Jahon | 17:29 / 19.07.2023
18621
2 daqiqa o‘qiladi

JAR Putinni BRIKS sammitiga kelmaslikka ko‘ndirdi

Sammitda Rossiya delegatsiyasiga Lavrov boshchilik qiladi. Agar Putin Yoxannesburgdagi anjumanga borganida, Rim statutiga qo‘shilgan Janubiy Afrika Respublikasi Xalqaro jinoyat sudi orderiga asosan uni hibsga olishi kerak bo‘lardi.

Ramafosa va Putin 2019 yilda / Foto: Sergei Shirikov / AFP / Getty

Rossiya prezidenti Vladimir Putin BRIKS sammitida ishtirok etish uchun Janubiy Afrika Respublikasiga bormaydi. Bu haqda JAR prezidenti rasmiy saytida ma’lum qilindi.

“Ikki tomonlama kelishuvga asosan, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin sammitda ishtirok etmaydi. Rossiya Federatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov vakillik qiladi”, – deyiladi xabarda.

BRIKS sammiti 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadi. Unda Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari rahbarlari qatnashadi.

JAR vitse-prezidenti Pol Mashatile avvalroq mamlakat prezidenti Sirila Ramafosa shaxsan o‘zi Putinni sammitga kelmaslikka ko‘ndirishga uringanini aytgandi.

Xalqaro jinoyat sudi 2023 yil mart oyida harbiy jinoyat – bosib olingan hududlardagi ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish gumoni bilan Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan. Bu esa Haagadagi sudning asosiy hujjatini bo‘lmish Rim statutini ratifikatsiya qilgan 120 dan ortiq davlatga Putinni hibsga olish majburiyatini yuklaydi. Bu davlatlar orasida Janubiy Afrika Respublikasi ham bor.

JAR prezidenti Siril Ramafosa mamlakatdagi muxolifatning XJS oldidagi majburiyatini bajarish talabiga javoban, Rossiya tomoni Putinni hibsga olish urush e’lon qilish bilan teng deb ogohlantirganini aytgandi. O‘z navbatida, Kreml Putinning BRIKS sammitidagi ishtiroki uning hibsga olinishiga olib kelishi ehtimoli yuzasidan JARga qandaydir tahdid qilganini rad etgan, lekin ehtimoliy oqibatlardan ogohlantirgandi.

Avvalroq JAR rasmiylari sammitda RF delegatsiyasiga Putin emas, Lavrov rahbarlik qilish haqidagi taklifni ilgari surib, Rossiya tomonidan rad javobi olishganini aytishgandi.

JAR vitse-prezidenti Pol Mashatilega ko‘ra, sammitni Xitoyda o‘tkazish yoki Putin unda onlayn rejimda ishtirok etishi variantlari ham taklif qilingan, lekin birinchi taklifga Hindiston va Braziliya rozi bo‘lmagan.

Mavzuga oid