1 kWh elektr energiyasining tannarxi 800 so‘mdan oshiqqa tushmoqda - Mirzamahmudov
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, 1 kWh elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish tannarxi 800 so‘mdan oshadi. “Lekin tok aholiga 295 so‘m, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan sotilmoqda. Yetmagan qismi esa davlat budjetidan subsidiyalanib kelmoqda”, – dedi u.
11 sentabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida OAV vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda energetika tizimidagi muammolarning yechimi uchun zarur bo‘lgan islohot – sohada bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan fikrlar bildirildi.
“Import qilinadigan texnologik uskunalar yoki boshqa mahsulotlarning narxi oshib bormoqda. Lekin tariflar o‘zgarmagani natijasida 1 kWh elektr energiyaning tannarxi 800 so‘mdan yuqoriroq. Ammo, tok aholiga 295 so‘mdan, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan berilmoqda. Yetmagan qismi esa davlat budjeti hisobidan subsidiyalanib kelmoqda”, dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Energetika vazirining qo‘shimcha qilishicha, har qanday texnik uskuna ma’lum muddatdan keyin almashtirilishi kerak, ammo ayni paytda tariflar bozor narxlariga to‘g‘ri kelmasligi sababdan O‘zbekiston energetika tizimiga investorlar kirib kelmayapti.
“Har qanday uskuna 15 yilda kapital ta’mirlanadi, almashtiriladi. Juda bo‘lsa, 25 yil ishlatilish ko‘zda tutilgan. Lekin, bugungi kunda respublikadagi past kuchlanishli tarmoqlarning 37,6 foizidan 40 yildan ortiq muddatdan beri foydalanilmoqda. Bozor iqtisodiyotiga o‘tmoqchi bo‘lsak, tariflar ham liberallashtirilishi kerak. Yo‘qsa, bu sohaga investitsiya ham kelmaydi, modernizatsiya ham bo‘lmaydi, natijada o‘zimiz jabr ko‘ramiz”, deydi vazir.
Ma’lumot uchun, energetika tariflari so‘nggi 4 yildan buyon o‘zgarmay kelmoqda. Iqtisodchilarga ko‘ra, tarmoqdagi mavjud muammolarni sohada bozor mexanizmlarini joriy etmasdan turib to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Bu esa investorlarni jalb qilish uchun tarif islohotini taqozo qiladi.
Mavzuga oid
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
16:56 / 16.11.2024