Jahon | 10:52 / 14.06.2023
29304
20 daqiqa o‘qiladi

«Bo‘ronlar meni cho‘chita olmaydi»: Berluskoni qanday ishlari bilan yodda qolgan?

Aprel oyida oqqon tashxisi qo‘yilgan Silvio Berluskoni Milandagi «San-Raffaele» shifoxonasida 86 yoshida vafot etdi. Aktyor, tadbirkor, to‘rt karra bosh vazir, Putinning do‘sti va ko‘plab mojarolar figuranti — quyida Berluskonining hayot yo‘li eslanadi. 

1950-yillar oxiri va 1960-yillar boshida, hali talaba ekanida Berluskoni kruiz laynerlarda qo‘shiq kuylab pul ishlagan. Bundan tashqari, u kontrabas chalgan. Yangi asr boshida u Neapol qo‘shiqlarining ikki albomi, shuningdek, o‘zining «Milan» futbol klubi va  Forza Italia partiyasi uchun madhiyalar yozgan.
Marka / Universal Images Group / Getty Images

Silvio Berluskoni 1936 yilda Milanning qashshoq mahallasida dunyoga kelgan. U dindor katoliklar oilasidagi uch farzandning kattasi edi. U olti yosh ekanida Milanni bombardimon qilish boshlanadi - Italiya natsistlar Germaniyasi ittifoqchisi sifatida urushga qo‘shilgandi. 1943 yilda Berluskoni evakuatsiya bo‘ladi, otasi o‘z xavfsizligi uchun Shveytsariyaga yashirinadi va ona oiladagi yagona boquvchi ona bo‘lib qoladi, shuning uchun katolik maktabida o‘qiyotgan Silvio darslardan so‘ng fermada ishlay boshlaydi, u yerda sigirlarni sog‘ib, kartoshka teradi. Maktabni tamomlaganidan keyin Berluskoni Milan universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirib, ishlay boshlaydi, xo‘jalik buyumlari va chang tozalagichlar sotadi, dafn va to‘y marosimlarini fotosuratga oladi, kruiz laynerlarda chiqish qilib, sevgi haqida qo‘shiqlar kuylaydi. 1957 yilda u Immobiliare costruzioni qurilish kompaniyasida ish boshlaydi, 1961 yilda universitetni bitiradi va reklama biznesini huquqiy tartibga solish muammolari bo‘yicha diplom ishi uchun 2 mln lira miqdorida mukofot puli oladi.

Jurnalist Indro Montanelli va Silvio Berluskoni. 1977 yil (Foto: Archivio Cicconi / Getty Images)

Universitetni tamomlaganidan keyin Berluskoni Cantieri Riuniti Milanesi (Milan quruvchilari ittifoqi) kompaniyasiga asos soladi. O‘zining aytishicha, dastlabki kapitalni unga o‘z pensiyasini yig‘ib yurgan otasi, oila do‘stiga tegishli bo‘lgan Rasini banki va Shveytsariyaning Lugano shahridagi ishonchli jamg‘arma bergan. Bundan tashqari, Berluskoni loyihaga o‘z do‘stlari va qarindoshlarini jalb etgan. Italiyada bu vaqtda qurilish avj olgan va Milanning Alchiati ko‘chasida turar joylar qurish bo‘yicha loyihalar katta foyda keltirayotgandi. 1963 yilda u Edilnord qurilish firmasini ochadi, bu firma keyingi bir necha yil mobaynida Milanning turli tumanlarida qator turar joy kvartallarini, jumladan 4 ming kvartiraga mo‘ljallangan «Milan-2» majmuasini barpo etadi. Shu loyiha tufayli Berluskoni ilk bor korrupsiya va o‘z manfaatlarini noqonuniy lobbi qilishda ayblanadi, ammo yetarli dalillar bo‘lmagani tufayli javobgarlikdan qutilib qoladi. 1973 yilda Berluskoni Italiyaning yirik developerlaridan biri va mamlakatning eng badavlat tadbirkorlaridan biriga aylanadi. O‘shanda u Milan chekkasidagi Arkore shaharchasida villa sotib oladi va bu uy uning butun umri davomidagi qarorgohi bo‘lib qoladi.

Foto: Vittoriano Rastelli / Corbis via Getty Images

1974 yilga qadar Italiyada xususiy telekanallar yuritish taqiqlangandi, o‘sha yili mamlakat Konstitutsiyaviy sudi bu qoidani bekor qiladi. O‘sha yili Berluskoni Il Giornale ijtimoiy-siyosiy gazetasi ulushini sotib oladi, ikki yil o‘tib Telemilano 58 kabel telekanalini qo‘lga kiritgan holda ilk xususiy telekanal egasiga aylanadi, keyin bir necha yil ichida Canale 5, Italia 1 va Rete 4 kabi boshqa kanallarga ham ega chiqadi, ular keyinroq uning boshqaruvidagi Mediaset mediaholdingiga birlashadi. Konstitutsiyaviy sud qaroriga qaramay, uzoq vaqtgacha xususiy kanallarda jonli efirlardan translatsiya va yangiliklarni namoyish etish huquqi bo‘lmaydi. Shuning uchun Berluskoni Amerikaning ko‘ngilochar dasturlari kontenti, jumladan seriallar va operalarni ko‘rsatish huquqini sotib oladi, buning uchun uni siyosatchilar va jamoat arboblari didsizlikda ayblashadi. Aynan Berluskonining telekanallari birinchi bo‘lib yarim yalang‘och raqqosalar ishtirokidagi estrada shoularini va ilk rangli dasturlarni namoyish etgandi. Buning barchasi reklama savdosi o‘sishiga va Berluskoni kanallari RAI telekorporatsiyasidan sezilarli ustunlikka ega bo‘lishiga olib keladi.

Silvio Berluskoni va Bettino Kraksi (Foto: Luca Bruno / Files / AP)

1984 yilda xristian demokratlar va kommunistlar tomonidan qo‘llangan RAI telekorporatsiyasi shikoyatlaridan keyin, Berluskonining teleuzatuvchilari xatlab qo‘yiladi. Uzoq davom etgan sud jarayoni Berluskonining do‘sti bo‘lgan mamlakat bosh vaziri Bettino Kraksining aralashuvidan keyin yakunlanadi, u translatsiyalarni tiklash to‘g‘risidagi favqulodda farmon («Berluskoni qonuni») chiqaradi. Shundan keyin Italiyaning ikkita yirik siyosiy partiyasi — XDP (Xristian-demokratlar partiyasi) va IKP (Italiya kommunistik partiyasi) — biznesmenni bosh vazirni sotib olishda ayblaydi, ammo ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmaydi.

Berluskoni telekanallar uchun reklama ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Publitalia kompaniyasiga asos solganidan so‘ng mamlakatdagi eng badavlat 10 kishidan biriga aylanadi. 90-yillar boshida kompaniya Yevropa bozoriga ham kirib boradi va Berluskoni ilk bor Forbes reytingiga kiradi, Arnoldo Mondadori Editore nashriyotlar tresti egasiga aylangach, u Italiya jurnallar bozorining 40 foizi ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi.

Foto: Vittoriano Rastelli / Corbis via Getty Images

Qurilish va televideniyedan tashqari, Berluskoni reteyl bilan ham shug‘ullanib, Girasole («Kungaboqar») tarmog‘ining Italiyadagi birinchi supermarketini ochadi. 1988 yilda u mamlakatdagi eng yirik La Stando univermaglar tarmog‘iga egalik qilardi. Berluskonining Fininvest kompaniyasiga birlashgan OAV, qurilish va sug‘urta kompaniyalari, pensiya jamg‘armalari va boshqa ko‘plab bizneslardan iborat imperiyasi 1990-yillar oxirida fond bozorida 30 mlrd dollardan ortiqqa baholanardi. Bu esa huquq-tartibot organlari e’tiborini tortadi va 1992-1993 yillarda kompaniyalar faoliyatiga oid 10 ga yaqin alohida tekshiruvlar boshlanadi. Bu vaqtda Italiyada sobiq bosh vazir Kraksi bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi avj oladi, shuningdek mafiyaning siyosat va huquqni muhofaza qilish organlariga ta’sirini aniqlashga qaratilgan «Toza qo‘llar» operatsiyasi boshlanadi. Bularning bari, Berluskonining o‘zi aytishicha, uni davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish maqsadida siyosiy faoliyatini boshlashga undagan.

Silvio Berluskoni va Italiya prezidenti Oskar Luidji Skalfar inauguratsiya vaqtida. 1994 yil (Foto: Franco Origlia / Getty Images)

1994 yil yanvarida Berluskoni «Olg‘a, Italiya!» (Forza Italia) siyosiy harakatini tuzadi 60 kun o‘tganidan so‘ng umummilliy parlament saylovlarida 43 foiz ovoz (8 milliondan ortiq saylovchi) olib g‘olib bo‘ladi va siyosiy rekord (qisqa muddatdagi muvaffaqiyat) o‘rnatadi. 1996 yilda partiyaga aylangan harakatning asosiy qadriyatlari erkin bozor, biznes va raqobat, ijtimoiy tenglikka ishonch, italiyaliklarning moliyaviy, yuridik va byurokratik jabr chekishiga qarshi kurashish deb e’lon qilingandi.

Berluskonining dasturiy nutqi Martin Lyuter Kingning (amerikalik baptist voizi, AQShdagi qora tanlilar uchun fuqarolik huquqlari harakati yetakchisi – RBK) adolat va taraqqiyot to‘g‘risidagi tezislaridan iborat bo‘lib, kommunistlar va so‘l partiyalar tanqid qilingan. U o‘z televizion resursidan foydalanib, o‘z villasida italiyaliklarga yo‘llagan 10 daqiqalik murojaatini o‘z kanallarida jonli efirga uzatadi. 

Saylovdagi muvaffaqiyatdan keyin Berluskoni o‘ng markazchi partiyalar koalitsiyasini tuzadi, uning safidan o‘ta o‘ng kuchlar — neofashistlar (Mussolinining mafkuraviy izdoshlari) va o‘zlarini «postfashistlar» deb atovchi Shimol Ligasi ham joy oladi. Shu tariqa, parlamentda ko‘pchilik tashkil etiladi — 630 o‘rindan 366 tasi koalitsiyaniki bo‘ladi. 1994 yil 11 may kuni u Italiya hukumati bosh vaziri sifatida qasamyod qiladi va Yevropa tarixidai ilk milliarder bosh vazirga aylanadi.

Foto: Paolo Cocco / Reuters

1994 yil 22 noyabrida Neapoldagi BMT sammiti arafasida (uning kun tartibidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish alohida o‘rin tutgandi) Corriere della Sera gazetasida Berluskoniga nisbatan soliq inspektorlariga pora berish bo‘yicha sud tergovi boshlangani haqida xabar beriladi. Bosh vazir aybdor deb topiladi, ammo keyin apellyatsiya bo‘yicha oqlanadi. Shunga qaramay, Berluskoni koalitsiyasi parlamentdagi ko‘pchilik o‘rindan mahrum bo‘ladi va 1995 yil yanvarida uning hukumati iste’foga chiqadi, sobiq bosh vazir esa moliyaviy hujjatlarni qalbakilashtirish va bank hisoblari bilan firibgarlik, poraxo‘rlik va korrupsiya, jumladan, Bettino Kraksiga pora berishda ayblanib, bir qator tergov ishlarida figurantga aylanadi.

1996 yilda Berluskoni Mediaset kompaniyasi aksiyalari paketini Saudiya Arabistoni shahzodasi, janubiy afrikalik milliarder Iogann Rupert va nemis telemagnati Leo Kirhga sotadi. 1996 yilgi saylovlarda «Olg‘a, Italiya!» ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmaydi, chunki oldingi siyosiy ittifoqchilar Berluskoni partiyasi bilan koalitsiya tuzishdan bosh tortadi. Shu tariqa, u muxolifat yetakchisi bo‘lib qoladi. Konstitutsiyaviy islohot ustida ishlash Berluskoniga oldingi siyosiy reytingni qaytaradi va 1999 yilda «Olg‘a, Italiya!» Yevropa parlamentiga, 2000 yilda esa Italiyadagi munitsipal va mintaqaviy saylovlarda g‘olib bo‘ladi. Saylovoldi kampaniyasi siyosatchining «Ozodlik kemasi» deb nomlangan kruiz laynerida Italiya sohillari bo‘ylab sayohatga chiqishi bilan yodda qoladi.

Silvio Berluskoni va o‘g‘li Pera Silvioning 2001 yilgi saylovlar arafasida italiyaliklarga tarqatilgan bukletlarda aks etgan surati (Foto: Forza Italia / AP Photo)

2001 yilgi saylovlar arafasida Berluskoni keng ko‘lamli kampaniya olib boradi, uning doirasida sobiq bosh vazirni qo‘llashini bildirgan taniqli davlat arboblari ishtirokidagi telereklamalar tayyorlanadi, shuningdek 26,5 mln dollar sarflanib, uning shaxsiyati va faoliyati haqidagi 10 mln buklet tarqatiladi. Bukletlarda u soliqlarni va amaldorlar apparatini qisqartirishni, pensiyalarni oshirishni, yangi ish o‘rinlari tashkil etishni, noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashishni, ta’lim va sud tizimini isloh qilishni va’da qiladi. U va’dalari bajarilmagan taqdirda iste’foga chiqishini aytadi. 2001 yil iyunida Berluskoni yana hukumatni boshqara boshlaydi.

AQSh prezidenti kichik Jorj Bush va Silvio Berluskoni. 2011 yil (Foto: Getty Images)

Amerika prezidenti kichik Jorj Bushga simpatiyasi borligiga qaramay, Berluskoni AQShning Iroqqa harbiy bosqinini qo‘llab-quvvatlamagan. U uzoq vaqt Bushni harbiy amaliyot boshlashdan qaytarishga uringan, ammo bunga erisha olmagan va 2003 yilda 3200 nafar harbiy xizmatchidan iborat Italiya kontingenti ham Iroqqa yuborilgan. 2005 yilda Italiya razvedka xizmati josusi Nikolo Kalipari amerikalik askarlar tomonidan o‘ldirilgach, Berluskoni qo‘shinlarni olib chiqishi haqida e’lon qiladi, ammo bir kun o‘tib o‘z qarorini o‘zgartiradi. Qo‘shinlar hukumatga Romano Prodi kelganidan keyingina Iroqni tark etadi. Mamlakatning harbiy siyosati, shuningdek Italiya yevro pul birligiga o‘tishi (bu narxlar oshishiga xizmat qilgandi) Berluskonining reytingini 2001 yildagi 45 foizdan 2004 yil mayidagi 25 foizgacha tushiradi.

2005 yil 20 aprelida Berluskonining ikkinchi hukumati iste’foga chiqadi, ammo uch kun o‘tib uning uchinchi hukumati qasamyod qabul qiladi va 2006 yil 17 mayga qadar hokimiyatni saqlab qoladi. Italiya keyingi saylovlarga turg‘un iqtisodiyot va Yevropadagi eng past iqtisodiy o‘sish bilan yetib keladi. Berluskoni Prodining g‘alabasiga shubha bildirib, ovozlarni qayta hisoblab chiqish tashabbusini bildirgan bo‘lsa-da, hokimiyatga qayta olmaydi. Lekin Prodi ham hukumatda atigi 18 oy qola oladi — senat Prodining kabinetiga ishonch bildirmaydi va u vakolatlarini topshiradi. 2008 yil bahorida Berluskoni o‘zining to‘rtinchi hukumatini boshqarishga kirishadi. Bu safargi saylovlar siyosatchini parlament deputatlarini sotib olish va OAVga bosim o‘tkazish borasidagi ayblovlar bilan kechadi.

Silvio Berluskoni va Angela Merkel. 2011 yil (Foto: Jochen Eckel / Getty Images)

Berluskonining to‘rtinchi hukumati faol immigratsiya siyosati yuritadi. Italiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan barcha immigrantlar katta miqdordagi jarimalar, vaqtincha yashash markazlaridagi qamoq va mamlakatdan chiqarib yuborish shaklidagi jinoiy javobgarlikka tortilishini nazarda tutuvchi qonun qabul qilinadi. Bu esa italiyalik so‘l markazchi siyosatchilar va xalqaro tashkilotlar tanqidiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, mamlakatda yalpi ichki mahsulot hajmi pasayishi davom etib, ishsizlik darajasi va ham jismoniy, ham yuridik shaxslarning bankrotga uchrash hajmi ortib boradi, bu esa mamlakatning jahon agentliklaridagi suveren reytingi pasayishiga sabab bo‘ladi. Berluskonining o‘zi esa voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilishda va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblanadi.

OAVda Berluskoni o‘z tanishi bilan telefon orqali muloqot chog‘ida Germaniya kansleri Angela Merkelni «orqasi semiz yarams» (una culona inchiavabile) deb atagani haqida yozishadi. Bosh vazir bunga raddiya berganiga qaramay, ko‘p o‘tmay Merkel xonim yevrohududdagi inqiroz uchun aybni Berluskoni zimmasiga yuklaydi, italiyalik siyosatchi esa buni aynan nashrlardagi xabarlar bilan bog‘laydi. 2011 yil oktyabrida parlament unga ishonchsizlik bildiradi va ko‘p o‘tmay Berluskoni iste’foga chiqadi.

Foto: Luca Bruno / AP

1994 yildan boshlab Berluskoni advokatlar xizmatlariga 700 mln yevroga yaqin mablag‘ sarflagan. Berluskoniga nisbatan 60 dan ortiq sud tergovlari yuritilgan. Uni korrupsiyada, pul yuvishda, mafiya bilan aloqadorlikda, voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqa qilishda, OAVga bosim o‘tkazishda, amaldorlarni sotib olishda va boshqa jinoyatlarda ayblashgan. O‘nga yaqin ish sudgacha yetib borgan, Berluskoniga uch marta hukm e’lon qilingan, lekin faqat bitta ayblov hukmi (soliq jinoyatlari uchun) apellyatsiyadan keyin ham o‘z kuchida qolgan. Xususan, 1998 yil iyulida Berluskoni Tunisda jinoiy ta’qibdan yashirinib yurgan sobiq bosh vazir Kraksining hisobiga ofshor orqali 6 mln dollar mablag‘ni noqonuniy o‘tkazgani uchun ikki yil-u to‘rt oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. 2000 yilda bu hukm bekor qilinadi.

Boshqa shov-shuvli ish Rubi laqabli fohisha Karima al-Marug‘ bilan bog‘liq (fotoda). Bosh vazir politsiya uchastkasidan ozod bo‘lishida mansab vakolatidan foydalanishda, shuningdek voyaga yetmagan fohisha xizmatidan foydalanishda ayblangan. Prokuratura «Rubi ishi» bo‘yicha Berluskoniga olti yillik qamoq jazosi va davlat lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etishni so‘ragan. Birinchi instansiya sudi bu talablarni qanoatlantirgan, ammo Milan Apellyatsiya sudi qarori bilan siyosatchi to‘liq oqlangan.

2012 yil oktyabrida Berluskoni soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. 2006 yilgi amnistiya to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, u faqat bir yil qamoqda o‘tirishi kifoya edi, ammo yakunda sobiq bosh vazir yoshi o‘tib qolgani va amnistiya tufayli qamoq jazosidan ozod etiladi. 2018 yil 12 mayida Milan sudi soliqqa oid qonunbuzarliklar bo‘yicha Berluskonini to‘liq reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Navbatdagi jinoiy ish haqida Berluskoni shunday deydi: «Bilasizki, bo‘ronlar meni qo‘rqita olmaydi. 17 yil ichida men barcha narsani ko‘rdim. Ular barcha vositalarni ishga solgan holda meni siyosatdan va tarixdan o‘chirib tashlashga urinishmoqda».

Foto: Pressefoto Ulmer \ ullstein bild via Getty Images)

30 yil mobaynida Berluskoni «Milan» futbol klubiga egalik qiladi. Uning boshqaruvi davrida jamoa sakkiz bor Italiya chempioni bo‘ladi, besh marta Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan, uch marta futbol bo‘yicha qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan. 2016 yilda u klubni 740 mln yevroga sotadi.

Vladimir Putin va Silvio Berluskoni Zavidovoda kechki ovqat stolida. 2003 yil, katta do‘stlikning boshlanishi.
Alexey Panov / AFP / Scanpix / LETA

Berluskoni Vladimir Putinning qalin do‘sti bo‘lgan. Ular Oltoyda birga dam olishgan, Be-200 amfibiya samolyotini sinovdan o‘tkazishgan, Sochi va Qrimga borishgan. Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida Putin Berluskoni bilan munosabatlari nimaga asoslangani haqida aytib bergandi: «Men har doim ichki siyosiy vaziyatdan qat’i nazar, davlatlararo munosabatlarni o‘rnatishga chinakam samimiy intilishni his qilganman». O‘z navbatida Berluskoni Rossiyaga muhabbatini shunday izohlaydi: «O‘ylaymanki, Vladimir menga o‘z xalqining ruhini his qildira oldi. Bu faqat Rossiyada amalga oshishi mumkin bo‘lgan buyuk kashfiyot. Shuning uchun menda doim sizga qaytish istagi bo‘ladi».

OAVning asosiy e’tibori Silvio Berluskonining Putin bilan do‘stligiga qaratilsa-da, 1997 yilda aynan Italiya sobiq bosh vaziri tarixda ilk bor Rossiya yetakchisi Boris Yelsinni G7 sammitiga taklif etgandi. Uning sammitdagi ishtiroki «Katta yettilik»ni «Katta sakkizlik»ka aylantirishni boshlab bergandi. 1994 yil oktyabrida Berluskoni va Yelsin Rossiya va Italiya o‘rtasida Do‘stlik va hamkorlik shartnomasini imzolagan edi.

Silvio Berluskoni qizlari Barbara (chapda) va Eleonora bilan (Foto: Franco Origlia / Getty Images)

Berluskoni ikki marta uylangan. Uning birinchi rafiqasi 1965 yilda Karla Elvira Dell’Olo bo‘lgan, ularning nikohidan bir qiz va bir o‘g‘il tug‘ilgan — Mariya Elvira va Persilvio. Bu nikoh 1980 yilda barbod bo‘ladi, o‘shanda Berluskoni aktrisa Veronika Lario bilan tanishib qolgandi va o‘n yil o‘tib unga uylanadi. Ular 2014 yilga kelib ajrashadi. Ikkinchi nikohidan Berluskoni uch farzand ko‘rgan — Barbara, Eleonora va Luidji.

Foto: Alessandra Benedetti / Corbis via Getty Images

Mavzuga oid