O‘zbekiston | 15:15 / 18.08.2023
44182
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz neft va gazni sota olmaymiz, o‘zimizga kerak» - prezident

Prezident xalqimiz energetika sohasida qilgan ishlar natijasini qishda sezishini aytdi. Xomashyo va resurslardan qo‘shimcha qiymat yaratish masalasi muhim ekaniga e’tibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish masalasiga to‘xtaldi.

«So‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmini bir yarim baravarga oshirganimiz, iqtisodiyotimizda yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minladi.

Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Mana shuni hammamiz bilishimiz kerak. Bizda bunday resurslar yo‘q.

Bori ham - xalqimiz ko‘paymoqda - o‘zimizga kerak, chetga sotolmaymiz. Biz bu [borada] ko‘p ishlar qilyapmiz. Xudo xohlasa, bu yil xalqimiz sezadi, nima ishlar qilganimizni.

Lekin yana bir marta aytaman, neft va gaz sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Bizning „neftimiz“ ham, „gazimiz“ ham bu — siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xomashyodan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir. Neftni, gazni sotishga imkoniyatimiz yo‘q, o‘zimizga kerak», — dedi prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, xomashyo va resurslardan qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«Sizlarga ishonaman. Mana, paxtadan yaratyapmiz-ku qo‘shimcha qiymat. Katta-katta marralar olyapmiz, qolgan resurslardan, xomashyolardan ham qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha.

Masalan, kaolinni olaylik. Chetdan olib kelyapmiz kaolin mahsulotini. Bizdan kaolinni olishadi va bizga mahsulot sifatida qayta sotishyapti. Chetdan ko‘mir olib kelyapmiz, o‘zimizning zaxiramizda esa ko‘mir ham bor, kaolin ham bor, uran ham [xomashyo] bor. Lekin yaqin vaqtlargacha bu bilan shug‘ullanmadik... Bu sohada yangi imkoniyatlar, vositalar, sharoitlar yaratiladi, yirik loyihalar amalga oshiriladi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Mahsulotlar tashqi bozorlarda sifatli, talabgorligi yuqori va raqobatbardosh bo‘lishi uchun ishlab chiqarishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, keskin o‘sish qilish zarurligi ta’kidlandi.

Xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3-4 baravar oshib ketganini hisobga olib, davlat eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiradi. Ular uchun moliyaviy imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi. Shuningdek, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 million dollar ajratiladi.

«Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti» dasturi joriy yilda ham davom ettiriladi va dastur bilan qamrab olinadigan korxonalar soni 500 taga yetkaziladi. Ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar davom ettiriladi.

Mavzuga oid