Isroil Ben Gurion kanali loyihasiga qaytishi mumkinmi?
Isroilning G‘azoda HAMASni yo‘q qilish haqidagi va’dalaridan keyin, Ben Gurion kanali loyihasiga qiziqish tiklanayotgani haqida gap-so‘zlar ko‘paymoqda. O‘rta yer dengizini Aqaba ko‘rfazi va Qizil dengiz bilan bog‘laydigan kanal loyihasi Suvaysh kanaliga raqobatchi sifatida taqdim qilinadi.
Tel-Aviv bu kanalni Suvaysh kanaliga qarshi tijoriy rol o‘ynashdan tashqari, ko‘p qirrali loyihaga aylantirishni rejalashtirgan. U suv yo‘li atrofida kichik shaharchalar, mehmonxonalar, restoranlar va tungi klublar qurishni maqsad qilgan. Bir necha ekspertlar fikricha, Isroilning G‘azo sektoridan HAMASni yo‘q qilish istagi ortidagi sabablardan biri – Ben Gurion kanali loyihasini qurishga bo‘lgan qiziqishdir.
Ben Gurion kim?
David Ben-Gurion (1886-1973) – Isroilning asoschisi sifatida tanilgan polshalik taniqli sionist lider. U sionistik jangarilarga falastinliklarni o‘z yerlarida ommaviy portlatishga buyruq bergan va butun dunyodan yahudiy muhojirlarning Falastinga kirib kelishiga yordam bergan shafqatsiz odam sifatida tasvirlangan. U 1948 yilda Isroilning birinchi bosh vaziri lavozimida ishlagan.
Ben Gurion kanali qanday loyiha?
Ben Gurion kanali loyihasi 1960 yillarda Isroil tomonidan Qizil dengizni Aqaba ko‘rfazining janubi orqali O‘rta yer dengizi bilan bog‘lash loyihasi edi.
Marshrut Eylat port shahri va Iordaniya chegarasi orqali, Arava vodiysi orqali Negev (Naqab) tog‘lari va Iordaniya tog‘lari o‘rtasida taxminan 100 kilometr masofada va O‘lik dengiz havzasi oldidan g‘arbga burilib, vodiydan o‘tishi rejalashtirilgan edi. Keyin u G‘azo sektorini aylanib o‘tishi va O‘rta yer dengiziga ulanish uchun yana shimolga yo‘l oladi.
Isroil davlatining asoschisi Devid Ben-Gurion nomi bilan atalgan loyiha 1960-yillarning oxirida ishlab chiqilgan bo‘lib, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi asosiy yuk tashish yo‘li bo‘lgan Suvaysh kanaliga muqobil yo‘nalish yaratishga intildi.
Isroilni Ben Gurion kanalini qurishdan nima to‘xtatgan?
Ben Gurion kanalining taxminiy qiymati 100 milliard dollarni tashkil etadi, bu – Suvaysh kanalini kengaytirish va uning transport muammosini hal qilish uchun kerak bo‘lgan xarajatlardan ancha ko‘p.
AQShning 1960-yillardagi o‘rganishlariga ko‘ra, taxminiy reja – “Negev cho‘li bo‘ylab O‘lik dengiz kanalini qazish” uchun 520 ta yadro bombasidan foydalanishni nazarda tutgan. Unda har bir mil uchun 2 megatonli to‘rtta qurilma kerak bo‘lishi taxmin qilingan, bu “520 ta yadro” yoki 1,04 gigaton portlovchi moddalar deb hisoblangan. Bunday yuqori qazish xarajati uchun yadroviy qazish varianti taklif qilindi. Biroq yadroviy halokat xavfi bu maqsadning amalga oshmayotganining asosiy sabablaridan biridir.
Geografik cheklovlar: Ben Gurion kanalining rejalashtirilgan marshruti Suvaysh kanalidan 100 km dan ortiqroqdir, bu birinchi navbatda relef va topografiyaning cheklangani bilan bog‘liq. Agar qurilgan bo‘lsa ham, ko‘plab kemalar eskiroq, qisqaroq marshrutni afzal ko‘rishlari mumkin.
Harbiy tahdid: Har kuni milliardlab dollarlik yuklarni tashuvchi Ben Gurion kanali HAMAS raketalari yoki Isroil hujumlari tufayli doimiy harbiy tahdid ostida qoladi. Ya’ni mintaqaviy xavfsizlik jihatidan bu loyiha hanuz amalga oshmayapti.
G‘azoning Isroil nazoratiga o‘tishi kanalni harbiy tahdidlardan ozod qilishi mumkin
Yaqinda urush tufayli ommaviy axborot vositalarida Ben Gurion kanali loyihasi eslana boshlandi. Chunki kanal loyihasining yakuniy nuqtasi – O‘rta Yer dengiziga chiqish qismi G‘azo sektori ichiga yoki yaqiniga (Ashkelon) to‘g‘ri keladi.
Isroil qamal ostidagi sektorga hujum boshlaganidan beri, Falastin Markaziy statistika yuyurosi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 400 ming falastinlik G‘azo sektorining shimolidan janubiga ko‘chirilgan. Isroilning sektorni qayta ishg‘ol qilishini ayrim tahlilchilar eski loyihani jonlantirish uchun yangi imkoniyat deb talqin qilmoqdalar.
Agar amalga oshirilsa, Ben Gurion kanali tektonik o‘zgarishlarga olib keladi, chunki u Suvaysh kanaliga soya soladi. Loyiha Isroilni jahon yuk tashish va jahon savdo markaziga aylantiradi. Misr esa Afrika, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa yo‘lda monopoliyasini yo‘qotib, iqtisodiyotiga katta zarbani qabul qiladi.
Bu kanal g‘oyasi ba’zilar uchun utopik sionistik orzu bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin Isroil davlatining o‘zi ham avvalboshda sionistik bir orzu edi.
Sabina Latipova
Mavzuga oid
12:00
Isroilning yangi mudofaa vaziri: «Hizbulloh» mag‘lub etib bo‘lindi
13:13 / 09.11.2024
Misr O‘zbekistonda charm mahsulotlari ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024