Jahon | 22:31 / 11.07.2023
11100
3 daqiqa o‘qiladi

«Rossiyani hamkor deb hisoblay olmaymiz» - NATO kommyunikesi e’lon qilindi

Foto: AP

NATO davlatlarining Vilnyusdagi sammiti nihoyasiga yetdi. Uning yakuni bo‘yicha kommyunike qabul qilindi.

Hujjatda Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lish shartlari, shuningdek, so‘nggi paytlarda sodir bo‘lgan ko‘plab voqealar bo‘yicha NATO pozitsiyasi ifodalangan.

Ba’zi muhim iqtiboslar:

- «Yevro-Atlantika hududidagi tinchlik parchalanib ketdi. Rossiya Federatsiyasi barqaror Yevropa xavfsizligi tizimiga asos bo‘lib kelgan me’yor va tamoyillarni buzdi».

- «Kaxovka to‘g‘onining vayron bo‘lishi Rossiya boshlagan urushning shafqatsiz oqibatlarini ko‘rsatadi. Rossiya urushi atrof-muhitga, yadroviy xavfsizlikka, energetika va oziq-ovqat xavfsizligiga, jahon iqtisodiyotiga va butun dunyodagi milliardlab odamlarning farovonligiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ittifoqchilar Ukraina donining eksportini ta’minlashga harakat qilmoqda va global oziq-ovqat inqirozini yumshatishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda».

- Rossiyaning Belarus bilan harbiy integratsiyasini chuqurlashtirish, jumladan, Rossiyaning ilg‘or harbiy salohiyati va xodimlarini Belarusda joylashtirish Alyansning mintaqaviy barqarorligi va mudofaasiga ta’sir qiladi. NATO hushyor bo‘lib, voqealar rivojini, xususan, xususiy harbiy kompaniyalarning Belarusda joylashtirilishi masalasini diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Biz Belarusni qo‘shnilariga qarshi g‘arazli harakatlarni to‘xtatishga, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga hamda xalqaro qonunlarga rioya qilishga chaqiramiz».

- «NATO Rossiya va Belarus chegarasiga 300 ming askarini joylashtiradi»

- «Biz Yevro-Atlantika mintaqasida hamda NATO va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda barqaror va shaffof bo‘lishga intilamiz. NATO qarama-qarshilikka intilmaydi va Rossiyaga hech qanday tahdid solmaydi. Uning dushmanlarcha siyosati va harakatlaridan kelib chiqib, biz Rossiyani hamkorimiz deb hisoblay olmaymiz. O‘zaro munosabatlardagi har qanday o‘zgarish Rossiyaning o‘z tajovuzkor xatti-harakatlarini to‘xtatib qo‘yishi va xalqaro qonunlarga to‘liq rioya qilishiga bog‘liq. Biz xavfni boshqarish va kamaytirish, keskinlashuvning oldini olish va shaffoflikni oshirish uchun Moskva bilan aloqa kanallarini ochiq saqlash tarafdorimiz».

- «Rossiya NATO mamlakatlari xavfsizligiga, shuningdek, Yevro-Atlantika hududida tinchlik va barqarorlikka eng muhim va bevosita tahdiddir. NATO Rossiyani Ukrainadagi harbiy harakatlar uchun javobgar deb biladi va ularni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiladi».

- «NATO Zelenskiyning «tinchlik formulasi» orqali tinchlik tamoyillarini o‘rnatish majburiyatini olqishlaydi. Alyans davlatlari 2008 yilgi sammitda Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lishi va NATO-Ukraina kengashini tuzish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi».

NATO davlatlarining navbatdagi sammiti 2024 yilda Vashingtonda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid