O‘zbekiston | 15:38 / 10.09.2023
33010
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «gazzapravka»larda narxlar cheklanmoqda

Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi olti oyda kub metr uchun 3 250 so‘mdan oshib ketmasligi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston hukumati gaz tariflari oshirilganidan keyin avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida narxlar keskin ko‘tarilishini cheklash choralarini ko‘rmoqchi. Bu Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi hamda «O‘zneftgazinspeksiya»ga (Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi) avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalarining Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulangani va onlayn rejimda ma’lumotlar uzatilayotganini qat’iy nazorat qilib borish yuklatilgan.

Shuningdek, ular noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirishi kerak bo‘ladi.

«Tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi olti oyda kub metr uchun 3 250 so‘mdan oshib ketmasligi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilsin», deyilgan hujjat matnida.

Onlayn rejimda ma’lumotlar uzatmayotgan, chakana sotishda cheklangan narxning asossiz oshirilishiga, noqonuniy ulanishga, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj va noqonuniy iste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ygan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatiladi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 oktyabrdan yuridik shaxslar uchun bir kub gaz narxi 660 so‘mdan 1500 so‘mgacha oshirilmoqda (+840 so‘m). O‘z navbatida, loyihada aholi uchun tabiiy gaz (380 so‘m) va suyultirilgan gaz (1120 so‘m) tariflari amaldagi narxlarda o‘zgarishsiz qolishi ko‘zda tutilgan.
  • Ayni vaqtda «gazzapravka»larda gazning bir kubi o‘rtacha 2800 so‘mdan sotilmoqda (hududlar o‘rtasida narxlar turlicha farqlanadi).
  • Avgust oyida Toshkent shahrida va turli viloyatlarda haydovchilar ko‘plab gaz quyish shoxobchalari yopilgani haqida xabar berishgandi, natijada yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Energetika vazirligi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga kelishilgan hajmda gaz yetkazib berilganini ma’lum qilgan, shu bilan birga, talab o‘sganini tan olgandi.

Mavzuga oid