Saudiya–Turkiya munosabatlari: geosiyosiy chizgilar
Dekabr oyi oxirida “Galatasaroy” va “Fenerbahche” klublari o‘rtasida Ar-Riyodda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Turkiya superkubogi o‘yini bekor qilingan edi. Bunga turk klublarining Mustafo Kamol Otaturk aks etgan libosda to‘p surishiga va o‘yinda G‘azodagi urushni qoralovchi banner ko‘tarilishiga saudlarning rozilik bermagani sabab bo‘ldi.
Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Shavkat Ikromov va Kamoliddin Rabbimovdan Turkiya va Saudiya Arabistoni munosabatlari qanday shakllangani haqida so‘radi.
— Bir necha kun avval Turkiyaning ikki klubi o‘rtasidagi futbol uchrashuvi bekor bo‘lishiga siyosiy sabab ko‘rsatildi. Saudiya Arabistoni nima uchun Otaturkka va G‘azoni qo‘llovchi bannerlarga nisbatan toqatsizlik qildi?
Shavkat Ikromov: — Aslini olganda, Saudiya tomonidan bu singari taqiqlar ancha avval kiritilgan. Buni futbol musobaqasi yoki Turkiya va Saudiya munosabatlari bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Saudiyaning 7 oktyabrdan beri o‘tkazilayotgan tadbirlariga qaraydigan bo‘lsak, moda haftaligi, Qizil dengiz kino festivali, xalqaro biznes forum kabilar – hammasi yil boshida qanday rejalangan bo‘lsa, shunday o‘tdi, faqat bu tadbirlarga bitta qo‘shimcha cheklov kiritildi: HAMAS harakatini qo‘llovchi shior-belgilar bo‘lmasligi kerak. Haj va Umra ibodatlari, masjidlarda Falastin masalasini ko‘tarish ham mumkin emasdi.
Bu yerda Turkiya va Saudiya munosabatlariga emas, Saudiya va HAMAS munosabatlariga e’tibor qaratish kerak. HAMASdek nisbatan kichik guruh Saudiyadek katta davlatning ko‘pgina loyihalarini, yutuqlarini yo‘qqa chiqaryapti. Masalan, mintaqaviy xavfsizlik katta so‘roq ostida, Saudiya esa ko‘p yillardan beri mintaqaviy xavfsizlik uchun harakat qilayotgan, Isroil va Eron bilan aloqalarni barqarorlashtirish yo‘lidan borayotgan edi. Turizm sohasida katta loyihalari bor edi. Bularning barchasi hozircha xavf ostiga tushib turibdi, shuning uchun Saudiya hukumati HAMASga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lmoqda. Aytganimdek, bu masalani Turkiya va Saudiya munosabatlari doirasida muhokama qilish kerak emas.
Kamoliddin Rabbimov: — Bu yerda baribir siyosiy elementlar mavjud, menimcha. Bu konfliktda asosiy bir nechta yondashuv (kontekst) mavjud, deb o‘ylayman. Birinchisi, tarixiy kontekst, ya’ni Saudiylar sulolasi ikki marta hokimiyatga kelishida Usmonli turklar bilan kurashgan va ularning bosimi ostida bo‘lgan.
Ikkinchisi, geosiyosiy kontekst. Mintaqada 3 ta yirik musulmon davlati bor: Turkiya, Saudiya va Eron, ular dunyoga o‘z geosiyosiy mafkurasini taqdim etadi. Bu borada Eronning imkoniyatlari cheklangan, asosiy omil ularning shia ekani, chunki musulmon dunyosida 88-90 foiz odam sunniylikda. Hozir Saudiya va Turkiya yarashishga harakat qilyapti. Arab bahoridan keyin arab davlatlari Qatarni blokada qilganida Turkiya Qatarni saqlab qoldi, harbiy bazasini ham joylashtirdi. Istanbuldagi Saudiya konsulxonasida Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi fonida Saudiya va Turkiya munosabatlari haddan tashqari salbiylashdi.
Otaturk ramziga nisbatan munosabat Saudiyada ijobiy emas. Keyingi yillarda Saudiya sport borasida o‘zining super qudratini ko‘rsatishga urinyapti. Deylik, Italiya yoki Ispaniya klublari o‘zlarining siyosiy arbobi ramzini ko‘tarib chiqqanda, indamas edi Saudiya, ammo yuqorida aytilgan tarixiy va siyosiy kontekstlar sabab Turkiya klublariga ruxsat bermadi.
Lekin bir narsaga e’tibor berish kerak. Turkiya va Saudiya OAVlari bu voqelikni ko‘p ham shov-shuv qilmayapti, chunki munosabatlar normal bo‘lishi ikki tomonning ham manfaati.
— Tarixiy jarayonda ikki davlat munosabatlari raqobatmi yoki ziddiyatmi?
Shavkat Ikromov: — Turkiya va Saudiya tarixan raqobatchidek ko‘rinadi. Bu ikki davlat o‘rtasida konfliktlar bayonot va diplomatik ritorikalarda bo‘lgan faqat. Mutaxassislar ham Turkiya va Saudiya hech qachon to‘g‘ridan to‘g‘ri nizoga bormasligini aytadi.
Ikki davlat musulmonlari ham sunniylar, ammo Turkiyada hanafiylik, Saudiyada ko‘proq vahobiylik, hanbaliylik ta’limoti. Saudiya Musulmon birodarlar kabi harakatlarni taqiqlagan, Turkiyada esa Erdo‘g‘anning ideologik yaqinligi sabab bu harakat qo‘llanadi.
Saudiyaliklar tarixda biz turklarga islom dinini olib bordik, keyingi taraqqiyot din bilan bog‘liq bo‘ldi, deydi. Turkiyaliklar esa bu kabi gaplarni tan olmaydi va arablar madaniy jihatdan taraqqiy etmaganini ta’kidlaydi. Usmonlilar arablar ustidan ham hukmronlik qilgan o‘z vaqtida, respublika tashkil topgandan keyin esa bunday imperiya siyosatidan voz kechildi. Saudiya esa o‘zini butun dunyo musulmonlariga yetakchi sifatida ko‘rsatishga harakat qildi.
70-80-yillarda Saudiya va Turkiya munosabatlari juda yaqin bo‘lgan, ko‘proq iqtisodiy tomondan bu. Ammo “Arab bahori” voqealaridan keyin munosabatlar keskinlashdi. “Arab bahori” davrida Turkiya ko‘proq mahalliy muxolif guruhlarni qo‘llagan bo‘lsa, Saudiya amaldagi hukumatlarni qo‘lladi. Ziddiyatlarning eng yuqori nuqtasi 2017 yilda Qatar Saudiya, BAA, Misr, Bahrayn tomonidan blokada qilinishi fonida bo‘ldi, Turkiya Qatarga yordam berdi. Turkiyaga nisbatan e’lon qilinmagan sanksiyalar ham bo‘ldi.
2022 yilga kelib munosabatlar ancha yaxshilandi. Erdo‘g‘an Saudiyaga bordi, Saudiya shahzodasi ham Turkiyada bo‘ldi. Umuman olganda, bu ikki davlat bir-biriga har tomonlama kerak, xavfsizlik, iqtisodiy, siyosiy tomonlama.
— Ikki davlatning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha geosiyosiy vektorlari qanday?
Kamoliddin Rabbimov: — Yaqin Sharqdagi pozitsiyada tafovut bo‘lgan doim. Turkiya demokratik davlat, uning hokimiyati tepasiga qanchalik avtoritar shaxs kelmasin, baribir demokratiyani saqlaydi. Shuning uchun bu demokratik struktura hokimiyat tepasiga kelgan shaxsning tafakkurini yo‘naltiradi. Erdo‘g‘an uning ortida Turkiyaning kamida yarim aholisi turganini biladi, shuning uchun NATO a’zoligi, yaqin o‘tmishda AQShga yaqin ittifoqchi bo‘lganiga qaramasdan, mustaqil geosiyosiy o‘yinchi sifatida ko‘riladi. Erdo‘g‘an yangi geosiyosiy o‘yinchi sifatida tarixda qoladi, u o‘ta ziddiyatli geosiyosiy o‘yin modelini yaratdi va buni boshqa davlatlar ham o‘zlashtiryapti, jumladan, Saudiya.
Saudiya mutlaqo boshqa siyosiy tuzum, demokratiya haqida gap bo‘lishi mumkin emas u yerda. Saudiyaning mintaqadagi xavfsizligini ta’minlab kelgan AQSh edi, ammo bugungi kunda AQSh bilan ma’lum bir ziddiyatlar kuchli, aloqalarni uzgani yo‘q, ammo Saudiya vektorlarini ko‘paytirib (geosiyosiy taqsimlanish), Xitoy va Rossiya bilan ham munosabatlarga kirishyapti.
Saudiya ijtimoiy tafakkurida Islom omili yuqori bo‘lsa ham, ichki siyosat shar’iy olib borilsa ham, demokratiya bo‘lmagani uchun hokimiyat va xalq o‘rtasida kuchli ziddiyat mavjud. Chunki avtoritar va monarxiya davlatlarda xalq ko‘chaga chiqqanida xalqning xatti-harakati, fikrlashi qanday bo‘lishini hech kim modellashtira olmaydi. Lekin Turkiyada, aksincha. Masalan, 2016 yilda harbiylar Erdo‘g‘anni ag‘darmoqchi bo‘ldi, ammo Erdo‘g‘an oddiy telefonida Twitter va Facebook orqali xalqqa murojaat qildi, shunda xalq ko‘chaga chiqib, Erdo‘g‘anni himoya qildi va uning hokimiyatini saqlab qoldi. Ya’ni Saudiya va Turkiyaning geosiyosiy maydondagi pozitsiyasida xalqqa tayanish darajasi keskin farq qiladi.
Lekin bu ikki davlatni birlashtiradigan nuqtalar ham bor. Xususan, ikki davlat ham AQShdan masofa saqlab boryapti, Rossiya bilan ma’lum bir manfaatlar yo‘lida ittifoqchilik qilyapti.
Falastin masalasida Saudiya jamiyati to‘la Falastin tomonida, ammo hokimiyat bunga izn berolmaydi, chunki yillar davomida yig‘ilib qolgan norozilik Falastin masalasi bilan yuzaga chiqib ketishi mumkin. 300 millionlik arab ko‘chasida Erdo‘g‘anning reytingi yuqori. Sababi demokratik tizim, Falastinni ochiq qo‘llashni bildirish kabilar. O‘z navbatida, Turkiya ham G‘arb va Isroil bilan iqtisodiy bog‘langan.
Shavkat Ikromov: — Saudiya Musulmon birodarlar tashkiloti bilan qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, HAMAS bilan ham shunday munosabatda, chunki HAMAS Musulmon birodarlar tashkilotining bir qanoti sifatida tashkil etilgan edi. Urush boshida Saudiya rasmiylari: “HAMASning harakatlari Falastin xalqining harakatlarini ifodalamaydi, biz ko‘p yillardan beri diplomatik yo‘lda tinchlikka harakat qildik, ammo HAMAS bularni barbod qildi”, degan bayonot bergan edi. Saudiya G‘azo aholisi uchun tinchlik, barqarorlik bo‘lishini istaydi, urush boshlanganida bu masalada Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda yig‘ilishini ham chaqirdi.
Turkiyaning vaziyat bo‘yicha harakatlari ko‘proq bayonotlar shakliga ega. To‘g‘ri, humanitar yordamlar yuborildi, Isroilni jinoyatchi davlat sifatida e’tirof etdi. Ya’ni HAMASni qo‘llash yoki Isroilga qarshi turish bo‘yicha amaliy harakatlar yo‘q. Solishtiriladigan bo‘lsak, Eron HAMASni qo‘llayotgani ma’lum, Qatar ham qo‘llamoqda, garchi faqat humanitar yordam deb e’tirof etsa-da.
— Turkiya va Saudiya Arabistonining Markaziy Osiyoda manfaatlari qay nuqtada kesishadi?
Kamoliddin Rabbimov: — Markaziy Osiyoda bu ikki davlatning manfaatlar to‘qnashuvi hozircha kuzatilayotgani yo‘q. Turkiya va Saudiyaning bizning mintaqadagi ishtiroki ikki xil. Bilamizki, Turkiya mintaqada juda faol, bunga Eron kabi davlatlar havas ham qiladi, misol qilib solishtirib ko‘rsatishadi. Saudiya, umuman, boshqa arab davlatlarining ham Markaziy Osiyodagi faol ishtiroki kuzatilgani yo‘q.
Saudiya nihoyatda boy, uning investitsiya kiritish potensiali juda katta. 2016 yilga qadar O‘zbekistonning Saudiya va Turkiya bilan munosabatlari juda tushib ketgan edi, ancha sovuq edi. Ikkinchi ma’muriyat davrida esa Turkiya bilan munosabatlarda yangi bir sahifa ochildi, umuman mintaqa bilan shunday bo‘ldi. Yaqinda bir tojikistonlik mutaxassis aytdiki: O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari so‘nggi 100 yil ichida bu qadar yaxshi bo‘lmagan. Hatto sobiq ittifoq tarkibida paytida ham raqobat kuchli bo‘lgan, degan fikrlarni aytdi.
Saudiya neft narxi tushib ketgan holatda ham kuniga 1 mlrd dollardan ortiq daromad oladi. Bugungidek yaxshi narx bo‘lib turganda esa kunlik daromad 2 mlrd dollardan oshadi. Saudiya YaIMning 80 foizidan ko‘pini neft qoplaydi. Lekin Saudiya qo‘shimcha sektorlar yaratishga harakat qilmoqda. O‘zbekiston Saudiya sarmoyalarini o‘ziga yo‘naltirishga harakat qiladi. Bu borada Qozog‘iston bilan ma’lum bir raqobat muhiti ham mavjud. Umuman, Turkiya va Saudiyaning mintaqadagi faollik darajasini oladigan bo‘lsak, Turkiya ikki barobar faolroq deyish mumkin.
— Arab davlatlari uchun turkiy davlatlar yaqinligi, geosiyosiy birlashuvi kabi masalalar qanchalik muhim?
Shavkat Ikromov: — Saudiya tashqi siyosat olib borishda 3 halqa mavjud deb qaraydi: Ko‘rfaz arab davlatlari, boshqa arab davlatlari va boshqa musulmon davlatlari. 90-yillar boshida Saudiyaning possovet hududidagi musulmon davlatlarini musulmon dunyosiga qaytarish bo‘yicha dasturlari bor edi, harakat qilib ko‘rdi. Ammo 90-yillar oxirida Saudiya tushundiki, bu hududlarda Turkiyaning etnik ta’sir omilini arablarning diniy omili yenga olmaydi. Uzoq yillar sovet ittifoqi tarkibida dindan uzoqlashtirish siyosati ostida yashagan xalqlarni diniy motivlar bilan jalb qilish qiyin edi. Markaziy Osiyo davlatlari ham Saudiyadan faqat investitsiya kutgan edi, diniy ideologiya targ‘ibini emas.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyalashuviga harakat fonida Ko‘rfaz arab davlatlari bilan uchrashuvlar ham bo‘ldi. Ya’ni arab davlatlari ham Markaziy Osiyoni yaxlit bir integratsiyalashgan mintaqa sifatida ko‘rishni istaydi, chunki bu kiritilayotgan investitsiya xavfsizligi uchun muhim.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:07
Saudiya Arabistonidagi ko‘zgusimon megashaharni robotlar quradi
17:38
Turkiyada portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda portlash sodir bo‘ldi
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
00:45 / 23.12.2024