«Biz NATOda bo‘lamiz» - Zelenskiy Vilnyusdagi sammit yakunlari haqida
Litvadagi yig‘ilishda Ukrainaga alyansga kirish yo‘lida yordam va’da qilindi.
Vilnyusda NATO sammiti yakunlandi. Litva poytaxti 11–12 iyul kunlari mezbonlik qilgan yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri Ukrainaning alyansga qo‘shilishi masalasi bo‘ldi, bu davlat o‘zini imkon qadar tezroq NATO a’zosi sifatida qabul qilishlarini so‘ramoqda. Sammitning birinchi kunida NATO a’zosi bo‘lgan davlatlar Ukrainaning a’zolik jarayonini soddalashtirishga rozilik berdi, ammo mamlakatni alyansga taklif etish bo‘yicha qaror qabul qilinmadi. Ittifoqchilar Ukraina alyansga blokning barcha a’zolari rozi bo‘lganida, rasmiy Kiyev esa ayrim shartlarni bajarganida (Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy aynan qaysi shartlar haqida gap ketayotganidan xabardor emasligini aytgan) qabul qilishlarini bildirgan. Sammit yakunlari bo‘yicha chiqarilgan bayonotda Ukraina alyansga qachon taklif qilinishi mumkinligi borasida gap bormagan. Avvalroq ittifoqchilar bu faqat urush yakunlanganidan keyin ro‘y berishi mumkinligini qayd etishgandi.
Volodimir Zelenskiy NATO sammiti doirasidagi 12 iyul kungi yig‘ilishda ishtirok etdi. Ukraina prezident Vilnyusga 11 iyul kuni uchib kelgandi, shu kuni u Litva prezideni Gitanas Nauseda bilan mitingda qatnashdi, sammitda esa ikkinchi kuni ko‘rinish berdi. Zelenskiy 1997 yildan buyon mavjud bo‘lgan Ukraina — NATO komissiyasi asosida tashkil etilgan Ukraina — NATO Kengashining ilk yig‘ilishida qatnashdi. Yig‘ilishda alyans mamlakatlari yetakchilari, jumladan Ukrainaning muhim ittifoqchilari — AQSh va Buyuk Britaniya rahbarlari ham jam bo‘lishdi. «Kengash tashkil etilishi bizda alyansning bir qismi bo‘lish hissini uyg‘otadi», dedi Zelenskiy. Kun davomida Zelenskiy NATO mamlakatlari yetakchilari bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdi, jumladan AQSh prezidenti Jo Bayden bilan ham.
«Katta yettilik» mamlakatlari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqidagi bayonotni qabul qilishdi. G7 mamlakatlari Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishga, razvedka ma’lumotlari almashinuvini davom ettirishga kelishib olishdi, shuningdek Rossiya hozirgi mojaro yakunlanganidan keyin ham Ukrainaga yana hujum qiladigan taqdirda, zarur choralarni qabul qilishga va’da berishdi. Shuningdek ushbu mamlakatlar Ukraina bilan «hozirgi vaqtda Ukrainani himoya qilishga va kelajakda Rossiya tajovuzini to‘xtatishga» qodir qo‘shin yaratish uchun «ikki tomonlama, uzoq muddatli xavfsizlik bo‘yicha aniq majburiyatlar va kelishuvlar» ustida ishlashga va’da bergan. «Bizning qo‘llovimiz uzoq kelajakda ham saqlanib qoladi. Bu bizning Ukrainaga sodiqligimizni ko‘rsatuvchi kuchli bayonotdir», — degan Jo Bayden Zelenskiy va «Katta yettilik» yetakchilari bilan sahnada turgan holda. Zelenskiy uchrashuv yakunlarini «sezilarli yutuq» deb atadi.
Vilnyusga kelishidan oldin Zelenskiy NATO mamlakatlarini Ukrainani alyansga qabul qilishdagi noaniqlik tufayli «zaiflik»da ayblagandi. Zelenskiy Ukrainani NATOga taklif etish uchun aniq muddat yo‘qligi faktini «bemisl va absurd» deb atagandi. Bunga javoban Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Ukraina ba’zida g‘arbning yordami uchun faollik bilan minnatdorchilik izhor etib turishi lozimligini ta’kidlagandi. Uolles 2022 yilda Kiyevga borish uchun 11 soat sarflagani, u yerda esa unga darhol zarur qurollar ro‘yxatini tutqazishganini esladi. «Men ularga aytdim: „Bilasizmi, biz Amazon emasmiz“», — deya xotirladi vazir. Jo Bayden bilan uchrashuv yakunlariga ko‘ra matbuot anjumanida qatnashgan Zelenskiy esa Ukraina ko‘rsatilayotgan yordam uchun «hamisha minnatdor bo‘lgani»ni aytdi. «Men shunchaki biz yana qanday minnatdorchilik bildirishimiz kerakligini bilmayman. Balki ertalab uyg‘onib, vazirga rahmat aytishimiz kerakdir. Yaxshisi uning o‘zi menga qanday rahmat aytish kerakligi haqida yozib yuborsin va men shunday minnatdorchilik bildiraman», — dedi u.
Volodimir Zelenskiy NATOning Vilnyusdagi sammitidan so‘ng Ukraina uchrashuvdan «katta pozitiv» olganini bildirdi:
Biz chindan ham birlashishga erishdik va yetakchilar Ukrainani qo‘llab-quvvatladilar. Ular Ukraina NATOda bo‘lishini yakdillik bilan qo‘llashdi. Bu qachon bo‘lishini aytadigan bo‘lsam, ishonchim komilki, bunday qo‘llov va Ukraina — NATO Kengashi yig‘ilishidagi har bir yetakchining bayonotlariga ko‘ra, men hisoblaymanki, xavfsizlik sohasidagi vaziyat barqarorlashishi bilan biz NATOda bo‘lamiz.
Mavzuga oid
15:50
Zelenskiy: Slovaklarga RFdan gaz uchun tovon puli taklif qilingan
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
07:55 / 20.12.2024