O‘zbekiston | 23:26 / 19.09.2023
20386
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi majlisida qatnashmayotgan uch deputat nomidan ovoz berildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 19 sentabr kungi yalpi majlisida ishtirok etmayotgan uch nafar deputat nomidan ikki marta ovoz berilgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Majlis boshida spiker Nurdinjon Ismoilov majlisda ishtirok etuvchi sifatida 112 nafar deputat ro‘yxatdan o‘tgani, ulardan 103 nafari Qonunchilik palatasining Toshkentdagi binosida, 9 nafari esa masofadan – 3 nafari Qashqadaryo viloyati va 6 nafari Xorazm viloyatining Xazorasp tumanidan qatnashayotganini aytib o‘tdi.

Majlis kun tartibi ovozga qo‘yilganida, Xorazm viloyatidagi mas’ul shaxs u yerdagi 6 deputatning barchasi taklif etilgan kun tartibini yoqlab ovoz berganini aytdi.

Yalpi majlisda birinchi bo‘lib ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi – 13 ta qonun va 1 ta kodeksdagi qo‘mitalar va inspeksiyalarning nomlarini ma’muriy islohot paytida o‘zgargan nomlarga almashtirishga oid bo‘ldi. Xususan, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgan respublika ijro etuvchi hokimiyati organi ekani qonunlarda ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Qonun loyihasiga birinchi o‘qishdan keyingi ovoz berishda Xorazm viloyatidagi mas’ul yana u yerdagi 6 deputatning barchasi qonunni qabul qilishga rozi ekanini aytdi. Palata spikeri Nurdinjon Ismoilov esa studiyada “nimagadir oltita deputat ko‘rinmayotgani”ni aytdi. Shundan keyingi dialog quyidagicha kechdi:

— Hurmatli spiker, hozir uchtasi yetib kelyapti...

— Unaqa demanglar. Borini aytinglar. Yarimtaga kamaytiring unda. Unaqa bo‘lmaydi.

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishdan keyin ovozga qo‘yilganida Xorazm viloyatidan 3 nafar deputat loyihani yoqlab ovoz bergani qayd etildi.

Mavzuga oid