«Moskva-Siti»ga dronlar hujum qildi. Bu haqda nimalar ma’lum?
Yakshanbaga o‘tar kechasi uchib kelgan dron «Moskva-Siti» biznes markazidagi binolarga zarar yetkazdi. RF mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, yana bir dron Moskva oblastining Odinsovo rayonida urib tushirilgan. Bu may oyi boshidan buyon Moskvaga to‘rtinchi bor dronlar orqali hujum qilinishi bo‘ldi.
«Bugun tunda ukrain dronlari hujumi amalga oshirildi. Sitidagi ofis minoralarning ikkitasining fasadi shikastlangan. Qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q», — deyilgan Moskva meri Sergey Sobyaninning telegram-kanalida yakshanba kuni soat besh yarimlarda berilgan xabarda.
Hujum oqibatida Rossiyaning uchta vazirligi ofislari hamda turar joy apartamentlari joylashgani taxmin qilinayotgan 50 qavatli «IQ-kvartal» binosining beshinchi va oltinchi qavatlari hududlarida shikastlanish qayd etilgan.
«Ostorojno, novosti» telegram-kanalida portlash oqibatida Raqamli taraqqiyot vazirligi hujjatlari sochilib ketgani aks etgan video namoyish etilgan.
«Oko-2» minorasida birinchi qavatdan to‘rtinchi qavatgacha oynalar singan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida ikki kishi jarohatlangan, ammo bu ma’lumot rasmiy tasdiqlanmagan.
Mash telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, Moskvaga hujum qilgan dronlardan birinchisi soat 3:20 da qulagan. Xuddi shu vaqtda Moskva oblastining Odinsovo rayonida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshlagandi.
Taxminan soat 4:10 atrofida ikkinchi portlash haqida xabar berildi — bu «Oko-2» minorasida.
Rossiya mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, ukrainlarning dronlaridan bittasi Moskva oblasti hududida havoda yo‘q qilingan, «yana ikki dron radioelektron kurash vositalari tomonidan nishondan og‘dirilgan va boshqaruvni yo‘qotib, „Moskva-Siti“ kompleksidagi binolar hududida qulagan».
Ukraina hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi.
TASS ma’lumotiga ko‘ra, bu hujumdan keyin poytaxtdagi Vnukovo aeroportining uchish va qo‘nish yo‘laklari ma’lum vaqtga yopilgan, Moskva shahri va shahar atrofida havo kengliklarida parvozlar to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, «Moskva-Siti» hududida, Testovskaya ko‘chasida avtomobillar harakati to‘xtatilgan.
To‘rtinchi hujum
Bu may oyi boshidan buyon Moskvaga qilingan to‘rtinchi hujum bo‘ldi. Navbatdagi hujum Olenivkadagi koloniyada tutib turilgan o‘nlab ukrain harbiy asirlar halok bo‘lganiga bir yil to‘lgan kunning ertasiga amalga oshirildi.
Dronlarning oldingi hujumi 24 iyulga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda ham Moskvadagi noturar joy binolariga zarbalar yo‘llangandi. Dronlardan biri Rossiya mudofaa vazirligi binolari yaqinida qulagan.
O‘shanda ham vazirlik dronlar radioelektron kurash vositalari tomonidan «bostirilgani» va halokatga uchraganini bildirgandi.
Mudofaa vazirligi dronlar nima uchun shaharga kirishdan oldin emas, faqat Moskva osmonida harakatlana boshlaganidan keyingina kursdan og‘dirilgani bo‘yicha aniqlik kiritmagan. May oyi oxiri va iyul oyi boshida dronlar Rossiya poytaxtiga kirishda ishdan chiqarilgandi.
BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev o‘shanda radioelektron kurash vositalari dronlarga qarshi muvaffaqiyatli ishlaganini mustaqil manba orqali tasdiqlashning ham, rad etishning ham imkoni yo‘qligini ta’kidlagandi. U bu dronlar bilan ham o‘q-dori olib yuruvchi barcha dronlar parvozi oxirgi bosqichida ro‘y beradigan odatiy holat takrorlangani — ular ham portlaganini qayd etgandi.
Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari ular bilan barcha mavjud vositalar - o‘qotar qurollar ham qo‘llanadigan pallada jangga kirishgan. Radioelektron kurash tizimlari qilishi mumkin bo‘lgan maksimum ish — muayyan obektga qarab harakatlanuvchi dronlarning radio- yoki optikelektron yo‘naltirish tizimlarini o‘chirib qo‘yishdir. Shunda ham dronlar nishonga oldindan belgilangan koordinatalar bo‘yicha bormasdan, shunday tizimlardan foydalangan taqdirda. Radioelektron kurash tizimi kamikadze dronlar portlashining oldini olishga kuchsizlik qiladi.
Mavzuga oid
15:47 / 10.11.2024
Moskva oblastiga dronlar hujum qildi
11:06 / 14.10.2024
«Hizbulloh» droni Isroil bazasiga hujum qildi, to‘rt askar halok bo‘lgan
16:32 / 24.09.2024
Tver oblastidagi qurol omborlarining ukrain dronlari hujumidan keyingi ko‘rinishi e’lon qilindi
15:24 / 22.09.2024