Jahon | 23:46 / 20.09.2023
9222
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston o‘z nomzodini BMT Xavfsizlik Kengashi muvaqqat a’zoligiga ilgari surdi 

Prezident Sadir Japarov Qirg‘iziston tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga tayyor ekanini ma’lum qildi. 

Foto: Akipress

Qirg‘iziston BMT Xavfsizlik Kengashining 2027-2028 yillardagi muvaqqat a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasining umumiy muhokamasida ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi chaqiriq va tahdidlarni hal etishda muvaffaqiyat qozonish uchun samarali xalqaro xavfsizlik tizimini barpo etish zarur. 

«Ushbu mexanizmning asosiy elementi BMT Xavfsizlik Kengashidir. Bugun har qachongidan ham dolzarbroq bo‘lib, ushbu organni yanada adolatli va vakolatli qilish, qarorlar qabul qilishda konsensusga erishish qobiliyatini oshirish uchun uning faoliyati samaradorligini oshirish zarur», dedi Sadir Japarov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston tinchlik va xavfsizlikni, inson huquqlarini hurmat qilishni va tinchlik jarayonlarida ayollarning teng ishtirokini ta’minlashga, rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini ilgari surish va himoya qilishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor. 

Sadir Japarov davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ishonch, hamjihatlik, universallik kabi tamoyillarga amal qilish zarurligini ta’kidladi. 

BMT Xavfsizlik Kengashi 15 ta a’zo davlatdan iborat: 5 ta doimiy va 10 ta muvaqqat. Doimiy a’zolar: Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSh va Fransiya, ular «veto huquqiga» ega. 

Muvaqqat a’zolar har yili 5 tadan ikki yil muddatga saylanadi. 2022-2023 yillarda Albaniya, Braziliya, Gana, Gabon va Birlashgan Arab Amirliklari Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi bo‘ldi. 

2023-2024 yillarda Malta, Mozambik, Shveytsariya, Ekvador va Yaponiya, 2024-2025 yillarda esa Jazoir, Gayana, Slovakiya, Siyerra-Leone va Janubiy Koreya muvaqqat a’zolikka saylangan. 

Mavzuga oid