O‘zbekiston | 20:07 / 26.05.2023
45041
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Prezident jamoat transportida yurib, xizmat sifatini ko‘rdi

Davlat rahbari endigi vazifa yo‘llarda tirbandlikni kamaytirib, avtobuslarning erkin harakatini ta’minlash ekanini qayd etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 may kuni «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 7-avtobus saroyini borib ko‘rdi.

Aholining kundalik hayotiga daxldor har bir masala davlatimizning e’tiborida. Xususan, jamoat transporti tizimi o‘sib borayotgan talabdan kelib chiqib rivojlantirilmoqda.

So‘nggi yillarda Toshkent shahri ham eniga, ham bo‘yiga o‘sdi. Muqim aholi, vaqtincha yashovchilar, turistlar, talabalar soni oshdi. Ilgari shaharda kuniga 800-900 ming yo‘lovchi jamoat transportidan foydalangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 1 million 300 mingdan oshgan. Shu bois avtobuslar yetishmasligi, kutish vaqti ko‘pligi kabi muammolar yuzaga kelgan edi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 13 dekabr kuni poytaxtimizning 18-avtobus saroyida bo‘lib, bu ahvolni o‘zi ko‘rgan, yangi avtobuslar olib kelish va yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, joriy yil 16 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu galgi tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev sohadagi vazifalar ijrosi bilan tanishdi.

Aprel-may oylarida Toshkent shahriga 755 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, yo‘lovchilari eng ko‘p yo‘nalishlarga qo‘yilgan. Natijada avtobuslarning kunlik soni 1 ming 400 taga yetgan, 9 ta qo‘shimcha yo‘nalish ochilgan. Yaqin kunlarda yana 245 ta avtobus keltiriladi.

Jumladan, 7-avtobus saroyi shu paytgacha 18 ta yo‘nalishda kuniga 90 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatar edi. Yaqinda uning parki 67 ta yangi transport bilan boyidi. Tabiiyki, yo‘lovchi tashish quvvati oshib, avtobuslarning oraliq vaqti qisqardi.

Mutasaddilar Toshkent shahrining yangilangan Transport bosh rejasi bo‘yicha ham axborot berdi. Qayd etilganidek, u shaharning kengayishi va yo‘lovchilar oqimi tahlili asosida, 167 ta yo‘nalishdan iborat tarzda ishlab chiqilgan. Shundan 17 tasida kunlik reja belgilash tartibi bekor qilinib, bosib o‘tilgan masofaga qarab hisob-kitob tizimiga o‘tilgan. Iyun-iyul oylarida qolgan 150 ta yo‘nalish ham tender savdolari orqali shunday tizimga o‘tkaziladi. Natijada qatnovlar muntazamligi ta’minlanadi, xizmat sifati oshadi.

Bunda haydovchilarning malakasi ham juda muhim. Shu bois Transport universiteti va boshqa o‘quv markazlarida haydovchilikka o‘qitish hamda qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Avtobus haydovchilarining oylik maoshlari ikki barobar oshirilib, yil boshidan beri mingdan ziyod haydovchi ishga qabul qilingan.

Davlat rahbari avtobuslarga sifatli servisni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Yo‘lkira to‘lovi tizimini tartibga solish, harakat nazoratini raqamlashtirish, bekatlarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«Yangi avtobuslar, albatta, xalqimizga qo‘shimcha sharoit yaratdi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Endigi vazifa yo‘llarda tirbandlikni kamaytirib, avtobuslarning erkin harakatini ta’minlash. Pirovard maqsad - Toshkentda jamoat transporti qamrovini 2 million yo‘lovchiga yetkazish».

Prezident avtobusga o‘tirib, oddiy yo‘lovchilar bilan birga yo‘nalish bo‘ylab yurib ko‘rdi.

Mavzuga oid