AQSh va Xitoy munosabatlaridagi iliqlik. Kimga nima kerak?
XXR raisi Si Jinping va AQSh prezidenti Jo Bayden San-Fransisko yaqinida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki davlat harbiylari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanallarini tiklashga kelishib oldi. Bu aloqa Vakillar palatasi spikerining Tayvanga tashrifidan keyin xitoyliklar tomonidan yopilgandi.
Harbiylar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa tiklanishi bo‘yicha kelishuv haqida Bayden va Sining uchrashuvidan keyin Xitoy davlat telekanali CCTV xabar bergan.
«Armiyalarimiz o‘rtasidagi aloqa liniyalarini ochiq saqlash - muhim, chunki bu inqiroz yoki mojaroga olib kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchilik va xatolarning oldini oladi», - deya bayonot bergan bu borada Pentagon matbuot xizmati.
Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanallarini Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi o‘tgan yil avgustida kutilmaganda Tayvanga tashrif buyurganidan keyin yopib qo‘yilgandi.
Bu harakat Pekinni shu qadar g‘azablantirgandiki, Tayvan atrofida orolni bosib olish imitatsiyasi bo‘lgan keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgandi.
Shu bilan birga, Oq uyning yuqori martabali mulozimi anonimlik sharti bilan jurnalistlarga ma’lum qilishicha, janob Si Baydenni Xitoy Tayvanga bostirib kirishga tayyorlanmayotgani va tinch birlashuvni afzal ko‘rishiga ishontirgan — ammo darhol XXR qanday sharoitlarda kuch qo‘llashi mumkinligi haqida ham ogohlantirgan.
Prezident Bayden uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aloqa liniyalari nafaqat AQSh va Xitoy harbiylari o‘rtasida, balki boshqa darajalarda ham, xususan, ikki yetakchilar o‘rtasida ham doimo ochiq turishini bildirdi.
«Biz istalgan vaqtda bir-birimizga qo‘ng‘iroq qilishimiz va bir-birimizni eshita olishimiz imkonli bo‘lishiga kelishib oldik», — degan Bayden.
Si Jinpinga qanchalik ishonishi haqidagi savolga Bayden «ishon, ammo tekshir» degan maqol bilan javob qaytargan, keyin esa ular Barak Obama va Hu Jingtao davrida vitse-prezidentlar ekanida juda ko‘p uchrashishgani hamda Sini «dangal va ochiq» suhbatdosh sifatida bilishini aytgan.
Si Jinping Bayden bilan uchrashuvdan keyin, Amerikaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan kechki ovqat mahalida Xitoy AQShning hamkori va do‘sti bo‘lishga tayyorligi, shuning uchun Qo‘shma Shtatlar Xitoyni tahdid sifatida ko‘rmasligi kerakligi va butun dunyo AQSh va XXR dushmanlik qilishini emas, balki hamkorlik qilishini istashini ta’kidlagan.
Shu bilan birgalikda, jahon agentliklari tarqatgan xabarga ko‘ra, Si yana bir bor AQSh Xitoyning ichki ishlariga aralashmasligi zarurligini qayd etgan.
Si shuningdek, amerikaliklar va xitoyliklar o‘rtasida turli darajadagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha AQSh prezidenti bilan erishilgan kelishuvni muhim deb hisoblashini bildirgan.
Umumiy iliqlashuv
Xitoy davlat nashrlariga kshchra, harbiy aloqalar bo‘yicha kelishuvdan tashqari, Bayden va Si sun’iy intellekt sohasida va giyohvandlik moddalar savdosiga qarshi kurashda hamkorlik qiladigan ishchi guruhlar tuzishga kelishib olgan.
Ikkinchisi haqida uchrashuvdan oldin Amerika matbuotida yozilgandi: AQSh Xitoy fentanil uchun tarkibiy qismlarni yetkazib berish zanjirini fosh qilishda yordam berishini istaydi.
Bundan tashqari, Pekin Bayden va Si tashqi siyosat va yuk tashish xavfsizligi bo‘yicha «muloqot mexanizmlari»ni yaratish, shuningdek, aviareyslarni ko‘paytirish, ikki davlat o‘rtasida talabalar almashinuvi, ta’lim, madaniyat, sport va biznes sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga kelishib olgan.
Rais Siga nima kerak?
Xitoy rahbari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida ishtirok etish uchun AQShga uchib kelgan.
Si Jinping bilan uchrashuv avvalida Bayden Xitoy va AQSh o‘rtasida kelishmovchiliklar borligi, ammo doimo muloqotni davom ettirish zarurligini aytdi.
«Biz hamisha ham inoq bo‘lmaganmiz, bu ajablanarl emas, ammo bizning uchrashuvlarimiz doimo, ochiq, to‘g‘ri va foydali bo‘lgan, — degan Bayden xitoylik hamkasbi bilan uchrashuvida. — Men muloqotimizni qadrlayman, chunki menimcha, siz va men bir-birimizni rahbar sifatida, hech qanday yanglishishsiz va tushunmovchiliklarsiz aniq tushunishimiz juda muhim».
«Biz raqobat ziddiyatga aylanib ketmasligini ta’minlashimiz, shuningdek, bu raqobatni mas’uliyat bilan boshqarishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Bayden.
Bunga javoban Si Jinping «mojaro va qarama-qarshilik ikki tomon uchun ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan oqibatlarga ega bo‘lishi»ni aytgan.
«Xitoy va AQShdek ikki ulkan davlat bir-biridan yuz o‘gira olmaydi. Bu ikki davlat ham muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun Yer yuzida joy yetarli», — degan xitoyliklar yetakchisi.
BBC muxbirlari uchrashuv oldidan ikki davlat muxbirlari muzokaralar davomida nimaga erishishga harakat qilishlarini tushuntirib bergandi.
Besh yil muqaddam, prezident Donald Tramp Mar-o-Lagodagi qarorgohida xitoylik mehmonni qabul qilganida, Xitoy jadal rivojlanayotgan, uning iqtisodiyoti eng optimistik prognozlardagidan ham tezroq o‘sayotgan, ishsizlik darajasi esa ko‘p yillar ichida eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgandi.
Ammo o‘shandayoq «Xitoy orzusi»da sezilmas yoriqlar paydo bo‘la boshlagandi va vaqt o‘tgan sayin ularni yashirishning imkoni bo‘lmay qoladi. Agar yaqin vaqtgacha amerikaliklar Xitoy tez orada ularni ortda qoldirib, dunyoning birinchi iqtisodiyotiga aylanib olishidan chindan xavfsiragan bo‘lsa, endilikda ko‘plab tahlilchilar bu qachondir ro‘y berishiga ham shubha bilan qaramoqda.
Bularning barchasi Si Jinpingning muzokaralardagi pozitsiyasini sezilarli darajada zaiflashtirdi, ammo Kaliforniyada APEC sammiti maydonida o‘tgan bu muzokaralarga qiziqish har qachongidan yuqori edi.
BBC’ning Xitoydagi muxbiri Stiven Makdonell uchrashuv oldidan so‘nggi 12 oy XXR raisi uchun siyosiy jihatdan mutlaqo muvaffaqiyatsiz kechgani va agar Bayden bilan uchrashuv Vashington-Pekin munosabatlari qandaydir normallashganini ko‘rsatsa, bu Si Jinpingni to‘la qanoatlantirishini aytgandi.
Xitoy rahbari hamon hokimiyat jilovini o‘z qo‘lida qattiq ushlab turibdi, biroq u ham bosimni his qilmoqda va unga xalqning qo‘llab-quvvatlovi kerak.
Muhokama uchun mavzular juda ko‘p, xususan, Janubiy Xitoy dengizida kemachilik erkinligi (Xitoy uni amalda o‘zining ichki ko‘li deb biladi), Vashingtonning Tayvan hukumatini qo‘llashi va Xitoyga muayyan texnologiyalar yetkazib berilishiga o‘rnatilgan taqiqlar eng noziklari edi.
Ammo Si uchun asosiysi — uchrashuvdan keyin o‘z mamlakati aholisi ko‘z o‘ngida kuchli davlat arbobi sifatida namoyon bo‘lishda davom etishdir.
Shu yil o‘zi tayinlagan ikki yuqori martabali amaldor — mudofaa vaziri va tashqi ishlar vazirini hech qanday tushuntirishsiz ishdan olishga to‘g‘ri kelganidan keyin uning imiji ancha zarar ko‘rgandi.
Keyin yadro arsenaliga mas’ul bo‘lgan generallarni tozalash ishi bo‘lib o‘tdi, bu ham ko‘plab savollar tug‘dirdi va ko‘pchilikda salbiy taassurot uyg‘otdi — partiya hukumatining yuqori eshelonida barchasi joyida emasligi to‘g‘risida.
Qo‘shimchasiga, to‘xtatib bo‘lmaydigandek ko‘ringan Xitoy iqtisodiyoti mashinasi birdan sekinlasha boshladi, yoshlar orasida ishsizlik darajasi esa rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi, texnologiya sektorini ishdan bo‘shatishlar to‘lqini qamrab oldi va turar joylar inqirozi avj oldi.
Shunday ekan, Si Jinpingga hech bo‘lmaganda boshqa bir qudratli mamlakat bilan yaxshi munosabatlar ko‘rinishini tiklash va undan ham yaxshirog‘i Amerika bilan savdo hajmini oshirish zarar qilmaydi.
Uchrashuvdan prezident Bayden nima kutayotgandi?
Barcha tahlilchilar, istisnosiz, hozirgi vaziyatda Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yaxshilanishiga umid qilish real emas, degan fikrga qo‘shiladi. Ammo, asosiysi, ular yomonlashmaydi ham.
Shunday ekan, BBC ning Shimoliy Amerika bo‘limi muharriri Sara Smit bu uchrashuvdan shov-shuvli bayonotlar yoki yirik kelishuvlar kutish noo‘rin ekani, ammo shunga qaramay, u juda muhimligi haqida yozadi.
Katta ehtimol bilan prezident Bayden Xitoy o‘zining Eronga oshib borayotgan ta’siridan foydalangan holda Tehronni Yaqin Sharqda keng ko‘lamli mintaqaviy urush keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan mulohazasiz harakatlardan qaytarishini xohlaydi.
Bayden Xitoyni Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan va qurol hamda o‘q-doriga katta ehtiyoj sezayotgan Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatishdan ham qaytarishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin.
Ammo, tabiiyki, eng munozarali masala Tayvan edi.
Vakillar palatasining o‘sha vaqtdagi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifidan keyin Pekin Vashington bilan harbiy aloqalarni to‘xtatgan, keyin esa Amerika razvedkasi Xitoy o‘z yadro salohiyatini oshirayotgani haqida xabar bergandi.
Agar amerikaliklar prezidenti xitoylik hamkasbini umumiy darajadagi aloqalarni tiklashga ishontirgan bo‘lsa, bu keskinlikni kamaytirishga yordam beradi va kelajakda noxush hodisalar ro‘y berishining oldini oladi.
Va, albatta, iqtisod, savdo (jumladan, ayrim yarimo‘tkazgichlarning Xitoyga eksport qilinishini taqiqlash) va hatto giyohvandlik moddalar (AQSh tom ma’noda mamlakatni qamrab olgan xitoy fentanili oqimidan qattiq xavotirda) masalalari ham muhokamasiz qolmaydi.
Qolaversa, Jo Bayden unga xalqaro keskinlik o‘choqlarini o‘chirishga yordam berib kelgan tashqi siyosat sohasidagi ko‘p yillik tajribasi unga bu safar ham yordam berishini isbotlamoqchi.
Mavzuga oid
20:16
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
17:40
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
23:11 / 21.12.2024