Jamiyat | 18:50 / 25.07.2023
46316
10 daqiqa o‘qiladi

Pedofiliya kamayayotgani yo‘q. Bunga sabab nima?

Pedofiliya bilan bog‘liq jinoyatlar to‘xtagani yo‘q: 2023 yil 6 oyida 16 yoshga to‘lmaganlarga nisbatan jinsiy tajovuz bilan bog‘liq ishlar uchun 257 nafar shaxslarga sud hukmlari o‘qilgan. Bu hozircha huquq tartibot organlariga ma’lum bo‘lgani, qozon yopiqligicha qolib ketayotgan holatlar qancha?

Foto: Getty Images

Yaqinda Farg‘onada 11 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirishda gumonlanib, 17 yoshli yigit qo‘lga olindi. Olmaliq shahrida yosh bolalarni axloqsiz harakatlar qilishga majburlagan 39 yoshli erkak ushlandi.

Qanchalik ko‘p qoralanmasin bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar, xususan, pedofiliya hamon sodir bo‘lishda davom etmoqda. Kun.uz pedofiliya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha Oliy sud axborot xizmatidan ma’lumot oldi. Unga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomida:

  • 15 nafar jinoyatchi 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish;
  • 44 nafar jinoyatchi 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish;
  • 163 nafar jinoyatchi 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishda;
  • 35 nafar jinoyatchi 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyatlarini sodir etgani uchun jazolangan. 

Bu raqamlarning orasida hali odamlar yodidan chiqmagan Muslima fojiasi ham bor. Pedofiliyaning, zo‘ravonlikning oldini olish uchun yana nimalar qilish kerak? Kun.uz yana bir bor jamoatchilik faollarining bu haqdagi fikrlariga quloq tutdi.

Firuz Allayev, tadbirkor:

«Targ‘ibot. Mavzuni ko‘proq ko‘tarish, muhokama qilish aholining muammoga nisbatan diqqatini jalb qiladi. Targ‘ibotda pedofiliyaning bolaga ta’siri, uning yomonliklariga alohida e’tibor berish kerak.

Ta’lim. Axloqiy tomondan tashqari, bolalarga shaxsiy daxlsizlik, o‘z xavfsizligini ta’minlashni o‘rgatish dolzarb hisoblanadi. Bola o‘rgatilsa, xavfni yoki o‘ziga nisbatan noaxloqiy harakatni sezsa, nima qilishini bilishi kerak. O‘zimizda bolalikda pedofil qurboni bo‘lgan ko‘pchilik o‘sha paytda u narsa yomonligini bilmagan ham. Shu uchun bolalar bilan bu mavzuni muhokama qilish zarur deb o‘ylayman. O‘zbekistonda maktablarda jinsiy ta’lim zarurligini bir necha yildan beri aytib kelamiz. Mavzu nozik bo‘lgani uchun hali-beri joriy qilinmasa kerak. Hech bo‘lmasa, ota-onalar vaziyatni qo‘lga olib, bolasining himoyasi uchun ham buni tushuntirishi muhimdir.

Qonunlar va jazoni kuchaytirish. Jazo muqarrarligi, uning og‘irligi ham pedofillarni tiyib turuvchi mexanizm bo‘ladi. Yildan yilga qonunchilikni yanada kuchaytirishimiz zarur. Pedofil 2-3 yillik jazo bilan qutulib qolsa va amaldor bilan bo‘lgan keysdagi kabi sud faqat jamoatchilik bosimi bilangina ishlasa, vaziyat yaxshilanishi qiyin bo‘ladi. Jazo qat’iy, og‘ir va muqarrar bo‘lishi kerak.

Sohaga bog‘liq kadrlarni o‘qitish. Maktab psixologlari, o‘qituvchilar, IIV xodimlari, mahalla nozirlari, xullas bolalar bilan ishlaydigan har qanday xodimlarni bu bo‘yicha o‘qitish, bola pedofil qurboniga aylanganini qanday payqashni o‘rgatish kerak. Shunda pedofiliya oilada bo‘lgan holatda, bular uni anglashi va bola himoyasiga otlanishi mumkin. 

Qurbonlarni qo‘llab-quvvatlash. Pedofiliya bilan bog‘liq muammolar ochilmasligining asosiy sabablaridan biri jamiyat munosabatidir. Voqea jamiyatda keng muhokama qilinadi, pedofil qurbonlari endi «ijtimoiy qurbon»ga ham aylanishadi, jamiyat tomonidan ham diskriminatsiyaga uchrashadi. Aksincha, bunaqa holatda jamiyat ham, davlat ham qurbonlarni qo‘llab-quvvatlashi, ular vaziyatdan chiqib ketishi uchun zarur moliyaviy, tibbiy va psixologik yordamni berishi, jamiyat qurbonlarga nisbatan o‘zining paradigmasini o‘zgartirishi zarur. Pedofiliyaga uchraganlar aybdor emas, qurbon, buni hammamiz his qilishimiz kerak.

Fuqarolik jamiyatining ahamiyati oshishi. Pedofil amaldorlar keysida fuqarolik jamiyati muhim rol o‘ynadi. Shunga o‘xshab, har bir keysda ijtimoiy jamoatchilik jim turmasligi, imkon boricha aholiga ham, hukumatga ham muammoning jiddiyligini yetkazishi dolzarb hisoblanadi. Bular birinchi faktor, targ‘ibotda ham rol o‘ynashadi».

Shahnoza Soatova, bloger, Adliya vazirining maslahatchisi:

«Bu voqeaning dahshatli joyi shuki, bolalarimiz ayrim hollarda umuman xavfsiz va himoyasiz. Ota-onalar bolalarning xavfsizligi masalasiga yengil qarashmoqda. Shu oila Sergelidagi marhuma Muslima fojiasini hatto eshitmagan ham bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Chunki uni eshitgan har bir ota-ona oddiy ota-onalik instinkti tufayli ham bolasini qattiqroq himoya qiladi. Qizchaning hayotiga zomin bo‘lgan o‘smirlar bunday ish uchun bir umrga qamalishini bilishmaganmi? Bilishsa, balki qo‘rqishardi. 

Nimaga jar solmayapmiz hamma joyda, nimaga ko‘chalarga ijtimoiy bannerlar ilib tashlamayapmiz, televideniyeda ijtimoiy reklamalar bermayapmiz, sms-xabarnoma jo‘natmayapmiz va hokazo? Bunaqa holatlar statistikasi balki oshmagandir, lekin barham topgani ham yo‘q-ku. Har bir bolani qattiq himoya qilishimiz, elementar xavfsizlik qoidalarini kerak bo‘lsa yosh bolasi bor har bir uyning eshigiga yopishtirib chiqishimiz kerak. Bilgan – qurollangan demakdir».

Aziza Umarova, bloger, jamoat faoli:

«1. Shoshilinch tarzda, maktablarda jinsiy tarbiya darslarini, ya’ni bolalarga ularning jinsiy a’zolariga umuman tanlariga teginishga hech kimning teginishga haqqi yo‘qligini uqtiruvchi darslarni joriy etish zarur. Shuningdek, bu darslarda, bolalarga pornografiya zararlari va ularni tomosha qilishga yo‘l qo‘yilmasligi tushuntirilishi hamda bolalar va ota-onalarga beshta muhim qoidani tushuntirish zarur:

- Ko‘chada begonalar bilan muloqotga kirishmaslik va ularni uyga kiritib bo‘lmasligi.

- Notanishlar bilan liftga kirmaslik.

- Notanishlar mashinasiga o‘tirmaslik.

- Notanishlardan sovg‘alarni qabul qilmaslik va ularning uyiga yoki boshqa joyga borish taklifiga rozi bo‘lmaslik.

- Imkon boricha, ko‘chada yolg‘iz qolmaslik, ayniqsa qorong‘i tushgandan keyin.

2. Kamida bir yil hushyorlik oshirilishi va militsiya, Milliy gvardiya va xavfsizlik organlarining barcha e’tibori pedofiliya, voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyatlarga qarshi kurashga qaratilishi kerak. 

3. Har bir xabar beruvchi axborot resurslar, ya’ni televizor, avtobusdagi roliklar, radio bolalar xavfsizligi haqida so‘zlashi kerak. Bolani notanish shaxslar bilan biror joyga yuborish mumkin bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarur. 

4. Jinoyatga jazo munosib va mutanosib jazo bo‘lishi kerak. Umrbod qamoq jazosi yoki o‘lim jazosini joriy qilish zarur.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga jinsiy zo‘ravonlik qilganlarning, ya’ni pedofillarning davlat reyestri yuritilishi kerak».

O‘zbekistonda bu kabi jinoyatlarga chek qo‘yish yo‘llari haqida bong urilarkan, qonunchilikda jazolarning yumshoqligi aytildi. Aprelda qabul qilingan yangi qonunda jazo biroz kuchaytirildi. Mazkur qonun bilan O‘zbekistonda ham pedofillarning reyestri yuritiladigan bo‘ldi. Bu reyestrga bolalarni zo‘rlagan shaxslar kiritiladi va ularga ta’lim sohasida ishlash taqiqlandi. Ular nafaqat ta’limda ishlay olmaydi, umuman bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanishi man etiladi.

Yuridik fanlari doktori, professor Lola Saidovaning aytishicha, mazkur reyestrni tashkil qilish tartibi Ichki ishlar vazirligi tomonidan joriy qilinishi kechikyapti:

“Bu jinoyatchilarni, ya’ni pedofillar ro‘yxatini yuritish Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgandi. Biroq haligacha bu mexanizm yaratilmadi”, deydi professor.

Dunyo tajribasi qanaqa?

Dunyo tajribasida qo‘shni davlatlarda va rivojlangan mamlakatlar qonunlarida pedofillarni ayovsiz jazolash yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Qozog‘istonda 2016 yilda imzolangan «Bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, qo‘shni davlatda pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya shaklida keskin jazo chorasi qo‘llashga ruxsat berilgan. Bu jinoyatni sodir etganlar Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 50-moddasiga binoan umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi belgilangan.

Qozog‘istonda voyaga yetmagan shaxslarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslarning ochiq reyestri.

Ukrainada esa bunday jinoyat uchun 7 yildan 15 yilgacha (amnistiyasiz) qamoq jazosi beriladi. Pedofillarning ochiq reyestri yuritiladi va majburiy kimyoviy kastratsiya qilinadi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlar ustidan umrbod ma’muriy nazorat o‘rnatilgan.

Qayd etish joiz, 2017 yil «Xavfsiz shahar» dasturi qabul qilingandi. 2020 yil prezident farmoniga ko‘ra «Xavfsiz mahalla» tizimi joriy etilishi aytilgandi. Har hil dasturlar-u sa’y-harakatlarga qaramay kun sayin shaharda ham, qishloqda ham xavf darajasi kamayotgani yo‘q. Amaliy harakatlarni boshlash vaqti esa allaqachon kelgan…

Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid