Rossiya rublning dollarga nisbatan qurbini qanday qutqarib qolmoqchi?
Rubl 1998 yilgi defoltning 25 yilligini 1 dollarga nisbatan 100 rubllik kurs va uni Rossiya Markaziy bankining jonholatda barqarorlashtirishga bo‘lgan urinishlari bilan qarshi oldi. O‘tgan haftaning qizg‘in voqealari rublning qulashi bilan bog‘liq mini-inqirozni hal qilishda birdamlik yo‘qligi hamda Rossiya hokimiyati uchun xos bo‘lmagan qat’iyatsizlikni ko‘rsatib qo‘ydi.
Rublning sakrashlari
Rubl iyul oyi boshlaridan talvasaga tusha boshladi. Bevosita sabab sifatida tahlilchilar Yevgeniy Prigojinning amalga oshmagan isyonini ham sanashgan bo‘lsa-da, fundamental omillar ancha chuqurroqda. Butun iyul oyi mobaynida va avgust oyi boshlarida rubl arzonlashdi, garchi Markaziy bank 21 iyul kuni 2022 yil bahoridan buyon asosiy stavkani 8,5 foizgacha ko‘targan bo‘lsa ham. 9 avgust kuni Markaziy bank raisi o‘rinbosari Aleksey Zabotkin «Izvestiya» nashriga bergan intervyusida inflyatsion kutilmalar va korporativ chakana kreditlash miqdori oshib borishi fonida regulyator asosiy stavkani oshirishini ochiq aytgan edi. Biroq bu gaplar yetarli bo‘lmadi — 11 avgust, juma kuni savdolar yakunlanishiga dollar 99,43 rubl qiymatida to‘xtadi va 100 rubllik dovonni zabt etishga hozirlik ko‘ra boshladi.
Lekin bu voqea sodir bo‘lgunga qadar, 14 avgust kuni ertalab prezident yordamchisi Maksim Oreshkin TASSda e’lon qilingan maqolasi bilan rubl volatilligi haftasini ochib berdi. Ko‘p yillar davomida Rossiya Markaziy bankini qat’iy siyosati uchun tanqid qilib kelgan Oreshkin o‘z maqolasida kutilmaganda qarashlarini o‘zgartirib, siyosatni yanada qat’iylashtirishga chaqirgan. Kuchsiz rubl Rossiya uchun foydali emasligini tushuntirib, rubl qadrsizlanishi va inflatsiya tezlashuviga yumshoq pul-kredit siyosatini asosiy manba deb atadi va rubl qulashida MBni aybladi. Mohiyatan Oreshkin quyidagilarni ta’kidladi: rubl qulashida kamayib borayotgan daromadlarga qaramasdan budjet xarajatlarini oshirgan hukumat va Kreml emas, bazaviy stavkani juda tez pasaytirgan Markaziy bank aybdor.
Oreshkinning maqolasi naf berish o‘rniga rublning qulashini yanada tezlashtirgan. Oradan bir necha soat o‘tib MB seshanba kuni bazaviy stavka bo‘yicha navbatdan tashqari (bir oy avval) yig‘ilish o‘tkazishini e’lon qildi. Bu anonsdan so‘ng dollar kuni 95 rublgacha tushdi, biroq bazaviy stavka keskin (12 foizgacha) ko‘tarilganidan so‘ng yana 99 rublgacha ko‘tarildi. Shundan so‘ng MB kutilmagan qarorga keldi — bazaviy stavka oshirilishi to‘g‘risidagi press-relizdan bir necha soat o‘tgach, unga qo‘shimcha qilib, bazaviy stavkani ko‘tarish yana davom ettirilishini shama qildi.
Biroq bu ham kursni barqarorlashtira olmadi: bozor kapital harakatini cheklash bo‘yicha choralarni kutayotgan edi. Bozor ishtirokchilarining fikricha, rubl volatilligi sharoitida ko‘plab kompaniyalar o‘zining rubldagi qarzdorligini yopish uchun valuta tushumlarini sotishni ma’qul ko‘rmayotgandi, buning o‘rniga kurs qimmat bo‘lishini kutib, nisbatan arzon rublli kreditlar olishga harakat qilgan. Bu ham o‘z navbatida rublga bosimni oshirgan.
Bazaviy stavka oshirilishi to‘g‘risidagi xabarlar tarqatilishi asnosida Markaziy bank iyun oyi oxirlaridan boshlab rubl kursi qulashiga sabab xomashyo eksportidan daromadlar pasayishi fonida budjet xarajatlari oshib borayotgani sababchi, deya Oreshkin bilan bahsga ham kirishdi.
«Ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlaridan ham oshiqcha bo‘lgan ichki talabning oshib borishi barqaror inflyatsion bosimni kuchaytiradi va importga yuqori talab orqali rubl kursi dinamikasi ta’sir o‘tkazadi. Natijada rubl kuchsizlanishining narxlarga o‘tkazish effekti kuchayadi va inflyatsion kutilmalar ham oshadi», — deyilgan RF Markaziy banki bayonotida. MB hech qanday boshqa cheklovlar haqida e’lon bermadi.
Qo‘l boshqaruvi
Seshanba kuni hukumat kursni «qo‘l boshqaruvi» bilan tartibga solishga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risidagi ilk xabarlar paydo bo‘ldi. Bloomberg nashri Putin hukumatning iqtisodiy bloki bilan yig‘ilish o‘tkazishi va unda kapitalning harakatiga cheklovlar muhokama qilinishi to‘g‘risida xabar berdi.
Chorshanba kuni dastlabki tafsilotlar paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, hukumat hozircha valuta nazoratini qat’iylashtirmaslikka qaror qilgan — eksportchilar o‘z ixtiyori bilan, ma’lum bir me’yoriy majburlovlarsiz valuta tushumlarini sotishga rozi bo‘lishgan. Agar kompaniyalar, asosan o‘g‘it eksportchilari valutani «ixtiyoriy topshirishmasa» hukumat soliqlarni oshirib, tushumni majburiy topshirish me’yorlarini joriy etish bilan ularni ogohlantirdi.
Bu xabarlar bozorni tinchlantirdi. Dollar kursi 93 rublgacha tushib ketdi. Juma kuni savdolar yopilishidan avval 93,7 rubl chegarasida to‘xtadi (Dushanba kuni ushbu maqola yozilayotgan paytda Moskva birjasida dollar kursi 93,86 rubl atrofida edi — tah.).
Juma kuni kechqurun Bloomberg chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning ayrim tafsilotlarini e’lon qildi. Nashr manbalariga ko‘ra, Markaziy bank vakillari kapital harakatini nazorat qilishni qat’iylashtirishga keskin qarshi chiqishgan — bu vaqtda RF moliya vaziri Anton Siluanov eksportchilarni valuta tushumining 90 foizini MB kursida sotishga majburlash kerakligini talab qilib turib olgan.
Nima bo‘lganda ham kursni boshqarishning asosiy mexanizmi (bu Rossiya uchun nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ko‘rsatkich ham sanaladi) avvalgidek qo‘l boshqaruvi bo‘lib qoldi. Bundan tashqari, biz dollarning 100 rubldan yuqori kursiga hukumat toqat qila olmasligiga ham guvoh bo‘ldik. Yuqori bazaviy stavka va budjet xarajatlarining yil boshidagi keskin tezligidan so‘ng sekinlashtirilishi o‘z ishini qilishi mumkin — biroq bu ham hali aniq emas.
Urush tufayli oshib borayotgan budjet xarajatlarini qisqartirish hozir siyosiy jihatdan imkonsiz — ayniqsa Putinning qayta saylash kampaniyasi hisobga olinsa: Rossiyada navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024 yil martida bo‘lib o‘tadi.
Soliqlarni oshirish bilan o‘sib borayotgan importni qisqartirish ham murakkab bo‘ladi, «kulrang» va nooziq «parallel import»ning oshib borayotgan roli hisobga olinsa. Ehtimol Rossiyani tark etayotgan xorijiy kompaniyalar aktivlarni sotishni taqiqlash rublni quvvatlagan bo‘lardi — lekin bu shu savdolardan soliq oluvchi budjetga ham, narxi tushgan aktivlarni sotib oluvchi nufuzli xaridorlarga ham manfaatli emas.
Bazaviy stavkaning oshirilishi kredit ishtahasini pasaytirib, bir tomondan hukumatga budjet taqchilligini yopish uchun ichki bozorda qarz olishni qiyinlashtiradi, ikkinchi tomondan Rossiya iqtisodiyotini yana qayta retsessiya holatiga tushirib qo‘yishi ham mumkin. Davlat qarzi daromadliligi egri chizig‘iga asoslangan Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada retsessiya paydo bo‘lishi imkoniyatlari yarim yil ichida bazaviy stavka oshirilishi natijasida 6 ofizdan 21 foizgacha ko‘tarilgan.
Bazaviy stavkaning ikki xonali songacha keskin ko‘tarilishi avval ham ro‘y bergan. Masalan, 2014 yilda neft narxlari qulashi va 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirilganidan so‘ng. O‘shanda bu choralar siyosiy-iqtisodiy inqiroz va sarosimaga javoban qilingan edi. Hozir bunday sabablarning o‘zi yo‘q. Kurs mini-inqirozining asosiy sabablaridan biri — xorijliklar tark etgan bozorning past likvidligi va hokimiyatning urush oqibatlarini budjet xarajatlari uchun pul chop etish va arzon kreditlar berish bilan yopishga harakati bo‘lmoqda.
Muhim jihat: siyosiy jihatdan qizg‘in haftada hokimiyatning 2014 va 2022 yillarda bo‘lganidek birorta yakdil harakati ham ko‘zga tashlanmadi. Prezidentning rubl qulashida doimo birinchi aybdorlar hisoblanuvchi Markaziy bank va uning raisi Elvira Nabiulinaga an’anaviy ishonch bildirishi ham kuzatilmadi.
Endi nima bo‘ladi?
Hozircha dollar kursini 90 rubldan biroz yuqoriroq ushlab turish uchun qo‘l boshqaruvi va bazaviy stavka yetarli. Lekin bu qancha davom etishini hech kim aniq aytib berolmaydi. «Kim aybdor?» degan ochiqcha bahsga Putin aralashmayotgani tufayli barqarorlik hissi ham paydo bo‘lmayapti.
Bu holatda rubl qulashining asosiy sabablari hammaga tushunarli. Budjet xarajatlari, imtiyozli kreditlash, ishchi kuchi yetishmasligi, bozorning past likvidligi — bularning barchasining sababi urushda. Toki vaziyat o‘zgarmas ekan, bozor ishtirokchilari doimo beqarorlikka tayyor turishi kerak. Iste’molchilar esa buning uchun to‘lov qilishga.
Mavzuga oid
23:28 / 05.12.2024
Rossiya moliya vaziri rubl kursining qulashi sababini aytdi
11:17 / 29.11.2024
Rossiya rubli qadrsizlanmoqda: buning sabablari nimada?
21:50 / 27.11.2024
Rossiya banki rublning qulashi fonida 2024 yil oxiriga qadar valutalar xarididan voz kechdi
19:46 / 27.10.2023