Jahon | 21:37 / 21.07.2023
73443
4 daqiqa o‘qiladi

«Polsha Ukrainani okkupatsiya qilmoqchi» - Putin yig‘ilishda g‘aroyib fikrlarni aytdi

Foto: Kreml sayti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida bir qator masalalar bo‘yicha fikrini bayon qildi. Meduza ularning mazmunini keltirdi.

«Ukraina qarshi hujumidan natija yo‘q»

- Bugun Kiyev rejimining g‘arblik kuratorlari qarshi hujum deb atalmish hodisa natijalaridan hafsalasi pir bo‘lgani aniq, dedi Putin. - Hech qanday natija yo‘q, har holda hozir. Na yetkazilgan resurslar, na qurol-yarog‘lar, na minglab xorijiy yollanma askarlar yordam beryapti. Jangchilarimiz professional tarzda harakat qilmoqda. G‘arbning maqtalgan texnikasi yonayotganini butun dunyo ko‘rib turibdi. NATO arsenallari deyarli tugamoqda. Ukraina qurolli kuchlari katta yo‘qotishlarga duch kelyapti – bu o‘n minglab odamlar. Ukrainaning safarbarlik resursi tugayapti. Oddiy ukrainaliklarda tobora ko‘proq haqli savol paydo bo‘lmoqda: nega ularning qarindoshlari va do‘stlari o‘lib ketmoqda? Hamma asta-sekin aql-hushiga kelyapti.

«Polsha Ukrainani okkupatsiya qilmoqchi»

Yevropada jamoatchilik fikri ham o‘zgarmoqda. Hatto mahalliy elitalar ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlash xorijdagi global gegemon manfaatlar yo‘lida boshi berk ko‘chaga solib qo‘yish va pulni behuda sarflash ekanini ko‘rmoqda. Matbuot qandaydir Polsha-Litva-Ukraina harbiy qismlarini yaratish rejalari haqida yozmoqda. Ular bundan xavfsizlikni ta’minlash, aslida esa G‘arbiy Ukrainani bosib olish uchun foydalanmoqchi. Axir, istiqbol aniq: agar Polsha harbiy qismlari Lvivga kirsa, ular o‘sha yerda abadiy qoladi.

«Polshaning g‘arbiy hududlarini Stalin sovg‘a qilgan»

Polsha ilgari ham xorijiy yerlarni, Rossiyaning tarixiy viloyatlarini, Litva, Avstriya-Vengriya, Chexoslovakiyaning bir qismini bosib olgan va anneksiya qilgan. Ushbu tajovuzkor siyosat 1939 yilda Polshaning G‘arb ittifoqchilari tomonidan Germaniya harbiy mashinasiga tashlab qo‘yilishi bilan tugadi. Polsha amalda mustaqillikni yo‘qotdi va aslida Sovet Ittifoqi tomonidan katta qiyinchilik bilan tiklab oldi. Stalin tufayli Polsha muhim nemis yerlariga ega bo‘ldi. Bugungi Polshaning g‘arbiy hududlari Stalinning polyaklar uchun sovg‘asidir. Varshavadagi do‘stlarimiz buni unutganmi? Biz eslatamiz.

«Ukraina yerni ham, odamlarni ham sotadi»

Kiyev rejimi bugungi kunda sotqin terisini saqlab qolish va faoliyatini davom ettirish uchun hamma narsaga tayyor ekanini ko‘ryapmiz. Ular Ukraina xalqi va suvereniteti haqida qayg‘urmaydi. Ular yerni ham, odamlarni ham sotadi. Polsha rahbarlari esa, ehtimol, «NATO soyaboni» ostida Ukrainadagi mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashib, g‘arbiy Ukrainani qaytarib olishga umid qilmoqda.

«Polsha Belarusni ham orzu qilyapti»

Ular Belarus yerlarini ham orzu qiladilar, bu yaxshi ma’lum. Belarusga qarshi tajovuzni boshlash Rossiyaga qarshi tajovuzni anglatadi. Biz barcha mavjud vositalar bilan javob beramiz. Haqiqat shundaki, G‘arb uchun Ukraina «to‘p yemi» yetarli emas. Shuning uchun ular yangi resurslardan foydalanishni rejalashtirmoqda — polyaklar, litvaliklar va boshqa xalqlardan. Bu juda xavfli o‘yin va bu reja mualliflari oqibatlar haqida o‘ylashi kerak.

Mavzuga oid