Yaman husiychilari kimlar va ular nega savdo kemalariga hujum qilmoqda?
Yamanning katta qismini nazorat qiluvchi isyonchi husiychilar Qizil dengiz orqali Isroil tomonga suzuvchi har qanday kemaga hujumlarni davom ettirishidan ogohlantirgan.
Noyabr oyida husiychilar Qizil dengizda Isroilga tegishli yuk kemasini egallab olgandi. So‘nggi ikki oy mobaynida ular raketa va dronlar yordamida boshqa bir qancha tijoriy kemalarga ham hujumlar uyushtirdi.
Husiychilar Isroil obektlariga qanday hujum qilmoqda?
19 oktyabr kuni, Isroilning G‘azoda javob amaliyoti boshlanganidan ko‘p o‘tmay, isyonchilar Isroil tomonga bir qancha raketalar va uchuvchisiz uchish qurilmalari yubordi.
AQSh o‘z harbiy kemalari Qizil dengiz ustida bu obektlarning ayrimlarini to‘xtatgani haqida ma’lum qilgan. Qolgan qismi Qizil dengizga yoki Misr hududiga qulagan.
2023 yil noyabrida husiychilar Qizil dengizda isroilliklar yuk kemasini egallagani va uni Yaman sohillariga olib ketishgani haqida xabar berdi.
Isroil o‘shanda kema ularniki emasligi va ekipaj safida birorta isroillik yo‘qligini ma’lum qilgan, ammo tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, kemaga Isroil fuqarosi egalik qilishi mumkin.
3 dekabrdan boshlab husiychilar Qizil dengizda Yamanning o‘z nazoratidagi qismidan uchirilgan dronlar va ballistik raketalar orqali bir qancha tijorat kemalariga hujumlar uyushtirdi.
Amerika, Britaniya va Fransiya harbiy kemalari ularning katta qismini to‘xtatgan, ammo baribir bir necha kema shikastlangan.
Dunyodagi eng yirik kemachilik kompaniyasi bo‘lmish Mediterranean Shipping Company o‘z kemalarini Qizil dengizni aylanib o‘tishga yo‘naltirgani haqida malum qilgan. Fransiyaning CMA CGM, Daniyaning Maersk, Germaniyaning Hapag-Lloyd kompaniyalari hamda BP neft kompaniyasi ham shunday qarorga kelgan.
AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarini boshqaruvchi Centcom harbiy idorasi shunday bayonot bergan: «Bu hujumlar Yamandagi husiychilar tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham, ular to‘lig‘icha Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda».
AQSh savdo kemalarini husiychilarning kelgusidagi hujumlaridan muhofaza qilish uchun harbiy-dengiz operativ guruhini tashkil etishni taklif qilgan. Qo‘shma Shtatlar husiychilarni terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
Husiychilar kimlar va ular nimaga erishmoqchi?
Husiychilar — Yamandagi qurollangan guruh bo‘lib, mamlakatdagi shia ozchiligi — zaydilardan iborat.
Guruh 1990-yillarda o‘sha vaqtdagi prezident Ali Abdulla Solihning korrupsion rejimiga qarshi kurashish uchun yaratilgan.
Ular o‘z nomini harakat asoschisi Husayn al-Husiydan olishgan. Ular shuningdek o‘zlarini «Ansar Alloh» yoki «Alloh partizanlari» deb ham atashadi.
AQSh 2003 yilda Iroqqa bostirib kirganida husiychilar shunday shiorni qabul qilishgan: «Alloh buyuk. AQShga o‘lim. Isroilga o‘lim. Yahudiylarga la’nat va islomga g‘alaba».
Ular o‘z harakatini HAMAS va «Hizbulloh» bilan birgalikda Isroil, AQSh va butun g‘arbga qarshi Eron boshchiligidagi «qarshilik o‘qi»ning bir qismi sifatida ko‘rishadi.
Bu husiychilar isroilliklarning Qizil dengizdagi kemalariga hujumlarini izohlaydi, deydi Yevropa tinchlik institutining Yaman bo‘yicha eksperti Hishom al-Umaysiy.
«Endi ular chindan ham imperialistlarga qarshi, islom millatlari dushmanlariga qarshi kurashmoqda, — deydi u. — Bu ularning qalbida aks-sado berdi».
Husiychilar Yamanning katta qismini qanday egallab olishgan?
Husiychilar 2014 yil boshida prezident Ali Abdulla Solihdan keyingi davlat rahbari Abdrabbo Mansur Hodiyga qarshi ko‘tarilgan isyondan keyin Yamanda katta siyosiy kuchga aylana boshladi.
Sobiq dushmani Solih bilan kelishuvga erishgach, ular uni yana hokimiyatga qaytarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Husiychilar Yaman shimolidagi Sa’d provinsiyasi ustidan nazorat o‘rnatishdi, 2015 yil boshida esa mamlakat poytaxti Sanoni egallab, prezident Hodiyni xorijga qochib ketishga majbur qilishdi.
Qo‘shni Saudiya Arabistoni prezident Hodiyni hokimiyatga qaytarishga urinib, harbiy intervensiya amalga oshirdi. O‘shanda buni Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn qo‘llab-quvvatladi.
Ammo husiychilar ularning hujumlarini qaytardi va Yamanning katta qismini nazorat qilishda davom etishdi.
2017 yilda Ali Abdulla Solih saudiyaliklar tomoniga o‘tishga uringanida husiychilar tomonidan tutib olinib o‘ldirildi.
Husiychilarni kimlar qo‘llab-quvvatlaydi?
Husiychilar Livanning «Hizbulloh» shialar guruhidan namuna olgan.
Amerikaning «Terrorizm bilan kurash markazi» tadqiqot institutiga ko‘ra, «Hizbulloh» 2014 yildan husiychilarga jangchilarni tayyorlashda yordam bera boshlagan va o‘zidagi boy harbiy tajribani ular bilan bo‘lishgan.
Husiychilar Eronni ham o‘zining asosiy ittifoqchisi deb biladi, chunki Saudiya Arabistoni — ularning umumiy dushmani.
Tehron husiychilarga qurol-yarog‘ yetkazib berishda gumon qilinadi.
AQSh va Saudiya Arabistoni husiychilar 2017 yilda Ar-Riyodni o‘qqa tutishda foydalangan ballistik raketalar Eron tomonidan yetkazib berilganini iddao qiladi. O‘shanda raketalarni urib tushirishga muvaffaq bo‘lingandi.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Eronni husiychilar 2019 yilda saudlarning neft obektlariga hujum qilishda qo‘llagan qanotli raketalar va dronlarni ham yetkazib berishda ayblagan.
Husiychilar Saudiya Arabistoni bo‘ylab, shuningdek BAAdagi nishonlarga son-sanoqsiz miqdorda o‘rta masofaga harakatlanuvchi raketalar uchirishgan.
Bunday qurollar yetkazib berish BMTning bunday faoliyatga nisbatan embargosiga ziddir. Eron husiychilarga qurol yetkazib berishini rad etadi.
Husiychilar qanchalik qudratga ega va Yamanning qancha hududini nazorat qiladi?
Mamlakatning rasmiy hukumati — Prezident boshqaruv kengashi hisoblanadi, prezident Abdrabbo Mansur Hodiy 2022 yil aprelida o‘z vakolatlarini ushbu kengashga o‘tkazgan. Kengash qarorgohi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda joylashgan.
Ammo Yaman aholisining aksar qismi husiychilar nazorat qilayotgan hududlarda istiqomat qiladi. Isyonchilar mamlakat janubiy qismida soliq yig‘adi, shuningdek o‘z pulini zarb etadi.
BMT Xavfsizlik kengashi husiychilar harakati bo‘yicha ekspert Ahmad al-Bahriyga tayanib ma’lumot berishicha, 2010 yil holatiga husiychilarning tarafdorlari soni 100 000 mingdan 120 000 minggacha bo‘lib, ularning bir qismini qurollangan otryadlar tashkil etardi.
BMT 2020 yilda yamanlik isyonchilar tomonidan yollangan bolalardan 1500 nafarga yaqini harbiy harakatlar chog‘ida halok bo‘lganini ma’lum qilgan, 2021 yilda ham bunday qurbonlar soni yuzlab bo‘lgan.
Husiychilar Qizil dengiz sohilining katta qismini nazorat qiladi va shu yerdan turib dengizdagi kemalarga hujumlar uyushtiradi.
Al-Umaysiyga ko‘ra, bunday hujumlar uyushtira olish imkoniyati ular uchun Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarda asosiy kuzir bo‘ladi.
«Saudiyaliklarga Qizil dengizdagi Bob-el-Mandab bo‘g‘ozini yopib qo‘yishga qodirligini ko‘rsatish orqali husiychilar yon berishni talab qilgan holda bosim o‘tkazmoqda», — deya qayd etgan u.
Mavzuga oid
13:17
Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonning IT sohasiga investitsiya jalb etilishi mumkin
16:58 / 25.12.2024
Eronda WhatsApp va Google Play blokdan chiqariladi
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
20:58 / 24.12.2024