Jahon | 15:29 / 23.11.2023
6038
4 daqiqa o‘qiladi

UQK Zaporijjya o‘qqa tutilishiga javoban Rossiya harbiylariga zarba berdi

Egallab olingan Donbassda Rossiya Raketa kuchlari kuni nishonlanayotgan madaniyat markaziga uyushtirilgan zarba natijasida 25 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, 100 ga yaqin inson jarohatlandi. Qurbonlar orasida aktrisa Polina Menshix ham bor. 

Foto: Diego Herrera Carcedo/Anadolu Agency via picture alliance

Ukraina va Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, 19 noyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Donetsk viloyatining Rossiya tomonidan egallab olingan Kumachovo qishlog‘idagi Madaniyat uyiga u yerda rossiyalik harbiy xizmatchilar uchun konsert bo‘layotgan vaqtda hujum qilgan. 22 noyabr, chorshanba kuni Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning 810-dengiz piyoda askarlari brigadasiga hujum qilinganini tasdiqladi, biroq hujum sanasi va joyini aniqlashtirmadi. «Ushbu zarba vaqtida okkupantlar Rossiya artilleriyachilari kuni deb ataladigan bayramni nishonlash uchun yig‘ilgan bo‘lgan. Ukraina mudofaa kuchlari tezda bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joyni aniqladi va rossiyaliklarni iliq kutib oldi!» - deyiladi Ukraina Qurolli kuchlari Strategik qo‘mondonligining Telegram-kanalida. 22 noyabr oqshomida Ukraina Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi ijtimoiy tarmoqlarda nutq chog‘ida odam to‘la zalga hujum sodir etilgani taxmin qilinayotgan videoni e’lon qildi

Ukraina matbuot ma’lumotlariga ko‘ra, 19 noyabr kuni Rossiya Raketa qo‘shinlari kunida berilgan zarba natijasida 25 ga yaqin rossiyalik halok bo‘lgan, yana 100 ga yaqin kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar orasida portlash vaqtida sahnaga chiqqan aktrisa va rejissyor Polina Menshix ham bor. «Sizlarga katta qayg‘u bilan ma’lum qilamizki, «So‘nggi sinov» («Lege Artis») versiyalaridan birining rejissyori sifatida tanilgan Polina Menshix kecha Donbassdagi spektaklda o‘qqa tutilishi natijasida vafot etdi», - deyiladi Menshix musiqiy asarlardan birini sahnalashtirgan «Portal» teatr-studiyasi xabarida. Rossiya Tergov qo‘mitasi aktrisaning o‘limi yuzasidan tergov boshlashini ma’lum qildi. 

Rossiyaning Zaporijjyadagi UQK harbiylariga hujumi uchun qasos 

Ukraina Qurolli kuchlari 59-brigadasining «Madyar qushlari» aerorazvedka bo‘linmasi qo‘mondoni Robert Brovdi 19 noyabr kuni Rossiyaning 810-dengiz piyoda askarlari brigadasiga qilingan hujum haqida Facebook’da ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, bayram tadbiri doirasida rossiyalik harbiy xizmatchilarga medallar topshirilgan. Brovdining ta’kidlashicha, hujum ikki hafta oldin 128-alohida Karpatorti tog‘li hujumkor brigadasining o‘qqa tutilishi va 19 nafar ukrainalik askarning o‘limi uchun qasos bo‘lgan.

«Yigitlarimiz uchun. Karpatorti alohida tog‘li hujumkor brigadasi uchun. Nekrologlarni diqqat bilan kuzatib boring, ayniqsa, bosib olingan Qrimdagi pabliklarda. Va Burdenko nomidagi bosh kasalxona bo‘yicha», - deb yozadi Brovdi.

Zaporijjya viloyatiga «Iskander» hujumi 

Ukraina harbiylariga ko‘ra, 3 noyabr kuni Rossiya Qurolli kuchlari Zaporijjya viloyatidagi frontga yaqin qishloqda 128-brigada shaxsiy tarkibiga «Iskandar-M» raketasidan zarba bergan. Ukrainadagi taqdirlash marosimida 19 nafar askarning Rossiya raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lganini 128-Karpatorti alohida tog‘li hujumkor brigadasi vakillari tasdiqladi. 

128-brigada komandiri Dmitriy Lisyuk Raketa qo‘shinlari va artilleriya kunidagi tadbirga kechikib kelgan, bu uning hayotini saqlab qoldi. U voqea joyiga hodisa sodir bo‘lganidan 2 daqiqa o‘tib yetib kelgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fojianing oldini olish mumkin bo‘lganini aytdi. Prezident hozirda tergov harakatlari olib borilayotganini, bu fojia qanday sodir bo‘lgani va kimning aybi bilan yuz bergani bo‘yicha jamiyat va askarlarning yaqinlari haqqoniy javob olishi kerakligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid