O‘zbekiston | 16:50 / 26.12.2023
54555
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi avtomobillarni sotish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi

Unga ko‘ra, UzAuto Motors ichki bozordagi talabni qondira olmagan vaqtda, barcha iste’molchilarga teng imkoniyat yaratish maqsadida 12 oy ichida 2 tadan ko‘p avtomobil uchun shartnoma olgan xaridor bilan keyingi 12 oy davomida aynan shu modellar bo‘yicha shartnoma tuzmaslik huquqiga ega bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasida yangi avtomototransport vositalarini chakana sotish tartibini yanada takomillashtirish hamda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori (25.12.2023, №683) qabul qilindi.

Qaror bilan, O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari quyidagi mazmundagi 119–1-band bilan to‘ldirildi:

«119–1. Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasini tuzishda barcha iste’molchilarga teng imkoniyatlarni yaratadi.

Agar bozorda ustun mavqega ega sotuvchida o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransport vositasini sotishda ichki bozordagi talabni qondirish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda, bir shaxs bilan 12 oy davomida avtomototransport uchun ikkitadan ortiq shartnoma tuzilganda, sotuvchi keyingi 12 oy mobaynida ushbu mahsulot uchun qayta shartnoma tuzishdan bosh tortish huquqiga ega».

Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatida yengil avtomobillar sotish bo‘yicha UzAuto Motors ustun mavqega ega ekani belgilangan.

Shundan kelib chiqib, bu band amalda UzAuto Motors 12 oy ichida bitta rusumdagi xaridorgir avtomobil uchun 2 ta shartnoma olgan mijozlar bilan keyingi 12 oy davomida xuddi shu rusumdagi avtomobil uchun shartnoma tuzmaslik huquqiga ega bo‘lishini anglatadi.

Avvalroq UzAuto Motors agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, har bir keyingi avtomobil «navbatning oxiriga o‘tishi» hamda avtomobillarni yetkazib berish muddati 120 kunga oshishini eslatib o‘tgandi.

Mavzuga oid