O‘zbekiston | 21:23 / 04.01.2024
76071
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri yana o‘zgardi

So‘nggi bir yil davomida sog‘liqni saqlash vazirligini boshqargan Amrillo Inoyatov lavozimini tark etgan.

Prezident Administratsiyasi xodimi Asilbek Xudayarovga sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarib turish vazifasi yuklatildi.

Asilbek Xudayarov. Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu haqdagi qaror Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida «tanqidiy ruhda» o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilingan.

SSV matbuot xizmati bu o‘zgarish yuzasidan rasman xabar berdi.

«Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Asilbek Anvarovich Xudayarov zimmasiga yuklatildi», deyiladi xabarida.

Asilbek Xudayarov prezident administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimini ham saqlab qoladi.

Asilbek Xudayarov muqaddam sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Keyingi yillarda prezident administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi rahbari sifatida ishlagan, 2023 yil oktyabrida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligini 2022 yil dekabridan buyon boshqarib kelgan Amrillo Inoyatovning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q. U shu kunlarda mehnat ta’tiliga chiqqandi.

Amrillo Inoyatov. Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ma’lumot uchun, sog‘liqni saqlash vazirligida 2016 yildan buyon oltinchi bor rahbar o‘zgarmoqda. Vazirlikni 2012 yildan boshqargan Anvar Alimov 2016 yil dekabrida ishdan ketgan, uning o‘rniga qaytarilgan Adham Ikromov (u 2009 yil aprelidan 2012 yil avgustiga qadar ham vazir bo‘lgan) bir necha oy ishlagan, 2017 yil fevralida Alisher Shodmonov vazirlikning yangi rahbariga aylangandi.

Tizim koronavirus pandemiyasi davrining asosiy qismini Shodmonov bilan o‘tkazadi, ammo u 2020 yil noyabr oyida ishdan olinadi, uning o‘rniga esa Abduhakim Hojiboyev tayinlanadi. Hojiboyev lavozimda bir yil ishlaydi va 2021 yil noyabrida o‘z o‘rnini Behzod Musayevga bo‘shatib beradi. 2022 yil oxiridagi ma’muriy islohotlar doirasida Musayev kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga o‘tkaziladi, SSVda vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Amrillo Inoyatov esa uning o‘rnini egallagandi.

Mavzuga oid