Ogoh bo‘ling: Firibgarlar rasmiy shaxslarning tasvirlari orqali dipfeyk tarqatmoqda
Shu kunlarda internetda prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Abdulla Aripovning nutq so‘zlayotgani aks etgan videolarning sun’iy intellekt orqali o‘zgartirilgan dipfeyk variantlari tarqatilmoqda. Kiberxavfsizlik markazi aholini firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslikka chaqirdi.
Bu videolarda go‘yoki rahbarlar tilidan O‘zbekiston aholisiga murojaat qilib, ularga firibgarlar tomonidan o‘g‘rilangan pullar kompensatsiya qilib berilishi bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani, aldanib qolgan odamlar yuristlarning maslahatiga amal qilishi kerakligi aytilgan.
Videolarda aytilgan “yuristlarning maslahati” aslida tuzoq bo‘lib, videoga ilova qilingan yo‘l-yo‘riqlarni bajargan odamlar bank kartalaridagi pullaridan ayriladi.
Bu – fuqarolarning kartalaridagi pullarini o‘g‘irlovchi firibgarlar o‘ylab topgan yangi usul. Endilikda ular sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda, shaxsning ovozini o‘xshatib, uning ishtirokidagi videoni mukammal yolg‘on – dipfeyk shaklga o‘tkazmoqda.
Har ikki videoda ham rus tilidan foydalanilgani – sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida hali o‘zbek tilida mukammal dipfeyklar yaratish imkoni yo‘qligi bilan bog‘liq.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi ham aholini bunday zamonaviy turdagi firibgarlik tuzog‘idan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Avvalroq Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov ham firibgarlarning bunday dipfeyklar nishoniga aylangan edi.
Ayni kunlarda, shuningdek, rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning qayta ishlangan yolg‘on videosi ham tarqatilmoqda.
- Eslatma: Bank kartalaridan pul o‘g‘irlanishi deyarli barcha holatlarda telefonga kelgan SMS'dagi yashirin kodning begonalarga berilishi oqibatida sodir bo‘ladi.
Umuman, internet kengliklarida mashhur shaxslarning sun’iy intellekt texnologiyalari orqali yasalgan feyk videolari so‘nggi vaqtlarda keskin ko‘paygan. Xususan, AQShda 2024 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan amaldagi prezident Jo Bayden, prezidentlikka sobiq nomzod Hillari Klinton va boshqa yuqori martabali shaxslarning yangidan yangi dipfeyk videolari tarqatilmoqda.
Mavzuga oid
08:58 / 12.12.2024
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng: “Halal Auto Leasing” firibgarlik sxemasiga nisbatan tergov boshlandi
22:25 / 20.10.2024
Firibgarlar Telegram orqali fotosurat ko‘rinishida virus yubormoqda
15:12 / 20.10.2024
O‘zini bank xodimi deb tanishtirib, fuqaroning pullarini o‘zlashtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
08:10 / 17.10.2024