2-toifali o‘qituvchining o‘rtacha oyligi ma’lum qilindi
IMV departament direktori Adham Eshchanov matbuot anjumanida berilgan savolga javoban hozir to‘liq stavkada ishlab, 2 mln so‘m oylik olayotgan o‘qituvchi yo‘qligi, to‘liq stavkadagi 2-toifali o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi 3 mln 700 ming so‘m ekanini aytdi.
1 noyabr kungi matbuot anjumanida “Maktablarda haligacha 2 mln so‘m oylik olib ishlayotgan o‘qituvchilar bor, ularning oylik daromadini oshirish bo‘yicha qandaydir o‘zgarishlar tayyorlanyaptimi?” degan savol bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiylariga murojaat qilindi.
Vazirlikning Ijtimoiy sohalar iqtisodiyoti va moliyasi departamenti direktori Adham Eshchanovning aytishicha, ayni paytda to‘liq bir stavkada ishlaydigan 2-toifali (son jihatdan eng ko‘p) o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi ham 3 mln 700 ming so‘mni tashkil etadi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, keyingi yil avgust oyidan bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilarning oyligi oliy ma’lumotli o‘qituvchilarning oyligiga tenglashtiriladi.
“O‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining oyligini oshirish dolzarb mavzu bo‘lib turibdi. 2017 yildan keyin o‘qituvchilarning oyligi navbatdan tashqari 2018 va 2019 yillarda ikki bosqichda 1,5 barobarga oshirildi. Bugungi kunda 2-toifali (ular son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etadi) o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi 3 mln 700 ming so‘mni tashkil etadi.
Tibbiyot xodimlarida faoliyati murakkabligidan kelib chiqib oylik belgilanadi. Xususan, ayni paytda eng oddiy umumiy amaliyot shifokorining o‘rtacha maoshi 4 mln 900 ming so‘mni tashkil etadi. Aytilayotgan 2 mln so‘m xodimning stavkasidan kelib chiqib belgilangan bo‘lishi mumkin, masalan, o‘qituvchi yarim stavkada ishlayotgan bo‘lsa. Lekin 1 stavka ishlayotgan o‘qituvchi ham, shifokor ham 2 mln so‘m oylik olmayapti.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oyliklar maktab va tibbiyot sohalarinikidan orqada qolgan. Shuni hisobga olib, keyingi yil avgustdan oliy ma’lumotli tarbiyachilarning oyligini oliy ma’lumotli o‘qituvchilarning oyligiga tenglashtirish nazarda tutilgan. Bu bo‘yicha tegishli prezident farmoni ham qabul qilingan”, – dedi Adham Eshchanov.
O‘qituvchi va shifokorlarning o‘rtacha oylik ish haqi qancha?
Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 4,4 million so‘mni tashkil etadi. Sohalar kesimida eng kam oylik ta’lim sohasida – 3 mln 43 ming so‘m, sog‘liqni saqlash sohasida esa 2 mln 917 ming so‘m qayd etilgan.
Ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbati yildan yilga pasayyapti:
- 2021 yilda – 74,9 foiz;
- 2022 yilda – 69,7 foiz;
- 2023 yilda – 69 foiz.
Shunday holatni tibbiyotda ham kuzatish mumkin. Tibbiyot sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbati quyidagicha pasaymoqda:
- 2021 yilda – 70,1 foiz;
- 2022 yilda – 67,3 foiz;
- 2023 yilda – 66,2 foiz.
Yuqoridagi statistik ma’lumotlardan ta’lim va tibbiyot sohasi vakillari yildan yilga boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib borayotganini kuzatish mumkin.
O‘zbekistonda oxirgi marta 2023 yilning 1 mayida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshirilgandi. Ayni paytda o‘qituvchilarning lavozimi va malaka darajasidan kelib chiqib olayotgan bazaviy maoshlari miqdori quyidagicha:
- o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 575 ming 884 so‘m;
- oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchi – 2 mln 755 ming 648 so‘m;
- ikkinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 85 ming 100 so‘m;
- birinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 437 ming 741 so‘m;
- oliy toifali o‘qituvchi – 3 mln 798 ming 941 so‘m.
Mavzuga oid
16:06 / 11.12.2024
Forishda 64 yoshli erkak o‘qituvchi voyaga yetmagan o‘quvchi qizga shilqimlik qildi
16:40 / 25.11.2024
“42 km yugurish unga cho‘t emas” – 54 yoshida marafon chempioni bo‘lgan yangibozorlik o‘qituvchi
09:30 / 22.11.2024
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
19:44 / 18.11.2024