsadi shaharni egallash emas, balki Ukraina QKning imkon qadar ko‘proq resurslarini yo‘q qilib, ukrain zaxiralarini «maydalash» ekanini aytayotgandi. Aprel oyi oxirida esa Baxmutni 9 mayga qadar egallashni va’da qilmaydi, lekin aynan kimga va’da berganiga aniqlik kiritmagan (ammo o‘q-dori taqchilligi tufayli bu maqsadga erisha olmaydi).
- Prigojinning o‘q-dori yetishmovchiligi borasidagi barcha shikoyatlariga qaramay, may oyida yollanma jangarilarning artilleriyasi ko‘p qavatli uylardan iborat bir necha kvartalni tom ma’noda yer yuzidan supurib tashlab, Ukraina QKni bu hududdan shaharning g‘arbiy chekkalaridagi garajlar va shahar tashqarisidagi dalalarga chekinishga majbur qiladi.
- Kim kimni ko‘proq «maydalagani» va «holdan toydirgani» — ochiq masala. Hozir ko‘rinishicha, Baxmut mudofaasi vaqtida Ukraina QK juda jiddiy yo‘qotishlarga uchragan, XHK shaxsiy tarkibining katta qismi esa mahbuslar orasidan to‘plangandi va shartnoma muddati yakunlanishi bilan baribir jang maydonini tark etgan bo‘lardi. Rossiya armiyasi so‘nggi haftalargacha Baxmut atrofida yordamchi vazifasini bajardi va jiddiy yo‘qotishlarga uchramadi (ya’ni, oxirgi haftalargacha).
- Boshqa tomondan, jang yakunlariga ko‘ra, kamida «Vagner» XHK ma’lum vaqtgacha yurish qilish qobiliyatidan mahrum bo‘ldi. Prigojin 20 may kuni XHK oy oxirida ta’tilga chiqishini ma’lum qildi.
Ukraina QK Baxmutni qaytarib olishi mumkinmi?
- Ukraina armiyasi 2023 yil may oyi boshida Baxmutdan shimoli-g‘arbda va janubi-g‘arbda butun front chizig‘i bo‘ylab hujumga o‘tdi, bu vaqtda «Vagner» kuchlari mazkur hududlarni tark etgandi. Ularning o‘rniga joylashtirilgan Rossiya qismlari (asosan 2022 yilda Rossiya regionlaridagi vositalar hisobiga shakllantirilgan 3-armiya korpusidagi ko‘ngillilar va «DXR» tuzilmalari boshqaruviga berilgan safarbar qilinganlar) tezlik bilan chekindi. Ukrainlarning zarbalari yo‘nalishiga qaraganda, ularning birinchi navbatdagi maqsadi Chasiv Yardagi asosiy pozitsiyalar va Baxmut garnizoni o‘rtasidagi yo‘lakni kengaytirish bo‘lgan (shu bilan birga, ukrain harbiylari orasidagi manbalar asosiy maqsad — Baxmutni qurshab olish va ozod etish ekanini aytishgan). Baxmutga keluvchi yo‘llar chindan ham blokirovkadan chiqarildi. Ammo Baxmutdagi garnizon bungacha turib bera olmadi va shahardan siqib chiqarildi.
- Shu bilan birga, Ukraina QKning yurishi Rossiya kuchlarining Chasiv Yarga tahdidini yo‘qqa chiqardi. Qish oxirida va bahor boshida «Vagner» XHK Xromovo va Stupochkidagi tepaliklarni egallab olgandi. Bu esa nazariy jihatdan Chasiv Yarga janub va sharqdan bostirib kirish imkonini berardi. Endi bu pozitsiyalar ukrain harbiylari tomonidan qaytarib olingan. Ammo shusiz ham Rossiya kuchlari yurishni davom ettirishga qodirligiga shubha bor edi.
- Bundan tashqari, Rossiya kuchlari endi mudofaalanishda katta muammolarga duch kelishi mumkin. Agar XHK otryadlari Baxmut va uning atrofini tark etsa, front chizig‘ida bir necha o‘n kilometrlik ulkan teshik yuzaga keladi va bu hududlarni faqat RF QKning yangi zaxiralari bilan yopish mumkin bo‘ladi. Shunda ham tajribali qo‘shinlar olib kelinishi talab etiladi: safarbar qilinganlar va «ko‘ngillilar»dan tarkib topgan qismlar so‘nggi haftalarda Ukraina QKning Baxmut atrofidagi hujumlari qarshisida ojizligini ko‘rsatib qo‘ydi. O‘z navbatida, «Vagner» XHK bu hududda qolishi ham mumkin, bu esa rossiyaliklar mudofaasini jiddiy tarzda kuchaytirgan bo‘lardi. Prigojin may oyi boshida o‘z kompaniyasini Baxmutdan olib ketishni va’da qilgandi, ammo keyin shturm yakuniga qadar qolishga qaror qildi; u bu safar ham qolishi mumkin, agar uning mudofaa vazirligi bilan eski muammolari hal etilsa.
- Ukrainlarning yurishi istiqbollari yaqin kunlar ichida, ular RF QKning Baxmutdan janubi-g‘arbdagi Kleshchiyevkadagi yaxshi mustahkamlangan pozitsiyalariga hujumlaridan keyin ma’lum bo‘ladi. Birinchi yutuqlardan keyin ukrainlarning hujumlari sur’ati pasayganiga qaraganda, birinchi to‘lqinga jalb etilgan kuchlar Rossiya mudofaasini yorib o‘tish uchun yetarli bo‘lmagan.
- Katta ehtimol bilan, Baxmutni o‘rab olish bo‘yicha operatsiya muvaffaqiyat qozonishi uchun ukrain qo‘mondonligi yangi tashkil etilgan va yozdagi katta hujumda ishlatish mo‘ljallangan brigadalardan zaxira kuchlarni jalb etishga to‘g‘ri keladi. Ammo bu Ukraina QKning boshqa — strategik nuqtayi nazardan muhimroq bo‘lgan — yo‘nalishlarida hujum qilish salohiyatini pasaytiradi.
- Shu bilan birga, aftidan, agar frontning bu uchastkasida hal qiluvchi g‘alabaga erishilgan taqdirda ham (ya’ni Baxmut va uning atrofidagi barcha aholi yashash manzillari to‘liq ozod etilsa), bu strategik ahamiyat kasb etmay, faqat ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi. Shahar Rossiya kuchlari tomonidan egallanishi va ushlab turilishi ham xuddi shunday faqat ramziy ahamiyatga ega. Biroq, ramziylik ham muhim — ular qo‘shinlar va jamoatchilik kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
Ukraina QKning katta yurishi amalga oshadimi?
Ukrainlarning qarshi hujumi muqarrarligi bilan allaqachon frontdagi vaziyatga ta’sir qilmoqda:
- Rossiya qo‘shinlari amalda butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab hujumlarni to‘xtatgan;
- o‘zaro otishmalar va kamikadze dronlar vositasida hujumlar kuchaygan;
- yaqinda G‘arb tomonidan yetkazib berilgan texnikalar noma’lum lokatsiyalarda harakatlanayotgani aks etgan ko‘plab videolar tarqalgan;
- Ukraina QK uzoq masofaga yetib boruvchi yangi qurollarini avval yetib bo‘lmas masofada bo‘lgan nishonlarga qarshi sinovdan o‘tkazib ko‘rmoqda.
Ukraina armiyasining haqiqiy yurish amaliyotlari Baxmut atrofidan boshqa hech qayerda hali boshlanmagan. Ammo, Amerikaning sizdirilgan hujjatlariga ko‘ra Kiyev va G‘arb 2023 yil yozidagi hal qiluvchi janglar uchun tayyorlagan brigadalardan birortasi hali bu yerga olib kelinmagan. Bu esa ulardan katta ehtimol bilan boshqa yo‘nalish yoki yo‘nalishlarda foydalanish reja qilinganini ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024