Ukraina qarshi hujumining birinchi bosqichi: qisqacha xulosalar
Ukraina qurolli kuchlarining Zaporijjya frontida iyun oyining birinchi haftasida boshlangan qarshi hujumidan beri ikki hafta o‘tdi va birinchi bosqich yakunlangandek taassurot paydo bo‘lmoqda. Shu sababli qisqacha xulosalar chiqarish mumkin.
Harbiy ekspert Yan Matveyev qarshi hujumning birinchi bosqichi haqidagi kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ukraina qo‘shinlari 100 km kvadratdan ziyod hudud va 8 ta aholi punkti — Novodarivka, Levadne, Storojive, Makarivka, Blahodatne, Lobkove, Neskuchne va Pyatixatkini ozod qilishga erishdi.
Ikki joyda — Kamenske va Velika Novosilka hududida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasining birinchi himoya chizig‘igacha yorib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Tokmak yo‘nalishidagi Rabotine va Pologi yo‘nalishidagi Rabotine Novopokrovki hududida esa aytarli siljish yo‘q.
Har ikki tomon texnika borasida sezilarli yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan. Rossiya armiyasi bir necha artilleriya qurilmalari va baravar o‘t ochish raketa tizimlari, shuningdek havo hujumidan mudofaa tizimlaridan ayrilgan. Ukraina qurolli kuchlari qismlari yangi yetkazib berilgan zirhli texnikalarning 10 foizidan ajralgan, jumladan: 5 ta A4 va A6 modifikatsiyadagi Leopard 2 tanklari (jami 60 ta yetkazilgan), kamida ikkita AMX-10RC mashinalari (40 ta yetkazilgan) va 18 ta M2A2 Bradley zirhli mashinalari (124 ta yetkazilgan).
Bundan tashqari, ukrainaliklar MaxxPro va boshqa tipdagi sovet zirhli texnikasi va mashinalaridan ham judo bo‘lgan. Sezilarli yo‘qotishlar qatorida minalardan tozalovchi 3 ta Leopard 2R tanklari, bitta Wisent 1 va bir necha yana shunga o‘xshash texnikalar bor. Bularning barchasi razvedka maqsadlaridagi tayyorgarlik zarbalari emas, aynan qarshi hujumning birinchi bosqichiga guvoh bo‘lganimizdan dalolat beradi.
Hujumlarning o‘zi kichikroq, batalyon-rota darajasidagi guruhlar yordamida olib borildi. Bunda qayerdadir texnikalar soni ko‘proq bo‘ldi, qayerlardadir piyoda qo‘shinlar soni. Ukraina QK turli yondashuvlardan foydalanib, o‘z shturm guruhlarini o‘zgaruvchan shaklda qurishga harakat qilgan.
Ukraina qarshi hujumi uchun asosiy qiyinchiliklar quyidagilar bo‘ldi:
- Zich va xaotik minalashtirilgan dalalar;
- Nam va yumshoq tuproq;
- Rossiya artilleriyasining uzluksiz o‘qqa tutishi;
- Rossiya armiyasining dronlardan faol foydalanishi;
- Rossiya radioelektron kurash qismlari faol ishlashi (bu savol ostida)
- Rossiya harbiy kosmik kuchlarining havodagi ustunligi.
Bu murakkabliklarning birortasi Ukraina QK kuchlari uchun kutilmagan hol bo‘lmagan va ulardan kutilgan zararni qisman kompensatsiya qilishgan. Yana bir qiyinchilik — mudofaada Rossiya qo‘shinlarining bahamjihat harakat qilishi bo‘lgan. Frontda yetarli vaqtda birga bo‘lib, ular bir-birlari bilan yaxshi aloqa o‘rnatish va joyni yaxshilab o‘rganib olishga ulgurishgan. Bu esa sarosima va yirik xatolarsiz himoyalanish uchun zamin yaratgan.
Ukraina qurolli kuchlari qattiq qarshilikka duchor bo‘lishdi va mana shu 10-12 kun ichida turli intensivlikdagi og‘ir urushlar kechdi. Aslida, 8 iyun kuni ertalab Rabotine yo‘nalishida faqat bitta Ukraina kolonnasi «Leopard»lar va «Bredli»lardan ayrilib, jiddiy yo‘qotishlarga uchragan. Qolgan yo‘nalishlarda «Z-harbiy muxbirlar» muntazam ravishda xabar qilgan «tor-mor qilishlar» ko‘zga tashlanmagan.
Birinchi bosqichda Ukraina QK hujumda katta sonli bo‘linmalarni ishga solgan — 5 ta mexanizatsiyalashgan brigada, bitta motorlashgan va bitta tank brigadasi, o‘ntacha piyodalar brigadasi. Biroq ularning barchasi to‘liq jangga tashlanmagan. Tahlilchilarning umumiy fikriga ko‘ra, qarshi hujum uchun tayyorgarlik ko‘rgan barcha kuchlarning 1/4–1/3 qismi harakatga keltirilgan. Ular yo‘qotishlarga duchor bo‘lishgan, biroq to‘liq yo‘q qilib yuborilmagan, janglarda qatnashishda davom etishmoqda, Orixiv yo‘nalishida kurashayotgan 47- va 65-mexanizatsiyalashgan brigadalar kabi.
Rossiya qo‘shinlari mudofaa davomida Zaporijjya frontiga katta miqdordagi yangi kuchlarni tashlagan. Dnipro daryosining so‘l sohilidan harbiy qismlar jang bo‘layotgan nuqtalarga jo‘natilgan, degan axborot ham paydo bo‘ldi. Lekin, hozircha axborotlarga ko‘ra o‘sha-o‘sha — 429-, 291-, 70- va 71-motoo‘qchi brigadalar, 177-dengiz piyodalari polki, 60-dengiz piyodalari brigadasi jang qilmoqda. Bu vaqt ichida ularda sezilarli rotatsiya kuzatilmagan.
Janglar hozircha chuqur tayyorgarlik ko‘rilgan pozitsiyalar — «Surovikin chizig‘i» deb ataluvchi mudofaa zonasigacha yetib bormagan. Shu sababli u yerdagi beton piramidalar, transheyalar va mina maydonlarining samaradorligini hozircha aniqlash qiyin. Nazariy jihatdan, bu chiziq Rossiya qo‘shinlarida birinchi chekinish uchun zaxira sifatida qolmoqda.
Ukraina texnikalariga hujum qilish uchun Rossiya aviatsiyasi Ka-52 shturm vertolyotlaridan, piyoda qo‘shinlari «Lansent» kamikadze-droni va FPV dronlaridan faol foydalanmoqda. Ular jiddiy nuqson keltirib chiqara olishmasa-da, tankni bir muddatga jangda qatnashish qobiliyatidan mahrum eta olishi mumkin.
Qarshi hujumning birinchi bosqichi bo‘yicha xulosalar
Ukraina qurolli kuchlari dushman mudofaasini toliqtirish va yorib o‘tish uchun tanklar, piyodalar zirhli mashinalari va zirhli mashinalar qalqoni ostida kichikroq otryadlar bilan hujum qilish taktikasini qo‘llamoqda. Katta kuchni birdan oldinga tashlab, son bilan bostirish (va katta qurbonlar berish) o‘rniga ular Rossiya pozitsiyalarini bitta-bitta ochib borishmoqda.
Hujumlarni qaytarish va artilleriyaning joylashgan o‘rnini aniqlash uchun juda ko‘p o‘q-dori ishlatishga to‘g‘ri kelmoqda. Mina maydonlari juda zichligi, tuproq hali nam va yumshoqligini anglagan Ukraina qo‘shinlari piyoda qo‘shinlarga urg‘uni ko‘chirib, minalashtirishdan xalos qilishni kuchaytirishdi. O‘z navbatida, Rossiya qo‘shinlari UMZ va «Zemledeliye» kabi masofadan turib minalashtiruvchi tizimlar yordamida mina maydonlarini tiklashga harakat qilishmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari Velika Novoselki hududida joylashgan aholi punktlari zanjiri orqali ko‘proq kirib borgani ko‘zga tashlanmoqda. U yerlarda ochiq joyga chiqmasdan harakat qilish mumkin, Rabotine dalalariga nisbatan minalar ham kamroq ko‘milgan.
Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi nisbatan kuchsiz harakat qilmoqda. Ular uzoqni ura oladigan komplekslarini frontga yaqinroq tortib kelishga tavakkal qilishmayapti. Vertolyotlar va samolyotlar esa ko‘chma zenit-raketa komplekslari ura olmaydigan masofa — 7-8 kilometrdan turib nishonga zarba bermoqda.
HIMARS tizimlaridan Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning o‘ziyurar artilleriya qurilmalari kabi muhim nishonlariga aniq zarba berish uchun foydalanilmoqda. Gap raketalar tanqisligi haqida ketmayapti — o‘q-dorilar yorib o‘tishdan keyin zarba berish uchun asralmoqda. O‘shanda HIMARS’larni yanada yaqinroq olib kelib, omborlar, bazalar va chekinayotgan qo‘shinlarga zarba berish mumkin bo‘ladi.
Rossiya qo‘shinlari umuman olganda Ukraina qarshi hujumining birinchi bosqichiga turib bera olishdi. Mudofaa biror joyda titilib ketgani yo‘q. Biroq bunga qanday qurbonlar evaziga erishilgani hozircha noma’lum. Hozir tirik kuchlarda ancha yo‘qotishlarga duchor bo‘lingani haqida xabarlar kelib turibdi, artilleriya o‘q-dorilari sarfi ham yuqori ekanini taxmin qilish mumkin. Tezda dronlar uchun xayriya tashkillashtirish to‘g‘risidagi postlar paydo bo‘lmoqda. Qrimdan Melitopolga temiryo‘l orqali kelishdagi Rikovedagi ulkan o‘q-dori ombori yo‘q qilingani hisobga olinsa, tez orada ruslarda snaryad tanqisligi namoyon bo‘lishi ham mumkin.
Garchi birinchi bosqichda Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari sezlilarli bo‘lsa ham, kritik hisoblanmaydi. Umumiy hisobda texnikada 10 foizdan kamroq yo‘qotish bo‘lgan, bu esa qarshi hujum chog‘ida kutilganidan pastroq. Albatta, hozir vaziyatga aniq baho berishga erta. Biroq, juda ko‘p kuchlar hali urushga tashlanmagan. Shvedlarning Marder piyodalar zirhli mashinasi va Striker’lar, shvedlarning CV-90 zirhli mashinasi, Challenger-2 tanklari hali yo‘lda. Gap bular qandaydir yengilmas mashinalar ekanligida ham emas. Shunchaki, ular bilan qurollantirilgan bo‘linmalar hali zarba berishda ishtirok etmagan. Demak, hali ular kuchga to‘la va urushga tayyor holatda.
Endi nima bo‘ladi?
Taxmin qilinishicha, yaqin orada biz yana kichikrok guruhlar bilan hujum va Rossiya pozitsiyalarining artilleriyadan o‘qqa tutilishiga guvoh bo‘lamiz: mudofaada turganlar yopirilma shturmga dosh bera olmasligi uchun ularni kuchsizlantirish maqsadida. Uchta aniq yo‘nalish bo‘y ko‘rsatib qoldi: Vasilyivka, Tokmak va na Staromlinivka. Bundan tashqari, Ukraina QKning kichikroq hujumlari yuz berayotgan Gulyaypole va Vuhledar tomonida zaxira qolmoqda.
Aftidan, Rossiya armiyasi faqat global qayta tizilishni amalga oshirmasdan, o‘zida mavjud kuchlar bilan himoyalanishga urinmoqda. Bu xato bo‘lib chiqishi mumkin. Ertami-kechi bo‘linmalar juda toliqadi va ko‘plab askar va texnikalaridan ajraladi. Ular o‘z vaqtida almashtirilmasa, hattoki istehkom chiziqlari ham ularga yordam bera olmaydi. Ukrainalik generallar ham aynan shundan umid qilib turgan bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, Gerasimovda katta zaxiralar yo‘q.
Dnipro kutilganidan tezroq sayozlashmoqda, demak qo‘shinlarning bir qismini qirg‘oqda saqlab turishga to‘g‘ri keladi. Hattoki Ukraina tomonidan birorta desant tushirilmasa ham. Og‘ir janglarga qaramasdan, Rossiya armiyasi uchun Zaporijjya frontining strategik ahvoli murakkabligicha qolmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari esa qarshi hujumning birinchi bosqichi mobaynida aytarli natijalarga erisha olishmadi. Biroq Rossiya propagandasi va shaxsan Putin ta’kidlayotganidek, bu qadar ko‘p yo‘qotishlarga ham uchramagan. Ha, shiddatli yorib o‘tish amalga oshmadi, biroq kuchlarning bu qadar tarang qarama-qarshiligi ro‘y beraversa qaysidir onda Rossiya mudofaasi tuxum po‘stidek yorilishi mumkin. Bu hol ro‘y bersa, istehkom chizig‘i to‘kilib tushadi va Ukraina qurolli kuchlarining ilgarilashi shiddatliroq ko‘rinish oladi. Ko‘ramiz, kuzatamiz.
Mavzuga oid
11:53
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024