Jahon | 21:51 / 02.11.2023
15433
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlandi

Ikki kunlik tashrifdan so‘ng Emmanuel Makron vataniga jo‘nab ketdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekistonga rasmiy tashrifini yakunladi. Samarqand aeroportida martabali mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbarlari samimiy xayrlashdi.

Emmanuel Makronning Samarqand shahriga ikki kunlik tashrifi doirasida bir qator ikki tomonlama tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

1 noyabr kuni davlat rahbarlari Registon maydonida samimiy muloqot qilib, tungi Samarqand bo‘ylab sayr qildilar, «Boqiy shahar» majmuasini borib ko‘rdilar.

2 noyabr kuni tor va kengaytirilgan tarkibda oliy darajali muloqotlar bo‘lib o‘tdi, ular yakunida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar. Qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.

Davlat rahbarlari Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari vakillari ishtirokidagi qo‘shma biznes forumi ochilishida ishtirok etdilar.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kunning ikkinchi yarmida prezidentlar Samarqanddagi Kongress markazida birgalikda daraxt ekdilar, O‘zbekistonning madaniy merosi ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Fransuz alyansining Samarqanddagi filiali ochilishida ishtirok etdilar.

Fransiya delegatsiyasi Samarqandning tarixiy-me’moriy durdonalari bilan tanishdi. Davlat rahbarlari Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyini borib ko‘rdi. Mehmonlar muzeyda Mirzo Ulug‘bek davriga oid ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, prezidentlar Amir Temur maqbarasiga borishdi. Oliy martabali mehmonga buyuk Sohibqironning hayoti, harbiy mahorati, bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlab berildi.

Davlat rahbarlari Registon majmuasida ham bo‘ldi. Mehmonlarga ajdodlarimizning me’morchilik an’analari, peshtoqlardagi naqshlar va ma’nolar haqida so‘zlab berildi.

So‘ng prezidentlar Shohi Zindaga bordi. Mehmonlar majmua darvozasi va maqbaralar tarixi bilan tanishdi. Samarqand obidalari mehmonlarda katta taassurot qoldirgani aytildi.

Mavzuga oid