Jamiyat | 17:40 / 27.07.2023
20799
9 daqiqa o‘qiladi

Ta’limda bola psixologiyasi qay ahvolda? Psixologlar bilan suhbat

Bog‘chadan tortib universitetgacha davom etadigan vatanparvarlik tadbirlarining nega samarasi past? Nima uchun bolalarga potensial jinoyatchiga qaragandek qaraladi, o‘smirlik inqirozi esa tarbiyasizlik deb baholanadi? Psixologlar Kun.uz bilan suhbatda ta’limdagi bola ruhiyatiga e’tibor masalasida so‘z yuritdi.

“Oqni oqdan, qorani qoradan ajratib olish kerak. Qilayotgan ishning oqibatini o‘ylash kerak”. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari mana shunday pand-nasihatlar bilan bog‘cha bolalariga ma’ruza qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, bolalarning xavfsizligiga qaratilgan bunday targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi lozim, lekin bunday uslubda emas. Xo‘sh, o‘zi aslida bu kabi targ‘ibot tadbirlari qay tarzda tashkil etilishi kerak? Umuman, O‘zbekistonda bola psixologiyasiga munosabat qanday? O‘sib kelayotgan avlod bilan til topisha olmaslik qanday oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin?

Kun.uz ayni mavzu atrofidagi savollarga psixologlar Rozaliya Gabdulhakova va Sayyora Azlarovadan javob oldi.

— Ichki ishlar xodimlarining bog‘cha bolalariga «tushuntirish ishlari» olib borayotgan videosi tarqaldi. Bu holatga munosabatingiz qanday?

Rozaliya Gabdulhakova: Bog‘cha bolasining II xodimlari bilan uchrashuvi yomon emas, chunki ularda ichki ishlar xodimlariga nisbatan ishonch uyg‘onishi kerak. Lekin bunda ham oldin bog‘cha tarbiyachilari “militsiya” xodimlaridan yomon obraz shakllantirib qo‘ymagan bo‘lishi kerak.

Rozaliya Gabdulhakova

Ijtimoiy tarmoqlarda kulgi ostiga olingan videodagi gaplarni yosh bolalar tushunmaydi. Eslab qolmagan ham. Bu yoshdagi bolalarga tushuntirilmoqchi bo‘lgan narsalar, masalan, ko‘chadagi xavfsizlik, ba’zi holatlarda o‘zini qanday tutish kabilarni amaliy tarzda, o‘yinlar bilan o‘rgatish kerak. Faqat gapirishning o‘zi bilan bolalarga tushuntirib bo‘lmaydi, bu narsalar ularning xotirasida ham qolmaydi. Chunki bolaning diqqati chegaralangan bo‘ladi, shunga ular uzoq e’tibor berib tinglay olmaydi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, videodagi bolalar hammasi shunchaki jim o‘tirish uchun chidab o‘tirishibdi, xolos. Ularning barchasining xayollari tarqoq.

Sayyora Azlarova: Bog‘cha yoshidagi bolalarda yetakchi faoliyat turi asosan o‘yinlar bo‘ladi. Shuning uchun ham ularga biror bir ma’lumotni yetkazish uchun ham mana shu yetakchi faoliyat turiga qarash kerak. Ya’ni bola 7-8 yoshdan boshlab vaziyatlarga axloqiy baho berishni boshlaydi. Ungacha esa axloq tushunchasining o‘zi bo‘lmaydi. Ya’ni biror bir qadriyat, axloqiy tizim degan narsani shu yoshdan keyin tushunishni boshlaydi. Bola uchun biror narsani yaxshi yomon, oq-qora deb ajratish yetarli emas, buni amaliy shaklda ko‘rsatib berish kerak.

Vaziyatdagi ichki ishlar xodimlarini ham tushunsa bo‘ladi, ular bola psixologiyasini bilmaydi, shunchaki aytilgan buyruqni o‘zlari bilgan usulda bajarishgan.

Rozaliya Gabdulhakova: Videodagi gaplarda xavfsizlikka oid aytarli gap yo‘q edi. Menimcha, bu kabi uchrashuvlar aniq bir maqsadga yo‘naltirilgan, ma’lum reja asosida bo‘lgani yaxshi. To‘g‘risini aytsak, vatanparvarlik hissi bog‘cha bolasida bo‘lmaydi, ularda manfaat hissi ustun turadi. Bu yoshda ma’lum bir narsalarga, masalan, davlat ramzlari – gerb, bayroqqa nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishni o‘rgatish mumkin. Boshqa davlatlarda milliy bayrog‘iga nisbatan munosabatini yoki milliy valutaga bo‘lgan munosabatni ko‘rish mumkin.

Ya’ni qadriyatlar tanlab olinadi-da, ularga munosabatni shakllantirish orqali vatanparvarlikka birinchi qadamlarni bog‘chadan qo‘yish mumkin. Lekin “vatanni sev” deyish bog‘cha bolasi uchun shunchaki balandparvoz, ahamiyatsiz gap.

Sayyora Azlarova

Sayyora Azlarova: Aslida vatanparvarlik hissi bolaga singdirilishi kerak bo‘lgan muhim narsa. Lekin bizda buning tizimi, metodologiyasi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu borada Yaponiya, Janubiy Koreya tajribasini ko‘p kuzataman, bu bo‘yicha ijtimoiy roliklar ham mavjud. Bolaga vatanparvarlik hissi bunday davlatlarda daxldorlik, axloqiy qadriyatlarni singdirib borish bilan berib boriladi. Deylik, qaysidir hududni o‘ziga tegishli deb bilish, toza saqlash, kimlargadir g‘amxo‘rlik qilish kabi hislari orqali mansublik, mas’uliyat shakllantiriladi. Bola qaysidir ma’noda o‘sha hududga aloqadorlik, toza saqlash hissi uyg‘onganidan faxrlanishni boshlaydi. Mana shunday tarzda sekin-sekin vatanparvarlik hissiga o‘tilsa, to‘g‘ri yondashilgan bo‘lar edi.

— O‘zbekistonda bola psixologiyasi bilan ishlash qanday yo‘lga qo‘yilgan, sizningcha? O‘zi ta’limda bola psixologiyasi deganda, nimani tushunishimiz kerak?

Rozaliya Gabdulhakova: Ta’limda bolaning ruhiyati inobatga olinsa, uning maqsadlari kengayadi. Ya’ni faqat akademik maqsad emas, hozir qaysidir she’rni yodlashim kerak, qanday qilib bo‘lsa ham deyilmasligi kerak. Balki bu jarayonda bola bu she’rdan qanday foyda oladi, uni yodlaganda o‘zini qanday his qiladi, yodlash unga qulaymi yoki noqulaymi, bir kunda uni yodlashga jismonan ulgura oladimi kabi ko‘proq jihatlar nazarda tutiladi. Maktablar – ta’lim olish dargohi bo‘lishdan tashqari, bolaning asosiy vaqt o‘tkazadigan joyi hisoblanadi. Bola aynan maktabda odamlar, jamiyat bilan munosabat o‘rnatishni o‘rganadi. Mana shu jihatlar e’tiborga olinsa, hozirgi vaziyat butunlay boshqacha bo‘lgan bo‘lardi. Ya’ni bolalar qo‘rqitib darsda olib o‘tirilmasdi, 2 baho orqali manipulyatsiya qilinib, o‘qishga majburlanmagan bo‘lardi. Hammasiga nazar umuman boshqacha bo‘lgan bo‘lar edi.

Sayyora Azlarova: O‘smir yoshgacha bolalar men kimman, degan savolga javob qidiradi. Javobni esa 6 yoshgacha uydan, undan keyin maktabdan oladi. Bolaning birinchi ustozini tanlash juda muhim, bizda esa ko‘pchilik maktabni tanlaydi. Bolaga pedagogning munosabati unga o‘zining munosabatini shakllantiradi. O‘smir yoshgacha bola men kimman, degan savolga javoblar yig‘adi va keyin uni namoyish qila boshlaydi. Shuning uchun uydagi va maktabdagi munosabat muhim. Bizda esa aksariyat pedagoglar bolalar bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lmaydi. Fidoyi o‘qituvchilarimiz ham bor, ammo ular kam. Biz birinchi navbatda pedagoglarni to‘g‘ri tarbiyalashimiz kerak.

Bolaga shaxs sifatida qaralmasa, shunga yarasha natija ko‘rsatadi bola ham. Ko‘pchilik o‘qituvchilar potensial jinoyatchiga qaragandek qaraydi bolaga. O‘smirlik inqirozi, o‘zini namoyon qilishga bo‘lgan harakatlar tarbiyasizlik deb baholanadi. Bolaning psixologiyasi shunday.

OTMda ikki yil psixolog sifatida ishlaganman. U yerda eng katta muammolardan biri tadbirlar edi. Dars jadvallari, talabalarning holati (darslardan keyin charchagan bo‘lishadi) umuman hisobga olinmaydi. Bundan tashqari, o‘sha tadbirlarni tashkil etishga o‘qituvchilar jalb qilinadi, qanaqadir hisobotlar yozishadi. Bu esa ularning vaqtini oladi, asosiy ishi dars berish bo‘lgan o‘qituvchilarni charchatib qo‘yadi. O‘z kasbidan bezish boshlanadi. Tadbirbozlik, byurokratiya charchatib tashlaydi.

·       Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov. 

Mavzuga oid