O‘zbekiston | 23:39 / 06.07.2023
28834
2 daqiqa o‘qiladi

Grigoriy Lepsning boykot qilingan Toshkentdagi konserti bekor qilindi

Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotgan bu xonanda avvalroq Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham konsert berolmaydigan bo‘lgandi.

Foto: Yevgeniy Odinokov / RIA Novosti

Rossiyalik xonanda Grigoriy Lepsning 23 oktyabr kuni Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida o‘tishi belgilangan konserti qoldirildi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xabariga ko‘ra, konsert dasturi “ayrim texnik sabablarga ko‘ra” qoldirilgan. Sotilgan chiptalarning puli qaytariladi.

Leps Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushini faol qo‘llab-quvvatlayotgani sabab o‘zbekistonliklar uning O‘zbekistonda konsert berishiga qarshilik bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda faol kampaniya olib borayotgan edi.

Bu xonandaning 8 iyulga Qozog‘istonning Qonayev shahrida va 2 avgustga Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida belgilangan konsertlari ham qozoq va qirg‘iz jamoatchiligining noroziligi sabab bekor qilingandi.

Iyun oyi o‘rtalarida Grigoriy Leps boshqa bir xonanda Nikolay Baskov bilan Peterburg iqtisodiy forumida chiqish qilib, Ukraina qo‘shinlariga G‘arb tomonidan yetkazib berilgan tanklarni yo‘q qilgan har bir rossiyalik askarga 1 mln rubldan mukofot va’da qilgan edi. 3 iyul kuni Leps Ukrainada Germaniyaning Leopard tankini yo‘q qilgan jangchilardan biriga xuddi shuncha summani o‘tkazib berganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik faollar avvalroq Toshkentdagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida bo‘lishi rejalashtirilgan z-artistlarning “Jara” festivali ham bekor qilinishiga erishgandi. Bu konsert Toshkentdan tashqari Boku va Olmaota shaharlarida ham bekor bo‘lgan.

Mavzuga oid