Ishonch yorlig‘i. Nega JSTga kirish kerak?
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lsa, umumiy qabul qilingan qoidalar bo‘yicha tashqi savdo siyosatini olib borishga o‘tadi, xalqaro hamjamiyat oldidagi hisobdorligi ortadi. Bu esa mamlakatda sun’iy ravishda ushlab turilgan monopoliyalarning barham topishiga zamin yaratadi.
Joriy yil 16 noyabr kuni Jyeneva shahrida O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga kabul kilish bo‘yicha ishchi guruhining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv chog‘ida jarayonni tezlashtirish masalasi bo‘yicha muzokaralar olib borilishi rejalashtirilgan.
Xo‘sh, JSTga qo‘shilish nima uchun muhim va qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?
Birinchidan, bu – ishonch. Tashkilotga a’zo davlatga investorlar kirib kelishi oshadi, chunki sarmoyadorlarda O‘zbekiston istalgan paytda “o‘yin qoidalari”ni o‘zgartirib, o‘ziga moslashtira olmaydi, degan qarash paydo bo‘ladi. Ya’ni a’zo bo‘lishdan oldin 164 ta davlat va JST oldida aniq majburiyatlarni qabul qilish kerak. Investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishi yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, o‘rta muddatli istiqbolda esa tashkilotga a’zolik inflatsiya pasayishiga ham zamin yaratadi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston tomonining ham investor sifatida boshqa bozorlarga kirishi ancha osonlashadi, chunki o‘rtada o‘zaro shartnomalar paydo bo‘ladi. Mahsulot eksport qilish uchun yangi bozorlar ochiladi. Ma’lumki, O‘zbekiston dengizdan ancha uzoqda joylashgan va eksport amalga oshirish uchun bir nechta davlatlar chegaralarini bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. JSTga qo‘shilish chetga tovar eksport qilish uchun chegaralarni kesib o‘tishni osonlashtiradi.
Uchinchidan, ichki bozordagi raqobatbardoshlik kuchayadi. JSTning asosiy tamoyili – erkin, ochiq va shaffof raqobat hisoblanadi. Agar O‘zbekiston tashkilotga a’zo sifatida qabul qilinsa, bosqichma-bosqich bo‘lsa-da proteksionizmdan voz kechishi kerak. Bu birinchi navbatda, bojxona tariflari kamayishi hisobiga iste’molchilarga arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi. Xomashyo narxi pasayishi hisobiga mahalliy mahsulotlar narxi ham arzonlashadi va xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi ortadi. Chetdan olib kirilayotgan xomashyo narxi qancha arzon bo‘lsa, mamlakat ichida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot narxi ham shuncha past bo‘ladi. Raqobatbardoshlik oshadi. Bu dastlabki davrda milliy ishlab chiqarishga salbiy ta’sir o‘tkazsa-da, uzoq muddatli istiqbolda raqobat muhitini vujudga keltirishda ijobiy omil hisoblanadi.
Xususan, mamlakat ichidagi ayrim monopol kompaniyalarning ichki bozordagi ustun mavqeyiga chek qo‘yiladi. Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi natijasida import uchun bojxona tariflarining qisqarishi, shuningdek O‘zbekistonda qo‘shimcha avtoulov ishlab chiqarish korxonalarining tashkil etilishi avtomobil bozoridagi taklif hajmini oshiradi. Bu esa, ichki bozordagi narxlarning pasayishiga sabab bo‘ladi. Xususan, muayyan xarakteristikaga ega avtomobillarni olib kirishda hozir 30 yoki 40 foizlik boj bo‘ladigan bo‘lsa, JSTga a’zo davlatlar O‘zbekiston oldiga ushbu ko‘rsatkichni 5 yoki 10 foizgacha pasaytirish majburiyatini qo‘yishi mumkin.
To‘rtinchidan, byurokratiya kamayadi. Xalqaro savdo munosabatlarida bojlar savdo aloqalari to‘silishiga qanchalik muammo deb qaralsa, notarif to‘siqlarga ham shunday ko‘riladi.
Notarif to‘siqlar bu – turli xil sertifikatlar, standartlar, karantin qoidalari, qaror va farmonlar orqali o‘zaro savdoga xalaqit beruvchi, raqobatni buzuvchi sun’iy joriy qilingan vositalar. Bu ham import mahsulotlari narxining oshishiga, savdo erkinligiga xalal beradi.
Umumun olganda, JSTga kirish O‘zbekiston tashqi savdosini qay darajada erkinlashtirishi olib borilayotgan muzokara jarayonlariga bog‘liq. Chunki ko‘p mamlakatlar JSTga kirayotganida preferensiyalar va ba’zi istisno holatlarni saqlab qolishga, o‘zining ichki ishlab chiqaruvchilarini nisbatan uzoqroq vaqt davomida himoya qilib turishga harakat qiladi. Shu jihatdan, qisqa muddatli davrda tashkilotga qo‘shilishimiz tashqi savdoni keskin darajada erkinlashtirib yubormasligi mumkin. Ammo tashkilot qoidalari mamlakat miqyosida hammaga birdaniga himoya chorasini qo‘llashga ruxsat bermaydi. Bu muayyan cheklangan sohalarda qisqa muddatga beriladi xolos.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
16:24 / 02.12.2024
O‘zbekiston JST a’zoligi bo‘yicha Filippin bilan muzokaralarni yakunladi
16:57 / 29.11.2024
O‘zbekiston Xitoy bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi
17:11 / 26.11.2024
"JST bu – adolatli savdo tizimi" - Jamshid Qo‘chqorov
22:12 / 22.11.2024