Frontdagi vaziyat: Ukraina qarshi hujumning yangi bosqichini boshlagani aytilmoqda
Ukraina qurolli kuchlari mamlakat janubida qarshi hujumning birinchi vazifasini hal qilgan va Rossiya mudofaasining birinchi chizig‘iga yetib kelgan (rejalashtirilganidan ancha kechikib). Bu vaqtda esa Rossiya armiyasi shimolda o‘z yurishini boshladi.
Ukrainaning 4 iyun kuni boshlangan yurishi (agar Baxmut atrofidagi qarshi hujumlar boshlang‘ich nuqta sifatida olinsa, may oyi o‘rtalarida), qariyb ikki oy o‘tganidan keyin nihoyat birinchi kulminatsiya bosqichiga chiqdi. Shubhasiz, bu yagona amaliyot sifatida emas, balki turli vaqt va turli joylarda berilgan zarbalar seriyasi sifatida ishlab chiqilgandi. Hujum qilayotgan qo‘shinlar birinchi navbatda o‘z pozitsiyalarini Rossiya armiyasining mustahkamlangan mudofaa liniyasidan ajratib turgan 7-10 kilometrlik masofani bosib o‘tishi talab etilardi. Endi esa bu vazifani bajarilgan deb hisoblash mumkin.
Ukraina qo‘mondonligi rejasiga ko‘ra, bu ancha avvalroq ro‘y berishi kerak edi. Ammo hujum qilayotgan kuchlar minalangan maydonlarda, Rossiya artilleriyasi o‘qlari, tankka qarshi komplekslar va vertolyotlarning zarbalari tufayli katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Iyul oyi oxiriga kelib ukrain armiyasi RF qurolli kuchlarining asosiy mudofaa liniyasidagi qator qishloq va posyolkalarni shturm qilishga kirishdi. Amerikaning The New York Times nashri esa Ukraina qurolli kuchlari «asosiy zarbani berishni boshlagan bo‘lishi mumkinligi» haqida yozdi. Nashr taxminiga ko‘ra, Zaporijjya oblastidagi Orixiv yo‘nalishi asosiy yo‘nalish sifatida tanlangan — bu yerda g‘arb yetkazib bergan zirhli texnikalar bilan jihozlangan brigadalar hujumga o‘tdi.
CNN ham Ukraina so‘nggi oylardagi sekin harakatlardan keyin hujum sur’atlarini kuchaytirganini yozmoqda. Amerikalik ikki mulozim nashrga Ukraina mamlakat janubi-sharqiga qo‘shimcha kuchlar tashlagani, bu esa Ukraina qurolli kuchlari Rossiya mudofaa chiziqlaridagi zaif nuqtalar aniqlanganidan dalolat berishini aytgan.
Bloomberg nashri esa Ukraina qarshi hujumining yangi bosqichi boshlangani haqida yozgan. Ukraina Zaporijjya oblastining Orixiv shahridan yurish qilib, janubdagi Rossiya mudofaasini yorib o‘tish uchun katta zaxiralarni jangga tashlagan va Tokmak orqali Melitopol shahriga chiqish maqsadida faol hujum qilmoqda.
Zaporijjya oblastida harbiy harakatlar faollashgani haqida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham aytib o‘tdi. U o‘z odatiga ko‘ra Ukrainaning barcha urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqayotganini takrorlagan.
Amalda Ukraina qurolli kuchlari amaliyoti shakli aniq emas: ular geografik jihatdan bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan hududlarda hujum qilishda davom etmoqda. Egallash uchun janglar olib borilayotgan aholi yashash manzillari bir-biridan o‘nlab kilometrlar masofada joylashgan. Asosiy zarba yo‘nalishini hali ham faqat taxmin qilish mumkin. Ukraina qo‘mondonligi dastlabki muvaffaqiyatsizliklar tufayli zaxiralarni harakatga keltirishga majbur bo‘lgan — va bu qo‘shinlar ham, yurishning boshlang‘ich bosqichidagi kabi turli yo‘nalishlarga teng taqsimlangan.
Rossiya qo‘mondonligi ham o‘z rejalarining bir qismini ochiqlab qo‘ydi: ular hozircha yirik zaxiralarini Ukraina qurolli kuchlari hujum qilayotgan joylarga tashlamaydi (faqat Baxmut fronti bundan istisno, bu yerda RF QK «Vagner» XHK korpusi jang maydonidan ketishi tufayli, ularning o‘rniga zudlik bilan zaxira kuchlaridan yangi guruh shakllantirishiga to‘g‘ri kelgandi), lekin Ukraina shimoli-sharqida — Xarkiv, Luhansk va Donetsk oblastlari tutashgan joyda o‘z yurishini boshlash uchun katta miqdordagi zaxiralarini to‘plagan. Ko‘rinib turibdiki, bu guruhning vazifasi ukrain resurslarini Baxmut va mamlakat janubidan chalg‘itish hisoblanadi.
Baxmut
- Frontning bu uchastkasi janubida ko‘p haftalardan buyon davom etayotgan janglardan keyin Ukraina qurolli kuchlari vagnerchilar o‘rniga kelgan RF QK bo‘linmalarini Shimoliy Don — Donbass kanali va Baxmut — Konstantinovka trassasi bo‘ylaridan surib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. So‘nggi haftalarda bu hududga Rossiya zaxira kuchlari olib kelinganiga qaramay, ukrain qo‘shini RF QKning Kleshchiyevka va Andriyivka qishloqlaridan g‘arbdagi tepaliklarda joylashgan asosiy istehkomlarini egallagan. 25 iyul kuni ukrain qo‘shini bu qishloqlarni shturm qilishga kirishdi.
- Bu janglar yakuni hozircha noma’lum. Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Kleshchiyevkaning janubiy chekkalarida ko‘zga tashlangan. Videoga ko‘ra, ular rossiyaliklar artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilgan.
- Bundan oldinroq Ukraina qurolli kuchlari bir necha hafta davomida rossiyaliklarning front ichkarisidagi artilleriya tizimlariga zarbalar berib kelgandi (internetda RF QKning Baxmutdan bir necha kilometr masofadagi artilleriya tizimlari nishonga olingani ko‘rsatilgan o‘nlab videolar mavjud). Ammo, ko‘rinib turibdiki, Rossiya qo‘shinlarining o‘t ochish tizimlarini to‘liq bostirishning imkoni bo‘lmagan.
- Agar Ukraina qurolli kuchlari Kleshchiyevka va Andriyivkani ozod qilishga muvaffaq bo‘lsa, ular Baxmutga janubdan kirib kelishi mumkin («Vagner» ham qish o‘rtalarida shu qishloqlarni egallaganidan keyin shunday qilgandi). Ammo bu Rossiya mudofaasini qulata olmaydi, garchi uni qiyin ahvolga solib qo‘ysa ham: Rossiya guruhining asosiy ta’minot liniyalari (Baxmut — Popasnaya va Baxmut — Soledar yo‘llari) shimoli-sharqda joylashgan hamda hozircha nisbatan ishonchli himoyalangan.
- Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut shimolida yurishlari (bu hujumlar orqali shahardagi Rossiya guruhining ta’minotini xavf ostiga qo‘yish ko‘zlangan) bir necha haftadan buyon bir joyda to‘xtab qolgan. Ukrain kuchlari Baxmutdan shimoli-sharqdagi yuk mashinalari bo‘ylab zarbalar berishga urinish bilan kifoyalanmoqda.
- Rossiya qo‘shini katta ehtimol bilan Kleshchiyevkani tashlab chiqadi — qishloqdan g‘arbdagi tepaliklar boy berilganidan keyin uni mudofaa qilish o‘ta qiyinlashgan. Ammo bu mudofaa chizig‘i yorib o‘tilishiga olib kelishi dargumon: agar RF QK bo‘linmalari ortga chekinsa, ular Kleshchiyevka va Andriyivkadan sharqdagi yangi mudofaa chiziqlariga o‘rnashadi.
Velika Novosilka yo‘nalishi
- Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasida so‘nggi haftalarda bo‘lib o‘tgan janglar Rossiya mudofaasida inqiroz keltirib chiqardi.
- Velika Novosilka rayoni markazidan chiqib, Suxiye Yali daryosi sohillari bo‘ylab janubga qarab harakatlangan va yo‘l-yo‘lakay bir qancha qishloqlarni ozod etgan Ukraina qurolli kuchlarining yurishi iyul oyiga kelib to‘xtab qolgandi. Qanotlardagi tepaliklarni egallamasdan turib, daryo bo‘ylab janubga yurish qilish imkonsizligi ma’lum bo‘lgandi. Shunda ukrain kuchlari zaxira kuchlarni ishga soldi va g‘arbiy qanotda yirik yurish boshladi; ular Rovnopol qishlog‘ini egallab, janubga harakatlandi. Iyul oyi oxiriga kelib Ukraina QK Priyutne va Staromayorske qishloqlarini shturm qilishga kirishdi. 27 iyul kuni kechqurun Volodimir Zelenskiy ukrain harbiylari Staromayorskeni egallagani aks etgan videoni namoyish etdi, mamlakat mudofaa vazirligi bu ma’lumotni tasdiqlab, ayni vaqtda qishloq hududini tozalash ishlari ketayotganini bildirdi.
- G‘arbiy qanotdagi yutuqlar (Staromayorske, Priyutne va bu qishloqlarning atrofi ozod etilishi) Ukraina qurolli kuchlariga RF QKning Mokriy Yalining boshqa sohilidagi Urojayne posyolkasidagi istehkomlariga uch tomondan hujum qilish imkonini beradi. Bu esa Rossiya qo‘shinini Staromlinivka yo‘nalishida janubga chekinib, ikkinchi mudofaa liniyasiga o‘tishga majbur qiladi.
Orixiv yo‘nalishi
- Iyun oyida Ukraina qurolli kuchlarining g‘arb zirhli texnikalari qurollangan yangi kuchlari Rossiyaning Zaporijjya oblastidagi guruhining muhim logistik markazi bo‘lmish Tokmak shahriga Orixivdan eng qisqa yo‘l orqali yorib o‘tishga urinib, muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Ammo qariyb ikki oyga cho‘zilgan hujumlardan keyin Rossiya armiyasining bu yo‘nalishdagi eng yaqin istehkomlari joylashgan Rabotine posyolkasigacha bo‘lgan 7 kilometrlik «hech kimga tegishli bo‘lmagan» hudud bosib o‘tildi. Nihoyat, iyul oyining ikkinchi yarmida Ukraina qurolli kuchlari Rabotineni sharqdan aylanib o‘tib, unga shimoldan yaqinlashdi. Ukraina qurolli kuchlari buning uchun yirik zaxiralarini ishga solishiga to‘g‘ri keldi (iyun oyidagi harbiy harakatlarda qatnashmagan bir qancha brigada qismlari jang maydonida paydo bo‘lgan).
- Posyolka chekkalariga kirish uchun 26 iyul kuni amalga oshirilgan birinchi urinish, aftidan muvaffaqiyatli chiqmagan: hujum qilayotgan qo‘shin tankka qarshi komplekslar, artilleriya va vertolyotlar zarbalari tufayli ko‘plab zirhli texnikalarini yo‘qotgan. Ammo yaqin vaqtlar ichida Rabotineni egallash uchun navbatdagi shturmlar va undan sharqda joylashgan Verbove qishlog‘iga hujum qilinishi kutilmoqda.
Rossiyaning shimoldagi yurishi
- RF QKning Luhansk, Donetsk va Xarkiv oblastlari chegarasidagi (janubdagi Kreminna va Torskedan shimoldagi Kupyanskka qadar) yirik yurishi, katta ehtimol bilan dastlabki yutuqni olib keldi. Vaziyatni aniq baholash qiyin: Rossiya armiyasining asosiy zarbasi hududi — Jyerebets va Oskol daryolari oralig‘idan — shunchaki hech qanday videolar kelmayapti.
- Ammo ikki tomon ham yurish faktining o‘zi va Rossiya qo‘shinlari bu yo‘nalishda oldinga chuqur siljiganini tan olmoqda. RF mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini Jyerebets daryosini kechib o‘tib, uning g‘arbiy sohilida platsdarm tashkil etgani va Sergeyevka qishlog‘ini egallaganini (amalda qishloqdan faqat nom qolgan, uning o‘zi anchadan buyon xaritalarda mavjud emas) xabar qilgan. Ukrainadagi manbalar esa Rossiya qo‘shini yanada ilgarilab, yana bir qancha qishloqni egallaganini aytmoqda. Ko‘rinib turibdiki, bu yo‘nalishda hujum qilayotgan Rossiya guruhi son jihatdan ancha ustunlikka ega.
- Rossiya qo‘mondonligi bu yurish orqali Ukraina tomonini hech bo‘lmaganda Baxmut yo‘nalishidagi qo‘shinlarning bir qismini RF QK yo‘lini to‘sish uchun shimolga yo‘llashiga majbur qilishni ko‘zlagan.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024